Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:39

Boku xalqaro qidiruvdagi Rayimbek Matraimovni Bishkekka topshirdi


Rayimbek Matraimov
Rayimbek Matraimov

Xalqaro qidiruvga berilgan Qirg‘iziston Davlat bojxona xizmati raisining sobiq o‘rinbosari Rayimbek Matraimov Ozarbayjon poytaxti Bokuda hibsga olinib, 26- mart kuni Bishkekka olib kelingan. Bu haqda Ozodlikning qirg‘iz xizmati o‘z manbalaridan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.

Qirg‘izistondagi mahalliy OAV ham Rayimbek Matraimov bilan birga uning ukalaridan biri hibsga olingani va Bishkekka olib kelingani haqida xabar qilishgan.

Flightradar portali ma’lumotlariga ko‘ra, Bokudan kelgan uchoq Bishkekdagi “Manas-2” aeroportiga mahalliy vaqt bilan soat 20:00 da qo‘ngan. Aeroportga yetib borgan Ozodlik muxbirlari u yerga kuch ishlatar tuzilmalar avtomobili borgani, uchoq qo‘nganidan keyin mashina uchish-qo‘nish yo‘lagi tomonga kirib ketgani, ko‘p o‘tmay esa avtomobil shahar tomon yo‘nalganiga guvoh bo‘lishgan.

Kuch ishlatar idoralar hali bu borada biror izoh berishgani yo‘q, biroq ijtimoiy tarmoqlarda Rayimbek Matraimovga o‘xshagan kishi bir jurnalist ayolning savollariga javob berayotgani aks etgan qisqa video paydo bo‘lgan.

Avvalroq Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) Rayimbek Matraimov Bokuda ekani haqida ma’lumot tarqatgan edi. Maxsus xizmat sobiq mulozimni hibsga olish uchun Ozarbayjonga tegishli xat yo‘llangani hamda uni Qirg‘izistonga ekstraditsiya qilish masalasi muhokama qilinayotganini qayd etgan.

MXDQ 2021-yilda korrupsiya ayblovi bo‘yicha Matraimovga qarshi ish ochgan hamda 2016-yil boshida u boshqa bojxonachilar bilan birgalikda korrupsion sxema tuzganini bildirgan edi. Sud uni aybdor deb topib, unga 260 ming qirg‘iz so‘mi (taqriban 3 ming dollar) miqdorida jarima solish haqida qaror chiqargan. O‘shanda Matraimov aybini tan olib, davlatga 2 milliard so‘m (taqriban 25 million dollar) to‘lab bergan. 2023-yilning 2-noyabrida MXDQ rahbari Qamchibek Tashiyev Rayimbek Matraimov va Qamchi Kolbayevni “Qirg‘izistonda mafiya tuzganlik”da ayblagan.

Rayimbek Matraimov o‘tgan yil oktyabrida Bishkekda o‘tkazilgan maxsus amaliyot chog‘ida jinoyat olami lideri Qamchi Kolbayev o‘ldirilgani ortidan Qirg‘izistonni tark etgan. Shu yil yanvarida MXDQ Matraimovni xalqaro qidiruvga bergan. Unga “Noqonuniy ravishda ozodlikdan mahrum qilish” moddasi bo‘yicha ayblov qo‘yilgan edi. Matraimov o‘ziga qo‘yilgan ayblov yuzasidan o‘z mulohazasini bildirgan emas.

Raimbek Matraimov Ozodlik radiosi, Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani tadqiq qilish dasturi (OCCRP) hamda Bishkekdagi Kloop sayti 2019-yildan buyon hamkorlikda o‘tkazib kelgan jurnalistik surishtiruvlarda qator korrupsion sxemalar orqali noqonuniy boyigani iddao qilib kelingan qirg‘izistonlik eng taniqli sobiq amaldorlardan biridir. U 2015-2017-yillarda Bojxona xizmati rahbarining o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

XS
SM
MD
LG