Braziliya janubida kuzatilgan kuchli toshqin kamida 107 kishining umriga zomin bo‘ldi, yana 136 nafar kishi bedarak yo‘qoldi.
Hududda qutqaruv ishlari davom etmoqda. 9-may kuni qutqaruvchilar suv bosgan uy tomida ikki sutkaga yaqin qolib ketgan otning yoniga yetib borishgan.
Toshqindan jabr ko‘rgan Riu-Grandi-du-Sul shtatida yashovchi 165 mingdan ziyod odam qayiq va vertolyotlar yordamida suv bosgan uylarini tark etishga majbur bo‘lishgan. Toshqin shtat ma’muriy markazi bo‘lmish Portu-Alegri shahriga eltadigan yo‘lni to‘sib, infratuzilma obyektlari va ko‘priklarni ishdan chiqargan. Reuters agentligining xabar qilishicha, Portu-Alegrida do‘konlarning peshtaxtalari bo‘shab qolgan, tunlari esa o‘g‘riliklar sodir bo‘lmoqda.
Shtat rasmiylari fermer xo‘jaliklariga ham zarar yetkazgan toshqindan keyingi tiklanish ishlari uchun, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, kamida 3,7 milliard dollar miqdorida mablag‘ lozimligini bildirishgan. Federal hukumat tabiiy ofat oqibatlari ko‘lamini suv chekinishi bilan baholash niyatida ekanini qayd etgan.
Yaqin kunlar ichida Riu-Grandi-du-Sul shtatida shiddatli yog‘in-sochin kuchayishi taxmin qilinmoqda, bu esa suv sathining yanada ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin.