Линклар

Шошилинч хабар
04 август 2021, Тошкент вақти: 10:19

Bozor munosabatlariga o‘tolmayotgan bozor.  Hukumat narxlarni nazorat qiluvchi tizim yaratmoqchi


Toshkentning "Eski Jo‘va" bozori.

O‘zbekiston bozorlarida oziq-ovqat narxlari oshib borarkan, hukumat yana ma’muriy choralar bilan narx-navoni nazorat qilishga urinmoqda.

O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi xabariga ko‘ra, buning uchun bozorlarda narxlarni nazorat qiluvchi maxsus tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Bu tizim Toshkentning Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori hamda Eski Jo‘va dehqon bozorida sinab ko‘rilmoqda.

Ozodlik suhbatlashgan vazirlik mulozimiga ko‘ra, maqsad narxlarning asossiz oshib ketishi, mahsulotlar sun’iy tanqisligi vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik.

“Narx-navo asossiz oshishi sabablaridan biri chayqovchilik. Mahsulotlar bozorga bir nechta qo‘ldan o‘tib keladi. Hozir shunaqa tizim yo‘lga qo‘yiladiki, ishlab chiqaruvchi va xaridor orasida ortiqcha qo‘llar bo‘lmasin. Masalan, kimdir bir tonna kartoshka olib keldi. Qayerdan olib keldi, qaysi narxda oldi, qanchaga sotadi - hamma ma’lumot o‘rtada bo‘ladi, chayqovchilikka va sun’iy defitsit paydo qilishga yo‘l qo‘yilmaydi”, - dedi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining nomi ochiqlanishini istamagan mulozimi.

Ўзбекистонда ўсаётган ягона нарса: Нарх-наво
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:46 0:00

“Narx-navoni bozor belgilaydi”

Bozordagi sotuvchilar esa mahsulotlar narxini ma’muriy-buyruqbozlik yo‘li bilan jilovlashga urinishlar bundan oldin ham bo‘lgani, bozor munosabatlariga ham, O‘zbekistonning amaldagi qonunlariga ham zid bo‘lgan bunday amallar ish bermaganini aytishadi.

“Chunki narx-navoni vazirlikda o‘tirganlar emas, bozor belgilaydi. Mingta qo‘ldan o‘tib kelsa ham, hech kim bozor narxidan qimmatga sotolmaydi. Yillardan beri narxlarni har-xil yo‘llar bilan jilovlashga urinishyapti, bo‘lmayapti. Nimaga? Chunki narx-navo talab va taklifdan kelib chiqadi. Agar mo‘lchilik bo‘lsa, mahsulot yetarli ishlab chiqarilayotgan bo‘lsa, narx oshmaydi ”, - deydi Toshkentning “Mirobod” bozorida sotuvchilik qiladigan tadbirkor.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda aholi real daromadlarining tushib ketishi manzarasida asosiy iste’mol mahsulotlari narxining muttasil qimmatlab borayotgani kuzatiladi.

Hukumat o‘tgan yillarda bo‘lgani kabi, aholi noroziligiga ma’muriy bosim vositasida narxlarni sun’iy tushirish bilan javob qaytarib keladi.

Ammo Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi mulozimiga ko‘ra, narxlarni barqarorlashtirish tizimi tadbirkorlarni mollarini arzon narxda sotishga majbur qilish evaziga bo‘lmaydi.

“Bozorlarda ishlab chiqaruvchi va xaridor o‘rtasida onlayn axborot almashish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Qaysidir bozorda narx oshishi holati kuzatilsa, o‘sha yerga borib, vaziyat o‘rganiladi, go‘sht qimmat bo‘lsa, zahiradan o‘sha bozorga go‘sht yetkaziladi, shu yo‘l bilan narxlar mo‘’tadillashtirib boriladi”, - deydi Ozodlik suhbatlashgan vazirlik mulozimi.

Mirziyoyevning qarama-qarshi narx-navo siyosati

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8 - iyun kungi hukumat majlisida vazirlik va mahalliy rahbarlarni tadbirkorlarga oziq-ovqat narxlarini past narxda ushlab turishlari uchun bosim o‘tkazganlikda ayblagan edi.

“Narxlarni arzon ushlab turish tadbirkorlar va chorvadorlarni o‘z mahsulotlarini arzon narxlarda sotishga majbur qilish evaziga bo‘lmasligi kerak.. Avvalo, bozorda ta’minot hajmini oshirish kerak”, - deb aytgan prezident Shavkat Mirziyoyev.

Bundan avval Mirziyoyev prokuror va departament rahbarlari hamda bozor direktorlarini narxlarni nazorat qilmayotganini uchun tanqid qilgandi.

“Bizda mahsulot yetadi. Bozorning direktori mahsulot narxini qancha ko‘tarsa, shuncha ko‘p daromad ko‘radi. Bu na prokuratura va na departament nazoratiga olingan”, - degan edi Mirziyoyev o‘tgan yil 16 - oktabr kungi hukumat majlisida.

O‘zbekiston prezidentining bu chiqishi ortidan mamlakat bozorlarida narx-navoni jilovlash uchun hokimlik va vazirlik xodimlari savdogarlarga bosim o‘tkazib, ularni iloji boricha past narxda ushlab turishga majburlashga kirishdi. Ba’zi bozorlarda buyruqni bajarmagan savdogarlarning kassa hisoblagichlari tortib olingani haqida xabarlar olingan.

“Tadbirkorlarni erkin qo‘yish kerak”

Iqtisodiy tahlilchi Saparbay Jubaev fikricha, ma’muriy-buyruqbozlik bilan narx-navoni jilovlab bo‘lmaydi.

“Tadbirkorlarni erkin qo‘yish kerak, ishlab chiqarish uchun sharoit yaratib berish kerak. Ishlab chiqarish ortsa taklif ortadi, o‘z-o‘zidan narx tushadi”, - deydi Jubaev.

Toshkent bozorlari va supermarketlarida 16 - iyun holatiga mol go‘shti va qo‘y go‘shti 70 mingdan 100ming so‘mgacha (7-10 dollar) sotilmoqda.

Bu bir yil oldingiga nisbatan 30-40 foizga yuqori.

Yil boshidan aprel oyigacha o‘simlik yog‘i narxi 30 foizga oshdi.

Narx-navoning o‘sishi aholi real daromadlarining tushib ketishi manzarasida yuz bermoqda.

Shu yil martida O‘zbekiston Markaziy banki o‘tkazgan so‘rovda har uch respondentdan ikki nafari o‘tgan 2020 - yilda daromadlari keskin tushib ketganini aytgan. So‘rovda qatnashganlarning 46 foizi bir oylik daromadi 3 million so‘mni (o‘sha paytdagi valyuta ayirboshlash kursi bo‘yicha taqriban $290) tashkil etganini bildirgan.

XS
SM
MD
LG