Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 16:00

Bo‘stonliqda 60 nafar tez tibbiy yordam dispetcheri ishdan bo‘shatilayotganiga norozilik bildirmoqda


Bo‘stonliqdagi ishdan bo‘shatilayotgan dispetcherlarning bir guruhi
Bo‘stonliqdagi ishdan bo‘shatilayotgan dispetcherlarning bir guruhi

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani markaziy shifoxonasi Tez tibbiy yordam bo‘limining 60 nafar dispetcheri va 9 nafar sanitar xodimi ishdan bo‘shatilayotganiga norozilik bildirib, Ozodlikka murojaat qildi.

Dispetcherlar da’vosicha, tumandagi Tez tibbiy yordam bo‘limlarining barchasidagi dispetcher xodimlar 1 martdan boshlab ommaviy ravishda ishdan haydalmoqda.

Bo‘stonliq tumani markaziy shifoxonasi mulozimlari dispetcherlik bo‘limlari qisqartirilib, aholidan keladigan murojaatlar Nurafshondan boshqarilishini aytishdi.

Ayni paytda shifoxonaning kasaba uyushmasi xodimlari rahbariyatning dispetcherlarni ishdan bo‘shatish qarori qonunga zidligini ta’kidlamoqda.

Bo‘stonliq tumanidagi Tez tibbiy yordam bo‘limlarining dispetcherlari ommaviy ravishda ishdan bo‘shatilayotgani haqida ularning o‘zlari Ozodlikka ma’lum qildi.

“Bo‘stonliq tumanidagi barcha Tez tibbiy yordam bo‘limlarining “chaqiruvni qabul qiluvchi" hamshiralarini sababsiz ishdan bo‘shatmoqda. 60 nafar dispetcher va 9 nafar sanitarka o‘z ishidan ayrilmoqda. Biz kunu tun pandemiya sharoitida o‘z kuchimizni ayamay ishlasak-da, bizni asossiz ishdan bo‘shatmoqda”, deyiladi Ozodlikka kelgan maktubda.

Bo‘stonliq Tez tibbiy yordam bo‘limining Chorboq shaharchasi filialida 16 yildan buyon ishlayotgan Shahnoza Jamolova ularni ishdan haydashayotganini nohaqlik deb hisoblashini aytadi:

- Bizga 1 - martdan boshlab, ishdan bo‘shatishlarini aytishdi. 2 oylik kompensatsiya berisharmish. Xohlovchilar Nurafshonga borib ishlashi mumkinligini aytishdi. Lekin Nurafshonga qanday qatnab ishlaymiz? Shuncha uzoq joyga kim borib ishlaydi? Biz nafaqat dispetcher, balki hamshiralik ham qilamiz. Ba’zida kuniga 40-50 ta bemorga yordam ko‘rsatgan paytlarimiz ham bo‘lgan. Sharoitlarimiz o‘ta rasvo bo‘lishiga qaramay, pandemiya paytida yurtdoshlarimizga astoydil yordam ko‘rsatdik. Lekin pandemiya payti ham hammaga berilgan mukofot pullari dispetcherlarga berilmadi. Endi esa, bizni ishdan haydayapti. Dardimizni hech kim eshitmayapti. Kasalmand bolam bor. Erimning oyligi ro‘zg‘orimizga yetmaydi. Ishsiz qolsak, oilamizni qanday boqamiz?

Chirchiqlik Dinora Mirabdullayeva ham 16 yildan beri Tez tibbiy yordam bo‘limida dispetcher bo‘lib ishlaydi.

- O‘zim yolg‘iz onaman. Voyaga yetmagan bolam bor. Tog‘li hududda qanchalik qiynalib ishlayotganimizni hech kim hech qachon inobatga olmagan. Endi esa, bizni ishdan bo‘shatyapti. Judayam qiyin ahvolda qoldik. Mutasaddilardan yordam kutamiz. Chaqiruvni qabul qiluvchi hamshiraman ,deb o‘tirmaymiz. Yoz kunlari 50tagacha bemorlarni ko‘ramiz. O‘lim holatidagi bemorlarni ham ko‘ramiz. Bizga Nurafshonga borib ishla, deyapti. Tog‘dan Nurafshonga borib ishlashga kimning kuchi yetadi? Bormagan eshigimiz qolmadi. Hech kim yordam bermayapti. Iltimos bizga yordam beringlar! Yurtimiz rahbaridan ham iltimos qilamiz, bizning murojaatimizga e’tibor qaratsinlar!

Bo‘stonliq tumani markaziy shifoxonasining Ozodlik bog‘langan mulozimi dispetcher xodimlarning ishdan bo‘shatilishi qonunan amalga oshirilayotganini ta’kidladi:

“Xohlovchilar Nurafshondagi Call sentrga borib, ishlasin. Xohlamasa 2 oylik kompensatsiya pulini olsin. Bizda hammasi qonunan. Endilikda chaqiruvlarning hammasi Nurafshondan turib boshqariladi. Bu borada 2018 - yildayoq qaror qabul qilingan”.

Mulozim tilga olgan qarori haqida aniq ma’lumot bermadi. U vaqti tig‘izligini aytib, telefon go‘shagini qo‘yib qo‘ydi.

Ayni paytda mazkur shifoxonaning kasaba uyushma bo‘limi xodimlari Ozodlik bilan suhbatda dispetcherlarning ishdan bo‘shatilishi noqonuniy ekanligini aytishdi:

“Biz bu masalani o‘rgandik. Rahbariyat ro‘kach qilayotgan hujjatlarning barchasi eski. Lekin dispetcherlar shikoyatini inobatga olishmayapti”.

Ozodlik muxbiri 24 - fevral kuni kechqurun Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasiga bog‘landi. Biroq qo‘ng‘irog‘imizga javob bergan xodim ish vaqti tugagani sabab rahbarlar bilan bog‘lana olmasligimizni aytish bilan cheklandi.

Ozodlik o‘tgan yil dekabrida koronavirus pandemiyasi to‘lqini pasayishi ortidan Toshkent shahri va viloyatidagi kovid-markazlarda tibbiyot xodimlarining maoshlari kamaytirilgani va qisqartirishlar boshlangani haqida yozgan edi. Boshqa viloyatlardan ham koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashishi ortidan tibbiyot xodimlarining ishdan bo‘shatilayotgani haqida xabarlar olingan. Rasmiylar bu xabarlarni rad etgan.

XS
SM
MD
LG