Qozog‘istonda 25-dekabr kuni halokatga uchragan Azerbaijan Airlines uchog‘i Rossiya havodan mudofaa tizimi faoliyati oqibatida qulagan, deya xabar qildi 26-dekabr kuni qator nashrlar Bokudagi manbalardan olingan ma’lumotga tayangan holda.
Reuters agentligi o‘z maqolasida tergov borishidan xabardor bo‘lgan Ozarbayjondagi to‘rtta manbaga tayangan.
Embraer yo‘lovchi uchog‘i o‘z manzili bo‘lgan Grozniy aeroportiga qo‘nolmay, Rossiya havo hududini tark etganidan keyin qulab tushgan, hodisa chog‘ida 38 kishi halok bo‘lgan edi. Rossiya havodan mudofaa tizimlari Checheniston doxil turli hududlarda Ukraina dronlari hujumini qaytarish uchun so‘nggi oylarda bir necha qo‘llanilgan.
Qulagan uchoq izi Flightradar24 servisida Dog‘istonning Kaspiysk shahri yaqinida g‘oyib bo‘lgan. Mazkur servis tahlilchilarining yozishicha, bu dronlar hujumi chog‘ida qo‘llaniladigan GPSni bo‘g‘ish harakati tufayli sodir bo‘lgan.
Reuters qaydicha, rasmiylar Bokudan Grozniyga parvoz qilayotgan uchoq nima uchun rejalangan yo‘nalishdan yuzlab mil nariga uchib, Kaspiy dengizdan o‘tib, Qozog‘istonga borib qolganini birdaniga izohlay olishmagan.
Grozniy aeroporti xizmatlarining 25-dekabr kuni ma’lum qilishlaricha, “dastavval uchoq Mahachqal’aga, keyin esa ob-havo sharoiti tufayli Aqtauga yo‘naltirilgan”. Rosaviatsiyaning dastlabki versiyasiga ko‘ra, Azerbaijan Airlines bortida uchoq qush galasi bilan to‘qnashib ketgani tufayli favqulodda holat yuzaga kelgan bo‘lishi va komandir zaxiradagi aerodromga qo‘nish qarorini qabul qilgan bo‘lishi mumkin. Euronews telekanali 26-dekabr kuni Ozarbayjon hukumatidagi manbalar so‘zlariga tayangan holda ular uchoq Rossiya havodan mudofaa tizimining yer-havo toifasidagi raketasi uchirilishi tufayli halokatga uchraganiga oid taxminni tasdiqlashgani haqida xabar qildi. Telekanal suhbatdoshlari 8432-reys yo‘nalishi bo‘ylab raketa Grozniy osmonida dron uchib ketayotgan paytda otilganini bildirishgan. Raketa uchoq yaqinida portlagani ortidan uning qoplamasiga shikast yetgan, shrapnel esa yo‘lovchilar va styuardessalarga tekkan, deya qayd etishgan manbalar.
Azerbaijan Airlines uchog‘i bilan fojia yuz bergan kuniyoq Rossiya telegram-kanallarida paydo bo‘lgan videoyozuvda uning dum qismida o‘qdan yetgan shikastga o‘xshash izlar ko‘rilgan. Shu sababli yo‘lovchi uchog‘i yerdan turib havodan mudofaa vositalari bilan nishonga olingan bo‘lishi mumkinligi haqida taxmin aytilgan edi.
Ozarbayjon hukumatidagi manbalar Euronews telekanaliga uchuvchilarning favqulodda qo‘nishga oid iltimosiga qaramay, shikast yetgan uchoqqa Rossiya aeroportlaridan birortasiga qo‘nishga ruxsat berilmaganini aytishgan. “Ekipaj Kaspiy dengizi orqali Qozog‘istonning Aqtau shahri tomon uchish komandasini olgan”, deyilgan maqolada.