Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 08:09

Bosh vrach: So‘x aholisining kovid-test tashvishi bir-ikki kunda hal bo‘ladi


Farg‘ona viloyatining So‘x tumani aholisi joriy hafta oxiridan kovid-testni o‘z tumanida topshirishi mumkin. Tarkibiga Shohimardon eksklavi kiruvchi Farg‘ona tumanida bu imkoniyat yaratilganiga bir hafta bo‘ldi.

Bu ma’lumotni Ozodlik Farg‘ona viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazidan oldi.

Kovid-test topshirish va natijalarni olish uchun viloyat SEOM eshigi oldida o‘nlab odam navbat kutib turgani aks etgan video kuni kecha ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi mulozimi kovid epidemiyasi sharoitida O‘zbekistonga kirish va mamlakatdan chiqish tartibi yuzasidan Ozodlik savollariga javob berdi.

Temir darvoza oldidagi navbat

So‘xlik jurnalist Mirasror Farg‘oniy Feysbukdagi sahifasida e’lon qilgan 46 soniyali videoda tibbiyot ramzi tushirilgan temir darvoza va uning ortida 10 dan ortiq erkak va ayollar turgani aks etgan. Old planda orti bilan turgan kishi darvozani ochib, qo‘lidagi qog‘ozlarni tarqatmoqchi bo‘lib, familiyalarni ayta boshlaydi. Shundan so‘ng kamera darvozadan tashqarilaydi va yana 10 dan ortiq erkak va ayol ko‘rinadi. Kadr ortidan Mirasror Farg‘oniyning ovozi eshitiladi. “Bu yerdagilarning hammasi Qirg‘iziston hududidan o‘tib ketish uchun spravka olishyapti. Bular hali bir qismi xolos deyishyapti” , deydi jurnalist.

Mirasror Farg‘oniy 10 - dekabrda Ozodlikka videoni Farg‘ona viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi darvozasi oldida olganini bildirdi.

Men o‘zim so‘xlikman. Kovid ma’lumotnomalari bilan bog‘liq g‘alati vaziyat yuzaga kelgan. So‘xdan chiqarkansiz, bunday ma’lumotnoma talab qilinmaydi, biroq qaytayotganingizda kovid-test natijasi qayd etilgan hujjatingiz bo‘lmasa, Qirg‘iziston chegarasidan o‘tkazishmaydi, natijada biz so‘xliklar uyimizga qayta olmaymiz”, - dedi jurnalist.

"Navbatlar ozaya boshladi, erta-indin ahvol yaxshilanadi"

Vaziyat jurnalist aytayotganday ekanligini Farg‘ona viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi Ahmadjon Yoqubov Ozodlik savoliga javoban tasdiqladi. Uning aytishicha, eksklavlar - So‘x tumani hamda Farg‘ona tumaniga qarashli Shohimardon aholisi kovid-ma’lumotnomani qo‘shni Qirg‘izistonning talabiga binoan olishga majbur bo‘lmoqda:

“Qirg‘iziston rasmiylari O‘zbekistonning asosiy hududiga kelib, ortga qaytayotgan so‘xlik, cho‘ng‘oralik, shohimardonliklardan kovid-test spravkasini talab qilmoqda. Ular faqat viloyat SEOM bergan spravkani tan olmoqda.

Bosh vrachning aytishicha, natijada test topshirish uchun SEOM oldida navbatlar paydo bo‘lmoqda, “ba’zi kunlari 700 nafargacha odam murojaat qildi”.

Ertalab soat 10-11 larda test topshirgan kishi natijani kechga yaqin, kechroq topshirganlar ertasiga ertalab oladi.

Ahmadjon Yoqubovning aytishicha, Qirg‘izistonning yangi talabi paydo bo‘lganiga taqriban bir oy bo‘lib qoldi. Ungacha chegaraning o‘zida natijasi 15 daqiqada chiqadigan ekspress-test natijasi kifoya edi. Endilikda esa, qo‘shni davlat PTsR test tahlili natijasini talab qilmoqda.

Farg‘ona SEOM bosh vrachining aytishicha, shu kunda test topshirish uchun navbat kutuvchilar soni keskin kamaygan, chunki "bir hafta oldin Farg‘ona tumaniga PTsR apparati o‘rnatildi va shohimardonliklar Vodilda test topshiryapti, bunday apparat kecha-bugun So‘xda o‘rnatilyapti, erta-indin ishga tushadi".

Qirg‘iziston kovid-test talablarini nega keskin kuchaytirdi? Ozodlik bu savolni 10 - dekabrda Qirg‘iziston Chegara xizmatiga berdi. Xizmatning o‘zini tanishtirmagan mulozimi “test-ma’lumotnomani tekshirish chegarachilarning vazifasi emas, balki tibbiyotchilarga murojaat qilishingiz kerakdir”, - dedi.

So‘xlik va shohimardonliklar uchun test bepul

Farg‘ona viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bosh vrachi Ahmadjon Yoqubovning aytishicha, eksklavlar aholisidan kovid-test uchun pul olinmaydi. Maxsus komissiya qaroriga binoan So‘x, Cho‘ng‘ora, Shohimardon aholisi uchun bu xizmat bepuldir.

Ayni paytda boshqalar uchun kovid-test pullik. Ma’lumotlarga qaraganda, shu kunda test narxi 200 ming so‘m atrofida.

Kovid sharoitida O‘zbekistonga kirish-chiqish tartibi

O‘zbekistonga kirish va mamlakatdan chiqish tartibi to‘g‘risida Ozodlikka Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi mulozimi (ismi aytilishini istamadi) quyidagilarni aytib berdi:

  • O‘zbekistondan chiqib ketayotgan kishi PTsR-test topshiradi va ma’lumotnoma 72 soatgina yaroqli bo‘ladi;
  • O‘zbekistonga kirayotganlarning ham qo‘lida xuddi shunday ma’lumotnoma bo‘lishi kerak. Chet eldan kelayotgan kishi qo‘lidagi kovid-ma’lumotnomaning haqqoniyligiga shubha bildirilmaydi. Agar ma’lumotnoma yaroqlilik muddati (72 soat) tugagan bo‘lsa, test olinadi;
  • O‘zbekistonda PTsR-testdan o‘tkazish huquqi xususiy tibbiyot muassasalariga ham berilgan, davlat muassasalarida ham pullik testdan o‘tish mukin. (Andijon viloyat, Jalaquduq tuman SEOM xodimining 10 - dekabrda Ozodlikka aytishicha, u ishlaydigan markaz bir oydan buyon kasallik alomatlari borlarnigina kovid-testdan o‘tkazmoqda, chet elga chiquvchilar xususiylarga murojaat qilishi kerak, test narxi 200 ming so‘m atrofida ekanini shu xodim ham aytdi)

Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra , 8 - dekabr holatiga O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 74 206 nafarni tashkil etgan. Kasallikdan sog‘ayganlar jami 71 482 nafarga etgan va sog‘ayish ko‘rsatkichi 97 foizni tashkil qilmoqda.

Ayni paytda tibbiyot muassasalarida davolanayotgan 2113 nafar bemordan 179 nafari og‘ir, 34 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bir haftadan beri koronavirusdan o‘lganlar haqida ma’lumot berishni to‘xtatdi. Ayni paytda vazirlik koronavirusdan vafot etganlar bo‘lmayotgani haqida ham biror ma’lumot bermagan.

XS
SM
MD
LG