Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 09:53

Bog‘chadagi bola o‘limi yuzasidan xolis axborot berishni so‘ragan blogerning o‘zi jarimaga tortildi


Bloger Doniyor Mavlonov.
Bloger Doniyor Mavlonov.

Jizzax viloyat, Yangiobod tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabi o‘qituvchisi, Facebook dagi “Jizzaxda jamoatchilik nazorati” guruhi adminstratori, bloger Doniyor Mavlonov ma’muriy sud hukmi bilan 2 450 000 so‘mga jarimaga tortildi.

37 yashar bloger 30 - iyun kuni tuman matbuot xizmatidan bog‘chalardan birida to‘satdan vafot etgan bola o‘limi voqeasiga izoh berishni so‘rab, ijtimoiy tarmoqda post qoldirgan.

Bu xabarida bloger na bola ismini va na u tarbiyalanayotgan bog‘cha raqamini ko‘rsatgan.

Ammo jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiobod tuman sudi Doniyor Mavlonovni shaxsiy hayot daxlsizligini buzishda ayblab, unga jarima soldi.

Bloger buni ijtimoiy tarmoqlarda qilgan tanqidiy chiqishlari uchun uning ovozini o‘chirish maqsadida uyushtirilganini aytmoqda.

Yangiobod tuman, 2- maktabgacha ta’lim tashkilotida 30 - iyun kuni fojiali voqea ro‘y berdi.

Bog‘chaning 6 yashar tarbiyalanuvchisi sirli ravishda vafot etgani xabar tarqaldi. Mahalla, odamlar orasida bolaning o‘limi haqida turli xil mish-mishlar paydo bo‘ldi.

Besh kun bu voqea haqida biror rasmiy tashkilot izoh bermadi.

Besh kundan so‘ng Facebok dagi “Jizzaxda jamoatchilik nazorati” guruhi adminstratori, bloger Doniyor Mavlonov o‘z sahifasida quyidagicha post qoldirdi:

"Yangiobod tumanidagi bolalar bog‘chasining birida 2021 - yil 30 - iyunda 6 yoshli tarbiyalanuvchi to‘satdan vafot etgan. Shu boradagi tushunmovchiliklarni bartaraf etish maqsadida qisqa fursatda Yangiobod tumani hokimligi matbuot xizmatidan rasmiy izoh so‘raymiz".

Blogerning bu voqea haqida yozgan xabari shu, xolos. Xabarda bolaning na ismi-sharifi, na bog‘chaning raqami ko‘rsatilgan.

Ammo 9 - iyun kuni uchastka profilaktika inspektori Doniyor Mavlonovga 10 - avgust kuni sudga kelishini telefon orqali aytgan.

Marhuma qiz onasining suddagi ko‘rsatmasi
Marhuma qiz onasining suddagi ko‘rsatmasi

Sudda vafot etgan bolaning onasi “ijtimoiy tarmoqlarda turli ma’lumot va videolavhalar tarqatib, qizining ruhini bezovta qilgani” uchun Doniyor Mavlonovni ayblagan.

Blogerning aytishicha, sudda bu mantiqsiz ayblov haqidagi fikrlari inobatga olinmagan:

“Men opaga aytdim, xo‘sh men qayerda sizning qizingizni yoki u bo‘lgan bog‘chaning raqamini yozibman, menga ko‘rsatingchi, deb so‘radim. Opa ham avval yozmagan bo‘lsang, endi yozishing mumkin, shuning uchun seni ovozingni o‘chirish kerak, dedi. Uning javobidan ajablanib, sudyaga yuzlandim. Janob sudya, menga qarishi ochilgan ishda qayerda men marhum qizchaning ismini yozibman, ko‘rsating iltimos, men aybimni bo‘ynimga olaman, desam, sudya ham eshitmaganga olib, hukmni o‘qishni boshladi. Men bu xabarim orqali jaamoatchilik oarsida qizning o‘limi haqida ahra qanaqa mish-mishlarga chek qo‘yish uchun hokimlki matbuot xizmatidan xolison izoh so‘ragan edim, xolos!”

Blogerning sudda bergan ko‘rsatmasi
Blogerning sudda bergan ko‘rsatmasi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiobod tuman sudi qaroriga ko‘ra, Doniyor Mavlonov O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 46-moddasi preym-1 qismi (Shaxsiy hayot daxlsizligini buzish) bilan ayblangan.

Blogerning aytishicha, u tashkil qilgan Facebok dagi “Jizzaxda jamoatchilik nazorati” guruhida yoritilgan ijtimoiy muammolar hokimlikning qtiq patiga tegib ketgan va shu bahonada uning ovozini o‘chirish uchun bu spektakl sud tashkil qilingan:

“Agar hozir ham o‘sha qizning onasiga yana bir ariza yozib bering desa yoza olmaydi. Men qonunni buzganim yo‘q, hech qanday shaxsiy hayot daxlsizligini buzganim yo‘q. Men davlat tashkilotida ro‘y bergan fojiali voqea haqida to‘g‘ri va xolis ma’lumot berishlarini so‘radim, xolos”.

25 -avgust kuni Jizzax viloyat sudi ham Doniyor Mavlonovning apellyatsiya arizasini ham e’tiborga olmay, Yangiobod tuman sudi qarorini o‘z kuchida qoldirdi.

Ozodlikning jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiobod tumani sudidan bu vqoea bo‘yicha izoh olishga qilgan harakatlari natijasiz qoldi. Sud xodimlari telefon orqali ma’lumot berilmasligini aytdi.

Bola o‘limiga nima sabab bo‘lgan?

Jizzax viloyat Davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti boshqarmasi boshlig‘i Feruza Soliyeva bu voqea yuzasidan tekshirish olib borilgani, bolaning o‘limi hodisasini prokuratura o‘rganganini aytdi.

Viloyat DMTT bayonnomasida bu haqda shunday deyilgan:

“Yangiobod tumanidagi 2 - son DMTTida 2021 yil 30 - iyun’ kuni 2015 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan 6 yoshli tarbiyalanuvchi Ro‘ziboyeva Durdona Ilxom qizi DMTT ga yaxshi xolatda kelgan. Shifokor Nasriddinova Gavhar tomonidan tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilandan so‘ng tarbiyachi Raxmonberdiyeva Umida va yordamchi tarbiyachi O‘rinboyeva Gulnozalar tarbiyalanuvchini qabul qilib olgan. Tushlikdan so‘ng tarbiyachlar tomonidan bolalarga sog‘lomlashtiruvchi badantarbiya mashg‘ulotlari o‘tilib, bolalar uyquga yotqizilgan. Shu kuni taxminan 14.30lar atrofida yordamchi tarbiyachi O‘rinboyeva Gulnoza tomonidan bolalar uyqudan uyg‘otilganda tarbiyalanuvchi Ro‘ziboyeva Durdonaning bezovtalanayotgani ya‘ni, burni qonayotgani ma‘lum buladi tarbiyachi shu zaxotiyok tez tibbiy yordamga murojaat qilgan. Va bu xaqda tuman maktabgacha ta’lim bo‘limiga xabar berilgan. Xolat yuzasidan Yangiobod tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv xarakatlari o‘tkazilgan bo‘lib, 30.07.2021 - yil kuni marxuma Durdona Ro‘ziboyeva vafoti yuzasidan to‘plangan xujjatlar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Protsessual kodeksining 83-moddasi 2-qismi bilan Jinoyat ishi qo‘zg‘atilish rad etildi”.

Feruza Soliyeva Doniyor Mavlonovning jarimaga tortilganidan hayratda ekanligini yashirmadi:

“Blogerning xabaridan so‘ng shaxsan o‘zim bu voqeani tekshirgani bordim. Deputatlar va mahalla bilan gaplashdim. Doniyor Mavlonovning o‘zi bilan ham suhbatlashdim. Blogerda biror bir odamga shaxsiy adovat yoki qasddan bu voqeani yozganlik holatini kuzatmadim. Men o‘zim ham unga bu voqea prokuratura tomonidan tekshirilayotgani haqida videointervyu berdim. Lekin hech qayerda qizchaning ismi yoki bog‘cha raqami eslanmagan edi”.

Bu ish bilan tanish bo‘lgan o‘zbekistonlik advokat Umid Davletovning aytishicha, Doniyor Mavlonovning bu modda bilan ayblanishiga hech qanday asos yo‘q:

"Blogerni bu modda bilan ayblashga hech qanday asos yo‘q. Bloger egasining ruxsatisiz biror bir kishining shaxsiy ma’lumotini ochgan emas. Umymiy qilib bo‘lib o‘tgan voqea yuzasidan munosabat so‘ragan. U yerda falonchi o‘ldi yoki mana bu kasallik bilan o‘ldi deb yozmaganku. Uni ma’muriy javobgarlikka tortishga hech qanday asos yo‘q, mustaqil fikr u, inson huquqidan foydalangan, xolos".

Bloger Doniyor Mavlonov o‘tgan yillar davomida Facebok dagi “Jizzaxda jamoatchilik nazorati” guruhi sahifasida byudjet pullarining talon-toroj qilinayotgani, mahalliy ijtimoiy muammolar haqida o‘nlab tanqidiy maqolalar e’lon qilgan.

“Yangioboddagi yangilanmayotgan madaniyat maskani”, “Yangiobod tumanidagi Bolalar o‘smirlar sport maktabida sport zali qurish nega kechiktirilmoqda?”, “Xalqdan nima uchun millionlar yig‘ildi. Qonuniymidi? Tuman hokimi, sektor rahbari qaerga qaragan...”, “Mana kim prezidentga xiyonat qilmoqda...” kabi maqola va videolari Youtube va Facebook da e’lon qilingan.

Xalqaro matbuot tashkilotlari O‘zbekistonda prezidentlik saylovlari yilida ijtimoiy tarmoqlar ustidan nazorat kuchaygani, kamchiliklarni oshkora tanqid qilayotgan bloger va jurnalistlarga nisbatan bosim kuchayganini qayd etgan.

Jumladan, surxondaryolik bloger Otabek Sattoriyning mahalliy hokimiyat idoralaridagi korrupsiyaga qarshi chiqishlari ortidan qamoqqa tashlanishi xalqaro tashkilotlarning tanqidlariga sabab bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG