Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:38

"Botir alyuminiy"ning qaytishi. Nafaqat biznes, siyosat ham


Botir Rahimov va Diyora Usmonova. Instagram.
Botir Rahimov va Diyora Usmonova. Instagram.

Toshkentdagi “Paxtakor” futbol klubi va “O‘zbekiston” mehmonxonasining sobiq egasi, “Botir alyuminiy” nomi bilan tanilgan Botir Rahimov o‘tgan hafta toshkentlik amaldor to‘yida ko‘rinish bergan.

2010 - yilda O‘zbekistonda bir muddat hibsga olingan 55 yashar Rahimov so‘nggi 10 yilda Birlashgan Arab Amirliklari va Turkiyada yashab kelgan.

O‘zbekistondagi biznesidan uzoqlashgan Rahimov bu orada prezident Shavkat Mirziyoyevning oilasiga yaqinlashdi.

2017 - yilda Botir Rahimov va Diyora Usmonova juftligi o‘g‘il farzandli bo‘lishganini e’lon qilgan. Undan bir yil avval "Paxtakor"ning sobiq xo‘jayiniga turmushga chiqqan Diyora Usmonova O‘zbekistonning birinchi xonimi Ziroatxon Mirziyoyevaning jiyanidir.

Uning birinchi turmush o‘rtog‘i, milliarder Alisher Usmonovning jiyani Bobur Usmonov 2013 - yil Toshkentdagi avtohalokatda vafot etgan edi.

Diyora Usmonova
Diyora Usmonova


Rahimov bilan Toshkentdagi to‘yda ko‘rishganini aytgan mulozimning Ozodlikka bildirishicha, Rahimov hozirda oilasi bilan Toshkentda yashamoqda va uning tadbirkorlik faoliyatiga “yashil chiroq ëqilgan”.

Rahimov va uning xotini Diyora Usmonova 2020 - yilning oktabrida Toshkentda, prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva taqdim qilgan “Mendirman Jaloliddin” filmining taqdimot marosimida ko‘rinish bergan edi.

"Mendirman Jaloliddin" seriali taqdimoti
"Mendirman Jaloliddin" seriali taqdimoti

Ozodlikda Botir Rahimovning O‘zbekiston prezident kuyovi Oybek Tursunov bilan birga tushgan surati mavjud.

Botir Rahimov va Oybek Tursunov
Botir Rahimov va Oybek Tursunov

Ozodlik suhbatlashgan Toshkent hukumati mulozimiga ko‘ra, Karimov davrida mol- mulki xatlanib, istalmagan shaxsga aylangan bu shubhali tadbirkorga nafaqat biznesga yo‘l ochilgan, balki prezident saylovlarida “o‘ziga xos siyosiy rol” ham berilgan bo‘lishi mumkin.

"Elchiga o‘lim yo‘q"

Mulozim¸Botir Rahimov muxolifatdagi “Erk” demokratik partiyasi lideri Muhammad Solih bilan “birinchi oila iltimosiga ko‘ra” “elchi” maqomida uchrashib, murosa taklifini yetkazganligini aytdi.

Muhammad Solih
Muhammad Solih

Ozodlik bu iddao yuzasidan Turkiyada yashayotgan Muhammad Solih bilan bog‘landi.

“Erk” demokratik partiyasi lideri haqiqatan ham joriy yilning fevral oyida orasida Botir Rahimov bo‘lgan guruh bilan uchrashganligini tasdiqladi. Unga ko‘ra¸ “Rahimov bir necha marta uchrashish taklifini bildirgan, ammo rad javobi olgan”.

“Bularning rostdan ham O‘zbekiston hukumatini tamsil qilishini tasdiqlovchi xabar kelganidan keyingina men uchrashuvga rozi bo‘ldim. Siyosat murosa san’ati ekanligini bilganim holda, men o‘z siyosiy talablarimni yozma bayon qilib, maktub tarzida Rahimovning qo‘liga berdim. Rahimov buni O‘zbekiston birinchi rahbariga yetkazishga va’da berdi. Maktub adresatga yetkazildi, deb o‘ylayman. Lekin men ilgari surgan murosali talablar bajarilmadi.”

Uzbekistan
Uzbekistan


Ozodlik ko‘rgan maktub “Yaxshilik sari” deb nomlanadi.

Maktubda muxolifat lideri hukumatga uchta ishni qilish yuzasidan va’da beradi.

1. Muxolifat saylovning tinch o‘tishi va o‘lkadagi ijtimoiy barqarolikni mustahkamlashga “baholiqudrat yordam beradi”

2. O‘zbekistonga investitsiya kiritishi mumkin bo‘lgan“G‘arb va Sharq o‘lkalaridan sarmoya manbalarini rag‘batlantirish, o‘lka sanoatini yangi texnologiya bilan takomillashtirish uchun” muxolifat salohiyati safarbar qilinadi.

3. “Muhammad Solih o‘zining siyosiy nufuzidan foydalanib¸ O‘zbekiston prezidentining dunyo siyosatida so‘z sohibi bo‘lishi uchun unga yuksak saviyada dastak beradi”.


Maktubda bu xizmatlar “hech qanday mansab yoki moddiy badal evaziga emas¸ balki “millatning nihoyat sharafli bir kelajak sari yura boshlashi uchun chin dildan qilinishi” ta’kidlanadi.
Shu bilan birga, “Erk” lideri imzo qo‘ygan bu maktubda “minimal shartlar” qismi bor. Shartlar ikkita:

1. Muhammad Solihga qo‘yilgan butun ayblar bekor qilinadi. Reabilitatsiya qilinib, vatandoshligi qaytariladi. Vataniga qaytishi ta’minlanadi.

2. “Erk” partiyasi faoliyatiga rasman ruxsat beriladi.


Muhammad Solihning Ozodlikka aytishicha, maktub yuborilganidan buyon o‘tgan ikki oy mobaynida “Erk” partiyasi ilgari surgan bironta ham talab bajarilmagan.


Ammo Ozodlik suhbatlashgan mulozimning ta’biricha, Karimov davrida urilgan va kriminal dunyoga aloqasi borligi aytiladigan Botir Rahimov “muxolifat istehkomiga kirib, yorliq olib chiqqan elchi” o‘laroq amaldagi hokimiyat nazariga tushdi.

Birinchi xonim jiyaniga uylangan millioner

Botir Ikromjon o‘g‘li Rahimov Qo‘qonda ko‘p bolali oilada dunyoga keldi. Uning biznesdagi ilk qadamlari haqida to‘liq ma’lumot yo‘q.

Botir Rahimov "Kapitalbank", sug‘urta kompaniyasi, rangli metal qazib chiqaradigan konni ham o‘z ichiga olgan qator shirkatlardan iborat "Kapital" holdingi sohibi hisoblanadi.

2010 - yil bahorida o‘zbek huquq-tartibot idoralari Rahimovni hibsga olgani xabar qilingan. Hibs tafsilotlari hozirgacha ma’lum emas.

Rahimovning hibsga olingani haqidagi xabarlar ortidan "Kapitalbank"da ham keng ko‘lamli taftish o‘tkazilgan.

Shvetsiya prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2012 - yil fevralida Stromsund shaharchasida o‘zbekistonlik imomga o‘q uzganlikda ayblangan Yuriy Jukovskiyga Shengen vizasini olishi uchun Botir Rahimov prezidenti bo‘lgan Toshkentning “Paxtakor” futbol jamoasi bosh direktori Rustam Ko‘paysinov rasmiy iltimosnoma yozib bergan.

2016 - yilda Botir Rahimov O‘zbekiston prezidentining xotini Ziroat Mirziyoyevaning jiyani¸milliarder Alisher Usmonovning avtohalokatda o‘lgan jiyanining bevasi Diyora Usmonovaga uylanadi.

Eltuz nashrida e’lon qilingan kollaj
Eltuz nashrida e’lon qilingan kollaj

Rahimov va Usmonova juftligi 2020 - yil kuzida O‘zbekistonga butunlay qaytgan.

2020 - yil noyabrida Diyora Usmonova o‘zining Instagram sahifasida nima uchun Botir Rahimovni tanlagani haqida yozgan.

“Biz ko‘p narsani boshimizdan o‘tkazdik. Masalan, men barcha prinsiplarim, qo‘rquv, e’tiqod va qoidalarimni bosib o‘tdim. O‘zim qoralagan ko‘p ishlarni qildim, albatta, men bizni qabul qila olmayotganlarni tushunaman. Boshqachasiga mumkin bo‘lmagani uchun shunday qildim. Bir-birimizsiz yashashga kuch topa olmadik. Keyin esa bu taqdir ekanini tushundik va yurak amriga bo‘ysunib, taqdirimizni qabul qildik», deb yozgan O‘zbekiston birinchi xonimining jiyani.

Karimov vafoti ortidan muqaddam jinoiy avtoritet sifatida tanilgan ishbilarmonlarning siyosiy tadbirlardagi ishtirokiga qo‘yilgan taqiq bekor bo‘ldi.

Ulardan eng mashhuri - Salim Abduvaliyev prezident saylovlari kuni Shavkat Mirziyoyev surati tushirilgan futbolkani kiyib suratga tushdi. Oradan ko‘p o‘tmay, uning prezident Mirziyoyev bilan qo‘l berib so‘rashgani aks etgan surat e’lon qilindi. Mirziyoev prezident etib saylanganidan ko‘p o‘tmay, 2017 - yil yanvarida Abduvaliyev O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari etib tayinlandi.

2016 - yil sentabrida Mirziyoyev vaqtincha prezident vazifasini bajaruvchi etib tayinlanganidan ko‘p o‘tmay, qidiruvga berilgan AQSh sanksiyalari ro‘yxatidagi tadbirkor - G‘afur Rahimov O‘zbekistonga qaytgan edi.

XS
SM
MD
LG