Bokuda 6-yanvar kuni Fransiya fuqarosi bo‘lgan Martin Rayan ustidan sud boshlandi. Ozarbayjon rasmiylari uni josuslikda ayblashmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Rayan “aybini qisman tan olgan”. Mazkur ayblov bo‘yicha unga 10 yildan 15 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkin.
Martin Rayan 2023-yil dekabrida hibsga olingan edi. U Bokuda 2020-yildan buyon faoliyati yuritib kelayotgan Merkorama savdo firmasiga rahbarlik qilib kelayotgan edi. Firma Ozarbayjonda biznes yuritish va eksport masalalari bo‘yicha boshqa xorijiy shirkatlarga maslahatlar ham berib kelgan.
Ayblov versiyasiga ko‘ra, Rayan Ozarbayjonning Turkiya, Eron va Pokiston bilan harbiy hamkorligi haqida ma’lumot to‘plagan hamda ozarbayjonliklarni Fransiya razvedkasi bilan hamkorlikka moyil qilish bilan shug‘ullangan. Rayanning o‘zi unga nisbat berilayotgan xatti-harakatlarni amalga oshirganini, biroq buni qasddan amalga oshirmagani va ular jinoyat harakati o‘laroq baholanishi mumkinligini bilmaganini e’tirof etgan. Uning advokati mijozi Fransiya maxsus xizmatlari tomonidan aldanganini aytgan.
Rayan bilan birgalikda davlatga xiyonatda ayblanayotgan Ozod Mammadiy ham sudlanmoqda. Sudda u o‘ziga bildirilgan ayblovni tan olgan emas.
Huquqbonlar Rayan va Mammadiyning ishini siyosiylashtirilgan, degan fikrdalar, deb yozmoqda “Kavkazskiy uzel” nashri.
Fransiya bilan Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar 2023-yili Tog‘li Qorabog‘ atrofidagi mojaro taranglashgan paytda Parij Yerevanni dastaklab chiqqani ortidan yomonlashgan. Armaniston Fransiyadan zirhli texnika sotib olishni boshlagan, 2024-yil fevralida esa Fransiya mudofaa vaziri Sebastyen Lekornyu, zarurat tug‘ilgan taqdirda, Parij Armanistonga havodan mudofaa tizimlari uchun raketalar yetkazib berishga tayyorligini bildirgan.
2024-yilning yanvar oyida Fransiya Senati Bokuning Tog‘li Qorabog‘dagi xatti-harakatlari tufayli Yevropa Ittifoqini Ozarbayjonga qarshi sanksiyalar joriy etishga chaqirgan rezolyutsiyani ma’qullagan, may oyida esa Parij Yangi Kaledoniyada (Fransiyaning Tinch okeanidagi hududi) ro‘y bergan ommaviy tartibsizliklarda Ozarbayjonni ayblab chiqqan. Ozarbayjonlik siyosatchilar bu bayonotlarni asossiz deya rad etishgan.