Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 14:26

Bog‘ini himoya qilgan qarshilik ayol "10 daqiqalik sud"da 10 sutkaga qamaldi. U o‘ziga tahdidlardan shikoyat qilmoqda


Qarshiliklar 27 - noyabr kuni o‘tkazgan norozilik aksiyasi - skrinshot
Qarshiliklar 27 - noyabr kuni o‘tkazgan norozilik aksiyasi - skrinshot

Qarshi shahrining Buyuk Turon mahallasi aholisi 27 - noyabr kuni o‘zlari 27 yil mobaynida yaratgan bog‘ning kesilishiga qarshi norozilikka chiqqanidan keyin, 250 kishi orasidan faqat bir kishi, yolg‘iz ona 44 yashar Mashhura Sodiqova ma’muriy sud qarori bilan o‘n sutkaga qamalib chiqdi.

Ayol agar u shikoyat qilishdan to‘xtamasa, rasmiylar uni ruhiy kasalliklar shifoxonasiga majburlab yotqizish bilan tahdid qilayotganini iddao qildi.

Qarshi shahar hokimligi matbuot xizmati rahbari Umid Jabborov bu voqealardan xabari yo‘qligini aytdi.

27 - noyabr kuni Buyuk Turon mahallasida yashovchi yigirma nafar ayol benzin ko‘tarib chiqqan va yana shu mahallada yashovchi 220 nafar erkak chiqib, hokimiyat vakillarining bog‘ni kesishiga qarshilik qilgan edi.

O‘sha kungi holat haqida Ozodlikka intervyu bergan, ammo hech qanday video va surat yubormagan Mashhura Sodiqovaning aytishicha, shuncha norozilar orasidan faqat u, oradan 15 kun o‘tganidan so‘ng, javobgarlikka tortilgan:

“12 - dekabr kuni kechki payt uyimga uchta uchastkovoy kelib, hokim sizni chaqiryapti, 35 so‘tix yer beradi ekan, qarorga imzo chekishingiz kerak ekan deb, aldab uyimdan olib chiqdi.

Moshinasiga o‘tirishimiz bilan qo‘limga kishan taqdi.

To‘g‘ri Qarshi shahar fuqarolik sudiga olib bordi. O‘n minut sud qilib, o‘n sutkaga qamoq jazosi va qariyb 400 ming so‘mlik jarima yozdi. Uyda nogiron onam va ikki qizim qarovsiz qolib ketdi”.

Qarshi shahar ma’muriy sudining qarori
Qarshi shahar ma’muriy sudining qarori

Mashhura Sodiqovaning aytishicha, sudda bironta ham guvoh qatnashmagan, unga tuhmat ayblov bilan hukm chiqarilgan:

Ikkita bolam va nogiron onam uyda qarovsiz qoldi dedim, hisobga olishmadi.

"Ikkita bolam va nogiron onam uyda qarovsiz qoldi dedim, hisobga olishmadi. “Sudda o‘nta erkak va men bir ayol bo‘ldim. Menga ijtimoiy tarmoqlarga voqeani tarqatgansan, dedi. Men videolarni ko‘ringlar, qo‘limda telefon bormidi, deb so‘radim. Ozodlik nomerimni topib telefon qilgani rost, intervyu berganim rost, lekin ijtimoiy tarmoqlarga tarqatmaganman dedim. Ikkita bolam va nogiron onam uyda qarovsiz qoldi dedim, hisobga olishmadi. Hokimlik sudga bergan ekan, ulardan hech kim kelmadi. Birorta xolis guvoh ham bo‘lmadi. Norozilikka chiqqan 250 odamning orasidan bitta meni sud qilishdi”. Ikkita bolam va nogiron onam uyda qarovsiz qoldi dedim, hisobga olishmadi. ​

Qarshi shahar ma’muriy sudining qarori
Qarshi shahar ma’muriy sudining qarori

Qarshi shahar ma’muriy sudi Mashhura Sodiqovani O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 183-moddasi(mayda bezorilik) va 198-moddasi(hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik yoki xizmat vazifalarini bajarishiga to‘sqinlik qilish) bilan aybdor deb topib, 10 sutkalik qamoq jazosi va 334 500 so‘m jarima tayinladi.

Mashhura Sodiqovaning iddao qilishicha, rasmiylar uni endi ruhiy kasalliklar kasalxonasiga yotqizish bilan tahdid qilmoqda:​

O‘g‘rilik qilaylikmi, fohishalik qilaylikmi, ayting, qanday qilib yashaylik.

“Endi Bobur degan uchastka noziri seni jinnixonaga tiqaman, deb tahdid qilyapti. Bizning mahallaga 1990 -yilda bu tashlandiq yerlar berilib, obod qilinglar, degan edi. Mahallada 4 mingdan ortiq xo‘jalik bor. Xalq shu yerga 30 yil davomida daraxt va uning oralariga sabzavot, kartoshka ekib tirikchilik qilgan. Mening uch so‘tix yerimda ham 50 tup mevali daraxt bor. O‘shani mevasini sotib, farzandlarimni boqaman. Ish bo‘lmasa, boshqa tirikchilik bo‘lmasa, biz qanday kun ko‘ramiz. O‘g‘rilik qilaylikmi, fohishalik qilaylikmi, ayting, qanday qilib yashaylik? Xalqning oxirgi nasibasidan ham mahrum qilishdi. Men ularga aytdim, adolat qilmasangizlar, bu yerga nima qursangizlar ham o‘zimni o‘sha binolaring oldiga borib yoqaman, dedim. Chunki, boshqa daromad manbamiz qolmadi, bu kunimdan o‘lganim yaxshi!”

Mashhura Sodiqovaning Zoya opa ismli qo‘shnisining aytishicha, ayolning hibsga olinganini hech kim bilmay qolgan:

“Mashhura birdan ko‘rinmay qoldi. Invalid onasi bor, ko‘zi yaxshi ko‘rmaydi, so‘rasak, uchastkovoy sizga yer beramiz, deb olib chiqib ketganicha, boshqa qaytib kelmadi, dedi. Keyin o‘n kun Mashhuraning ikkita bolasi va kampirga biz qo‘ni-qo‘shnilar ovqat olib chiqib qarashib turdik”.

Zoya opa aholini boqib kelayotgan yerning olib qo‘yilishiga shunday munosabat bildirdi:​

Endi daraxtlarni kesib tashlab sanoat zonasi qursa, ekologik katastrofa bo‘ladi.

“To‘g‘ri u yer davlatniki, bizning hujjatimiz yo‘q. Bir vaqtlar sho‘rlab ketgan, tashlandiq yerni hokimlik olinglar, obod qilinglar, deb bergan edi. O‘n, o‘n besh yilda bitta daraxtni ko‘kartirish bu yerda qancha qiyin bo‘lganini biz bilamiz. Hozir gurkiragan bog‘ bo‘lgan. Mayli davlat zaxira yeri ekan, lekin hozir daraxt kesishga moratoriy bor-ku. 100 mingtadan ortiq daraxt bor u yerda. Bir tomon aeroport, bir tomon Sho‘rtangaz, bir tomon Depo. Endi daraxtlarni kesib tashlab, sanoat zonasi qursa, ekologik katastrofa bo‘ladi. Ekologiya qanday qilib bunga ruxsat beradi, hech tushunolmayapman”.

Qarshi shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Umid Jabborov 27 - noyabr kungi voqea ortidan kimlar javobgarlikka tortilganidan xabari yo‘qligini aytdi:

“Bu yer obod qilish uchun aholiga 1990 - yilda berilgan edi. Davlat zaxirasidagi yer. Hozirgi loyiha bo‘yicha u yerda sanoat zonasi qurilishi kerak. Shunga harakat bo‘lyapti. Lekin norozi aholidan kimlar javobgarlikka tortilgani borasida xabarim yo‘q”.

Qarshi shahar IIBning Bobur ismli profilaktika inspektori Mashhura Sodiqova ishi bo‘yicha Ozodlikka ma’lumot berishdan bosh tortdi.

XS
SM
MD
LG