O‘zbekistonda bukmekerlik xizmatlarni targ‘ib qiluvchi 30 ga yaqin sayt bloklangan. Bu haqda Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qo‘mita qaydicha, qimor va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni targ‘ib qilishga qaratilgan veb-saytlar yuzasidan doimiy o‘rganishlar olib borilmoqda va bu borada qonun buzilishlariga nisbatan tezkor choralar ko‘rish maqsadida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Bukmekerlikni targ‘ib qiluvchi veb-saytlarga kirishni cheklash ana shu choralar sirasiga kiradi.
Ma’lum bo‘lishicha, 42 ta veb-saytni bloklash bo‘yicha AOKAga taklif kiritilgan bo‘lib, shundan 30 ga yaqin saytga kirish belgilangan tartibda cheklangan.
O‘zbekistonda 2023-yilda ham bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qiluvchi 27 ta sayt bloklangandi.
“Reklama to‘g‘risida”gi qonunda qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar, shu jumladan, telekommunikatsiya tarmoqlaridan, internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda tashkil etiladigan qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlar reklamasiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.
Prezidentning “Lotereyalar va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni tashkil etish va o‘tkazishni tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra esa, 2025-yil 1-yanvaridan tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni onlayn o‘tkazishga hamda bukmekerlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Ushbu hujjatga muvofiq, tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni maxsus litsenziya olgan yuridik shaxslar tashkil etishi mumkin. Lotereya, internet tarmog‘idagi o‘yinlar va bukmekerlik garovlarida faqat 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston rezidenti va norezidentlari qatnashishga haqli.
Ozodlik avvalroq bukmekerlikka ruxsat berilishi o‘zbek sportiga qay tariqa ta’sir etishi masalasini o‘rgangandi.