Линклар

Шошилинч хабар
16 октябр 2021, Тошкент вақти: 16:38

BMT Bosh kotibi: Afg‘onistonga yordam berish zarur, aks holda buning jabrini butun dunyo tortadi


BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish jahon hamjamiyatini Afg‘onistonga hoziroq yordam ko‘rsatishga chaqirdi, aks holda, uning fikricha, “dunyo katta tovon to‘laydi”.

“Katta yigirmatalik”ning Afg‘onistondagi vaziyatga bag‘ishlangan favqulodda sammiti arafasida OAV vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Antoniu Guterrish dunyo hamjamiyatini afg‘on iqtisodiyoti inqirozi oldini olishga chorladi. Sammit kecha, 12 - oktabr kuni videokonferensiya formatida bo‘lib o‘tdi.

“Agar afg‘onlarga bo‘ronli davrdan o‘tib olishda ko‘maklashmasak va bu ishni eng qisqa fursatda qilmasak, nafaqat ular, balki butun dunyo katta tovon to‘lashiga to‘g‘ri keladi”, urg‘uladi BMT rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, agar Afg‘onistonda oziq-ovqat, ish o‘rinlari bo‘lmasa, inson huquqlariga rioya qilinmasa, jahon ahli tobora ko‘proq afg‘onlarning tuzukroq yashash ilinjida vatanlarini tashlab ketishiga guvoh bo‘ladi.

“Shuningdek, katta ehtimol bilan, giyohvand moddalar oqimi ortadi, jinoyatchi va terrorchilar tarmoqlari ko‘payadi. Va bu nafaqat Afg‘onistonning o‘ziga, balki mintaqa va qolgan mamlakatlarga ham salbiy ta’sir etadi”, dedi o‘z nutqida Antoniu Guterrish.

Siyosatchining aytishicha, Afg‘onistonda gumanitar inqiroz etilmoqda – u hozir kamida 18 mln kishini, ya’ni mamlakat aholisining taqriban yarmini qamrab olgan. “Biz mablag‘ yetishmasligiga, logistika muammolar va murakkab geosiyosiy vaziyatga qaramay ushbu mamlakatdagi keng ko‘lamli gumanitar amaliyotni davom ettiramiz”, deb ta’kidladi BMT Bosh kotibi.

Siyosatchiga ko‘ra, BMT sentabr oyining o‘zida 3.8 mln nafardan ziyod afg‘onlar uchun insonparvarlik yordami yetkazib berilishini ta’minlagan, 450 ming kishi shoshilinch tibbiy yordam olgan, qurg‘oqchilikdan aziyat chekkan 186 ming kishi suv bilan ta’minlangan.

Insonparvarlik yordamlari har kuni odamlar hayotini saqlab qolmoqda, biroq Afg‘oniston iqtisodiyoti vayron bo‘lsa, u ham foyda bermasligi mumkin.

BMT Bosh kotibi jahon hamjamiyatini afg‘on iqtisodiyoti inqirozga yuz tutmasligi uchun uni likvidlik bilan to‘ldirishga chaqirdi. Guterrish ta’kidlashicha, mamlakatga naqd pul olib kirish zarur.

“Aktivlar muzlatilgan, xalqaro donorlarning Afg‘oniston rivoji uchun yordam ko‘rsatishi to‘xtab qolgan ayni paytda iqtisodiyot jarga qarab ketmoqda. Banklar yopilmoqda, ko‘p joylarda zarur xizmatlar, jumladan, sog‘liqni saqlash xizmatlari to‘xtab qolgan. Biz iqtisodiyotni jonlantirish choralarini topmog‘imiz kerak”, dedi BMT Bosh kotibi va “bu ishni xalqaro qonun va prinsiplarni buzmasdan qilish mumkin”ligini qo‘shimcha qildi.

Antoniu Guterrishga ko‘ra, BMT o‘z xodimlarining xavfsizligini ta’minlash va ularni himoya qilish, shuningdek, gumanitar yordam hamda BMT missiyasi xodimalarining barcha, shu jumladan, ayollar bilan to‘siqsiz muomala qilishini ta’minlash masalalarida toliblar bilan muntazam hamkorlik qilayotganini qayd etdi.

BMT Bosh kotibi toliblarning ayollar va qizlar huquqlariga rioya qilish masalasida o‘z va’dalarini bajarmayotganidan tashvish bildirgan. Bajarilmagan va’dalar, uning ta’biricha, Afg‘oniston ayollari va qizlarining orzulari barbod bo‘lishiga olib boradi.

“Afg‘oniston iqtisodiyotining 80 foizi norasmiy bo‘lib, asosan ayollar kuchiga tayanadi. Ularsiz afg‘on iqtisodiyoti va jamiyati tiklana olmaydi. Men toliblarni xotin‑qizlarga bergan so‘zlarini tutishga, o‘z majburiyatlarini xalqaro gumanitar huquq qoidalariga monand tarzda bajarishga qat’iy da’vat qilaman”, deya urg‘uladi Antoniu Guterrish.

XS
SM
MD
LG