Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:06

BMT: Sayyoradagi oziq-ovqatning 17 foizi axlatxonaga uloqtirilmoqda


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Hozirgi paytda jahon bo‘ylab 783 million kishi doimiy ochlik sharoitida kun kechiryapti, Bu dunyo aholisining qariyb 10 foiziga teng. Ayni damda sayyoradagi iste’molga yaroqli barcha oziq-ovqat mahsulotlarining 17 foizi chiqindixonalarga tashlanmoqda. Bu haqda BMT Atrof-muhitni muhofaza qilish dasturining dunyodagi oziq-ovqat mahsulotlari utilizatsiyasi to‘g‘risidagi hisobotida aytilgan.

Hisobotga muvofiq, Yer kurrasida yashayotgan har bir odam yiliga o‘rtacha 79 kilogramm yaroqsiz bo‘lib qolgan oziq-ovqat mahsulotini axlatga tashlaydi. AQSHda yiliga o‘rtacha 115 kg, Yevropada 65 kg, Rossiyada esa 56 kg oziq-ovqat mahsuloti axlatga tashlanadi.

2022-yilda chiqindiga chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarining umumiy hajmi 1 milliard 50 ming tonnani tashkil etgan. Bu kuniga taqriban 1 milliard porsiya ovqat deganidir.

Oziq-ovqatlarning 60 foizi yakka tartibdagi iste’molchilar va uy xo‘jaliklari tomonidan axlatga otiladi. Chiqindiga chiqarilgan oziq-ovqatlarning 28 foizi umumiy ovqatlanish muassasalari hissasiga to‘g‘ri keladi, 12 foizini esa talab yo‘qligi tufayli do‘kon va supermarketlar peshtaxtalarida qolib ketgan mahsulotlar tashkil etadi.

BMT hisobotida “ortib qolgan” oziq-ovqat mahsulotlari faqat badavlat mamlakatlardagina axlatga tashlanmayotganiga e’tibor qaratgan. Yuqori, o‘rta va past daromadli mamlakatlarda oila boshiga chiqarib tashlangan chiqindi hajmidagi farq 10 foizdan oshmaydi.

Insoniyat butun oziq-ovqat mahsulotlarining qariyb beshdan bir qismini axlatga tashlayotganini faqat isrofgarchilik deya baholash bilan kifoyalanib bo‘lmaydi. Hisobotda oziq-ovqat chiqindisi hajmining ortib borayotgani atrof-muhitga ham zarar yetkazayotgani hamda iqlimdagi istalmagan o‘zgarishlarga ham sezilarli darajada hissa qo‘shayotgani ham urg‘ulangan. Atmosferaga chiqarilayotgan yillik barcha issiqxona gazlarining 8-10 foizi chiriyotgan oziq-ovqat mahsulotlaridan chiqadi.

BMT Atrof-muhitni muhofaza qilish dasturi ijrochi direktori Inger Anderssenga ko‘ra, bugungi kunda millionlab odam ochlik sharoitida yashayapti, millionlagan boshqa odamlar esa yeguliklarni chiqindixonaga otmoqda va bu holat nafaqat jamiyat taraqqiyoti uchun, balki atrof-muhit va iqlim uchun ham muammo bo‘lib hisoblanadi.

BMT dunyo davlatlarini oziq-ovqatni qayta taqsimlash va oziq-ovqat xavfsizligi masalalari bo‘yicha xususiy va notijoriy tashabbuslar bilan ko‘proq hamkorlik qilishga chaqirgan.

XS
SM
MD
LG