Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 11:20

“Buxoroning bombalanishi” yoki Putin soyasi tushgan ko‘rgazma


Rassom "Buxoroning bombalanishi" asari bilan. London, 1988-yil.
Rassom "Buxoroning bombalanishi" asari bilan. London, 1988-yil.

Taniqli o‘zbek rassomi Vyacheslav Oxunov qalamiga mansub "Buxoroning bombalanishi" kartinasining O‘zbekiston davlat san’at muzeyidagi namoyishi noma’lum sababga ko‘ra amalga oshmadi.

AQSHdagi xususiy kolleksiyadan 25-mart kuni Toshkentga olib kelingan asar, tashkilotchilarga ko‘ra, 27-mart kuni O‘zbekiston Davlat san’at muzeyida Rauf Parfi haykalining ochilish marosimida taqdim etilishi kerak edi.

Ammo, rassomning Ozodlikka aytishicha, muzey rahbari Vasila Fayziyeva "Buxoroning bombalanishi" kartinasini ekspozitsiya zaliga osishga ruxsat bermagan.

Eni yetti¸ bo‘yi esa ikki metrlik matoga moybo‘yoqda yasalgan bu asar o‘tgan hafta AQSHda xususiy kolleksiyadan topilib O‘zbekistonga keltirilgandi.

“Muzeyga kelganimizda rasm koridorda upakovkada turibdi, ular uni ko‘rgazmaga qo‘yishni istashmagan. Sababini aytishmaydi. Direktor Vasila, biz uni taqdimotga olib kela olmaymiz, deydi. Lekin “Cho‘lpon portreti”ni ekspozitsiyaga qo‘yishdi”, - deydi Oxunov.

Vyacheslav Oxunov 1987-yilda chizgan “Buxoroning bombalanishi” triptix asari nimasi bilan muzey rahbariyatini cho‘chitdi? Rassomning O‘zbekistonda ilk da’fa Lenin portreti o‘rniga osilgan “Cho‘lpon portreti” mumkinu, lekin “Buxoroning bombalanishi” mumkin emas.

“Menimcha, ruslarni ortiqcha g‘azablantirmaslik uchun. Chunki ruslar Buxoroni bombardimon qilgan, muqaddas “Buxoroi Sharif”ni, musulmon olamining ustunlaridan biri bo‘lgan shaharni. To‘satdan bu mavzu Ukrainadagi urush avj pallasiga chiqqan bir paytda bo‘rtib chiqyapti, ruslar o‘tmishda ham juda yoqimsiz ishlar qilganligi ma’lum bo‘lyapti.

Qolaversa, O‘zbekiston Davlat muzeyiga yaqinda Rossiya fuqarosi direktor o‘rinbosari etib tayinlandi. Uzoq yil Vekselbergning shaxsiy muzeyi direktori muovini bo‘lib ishlagan odam. Vekselberg esa Putinning hamyoni ekanini bilamiz, u Faberje tuxumlari kolleksiyasini to‘plab, Sankt-Peterburgda muzey ochgan. Ana shu muzey rahbarlaridan biri bo‘lgan odam hozir O‘zbekiston Davlat muzeyi direktorining o‘rinbosari. Ya’ni, bu Putinning odami yoki Vekselberg orqali Toshkentda allaqachon direktor o‘rinbosari sifatida ishlamoqda”, - deydi Vyacheslav Oxunov.

"Relokantmi yo Rossiyadan yuborilgan choparmi?"

Bu yerda gap shu yil 27-fevral kuni O‘zbekiston Davlat San’at muzeyi direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha muovini lavozimiga tayinlangan Mixail Ovchinnikov haqida ketyapti.

Ovchinnikov Toshkentga kelguniga qadar Sankt-Peterburgdagi g‘arb sanksiyalariga tushgan rossiyalik milliarder Viktor Vekselbergning “Faberje” muzeyi direktori o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

AQSH Moliya vazirligiga ko‘ra, Vladimir Putinga yaqin bo‘lgan Vekselberg Kreml manfaatlaridan kelib chiqib, Rossiya tashqi siyosatida yumshoq kuch mexanizmlarini joriy etishda faol ishtirok etib keladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda esa Ovchinnikov MDH bo‘yicha Rossiya federal agentligi (Rossotrudnichestvo) odami degan iddaolar aytilmoqda.

"Joriy yil yanvarida O‘zbekiston davlat san’at muzeyi direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Rossiya vatandoshi bo‘lgan¸ muqaddam Putinga yumurto sotib yurgan Ovchinnikov Mixail Vladimirovich tayinlangan.

Bu odam urushdan qochgan relokantmi? Yoki "tuzemetslar"ning muzeydagi xatti-harakatini kuzatishga yuborilgan choparmi?

Rus qo‘shinlari tomonidan Buxoroni bombalanishi asari namoyishiga izn berilmasligi ortida turgan janob shu Mixail Vladimirovichmi?

Bu savollarni har bir soliq to‘lovchi berishga haqli. Shahar ham, mamlakat ham darvozasiz emas. Darvoqe, Karimov davrida bu muzeyda 300ga yaqin asar o‘marilib, o‘rniga qalbakisi qo‘yilgani ortidan muzey hazinachisi qamalib ketuvdi", - deb yozdi Eltuz nashri.

Ozodlik shu iddaolar yuzasidan Ovchinnikovning o‘ziga bog‘lanishga harakat qildi, urinishlar besamar bo‘ldi.

O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi direktori Vasila Fayziyeva Ozodlikka Vyacheslav Oxunovning “Buxoroni bombalanishi” asari ekspozitsiyaga qo‘yilmaganini uning hujjatlashtirilmagani bilan izohladi:

“Hujjatlashtirilmagan. O‘rnatilgan tartibda, muzeylarga tegishli me’yoriy hujjatlar asosida hujjatlashtirilmagan edi, kecha olib kelinganligi sababli”.

Lekin, Oxunovning hujjatlashtirilmagan yana bir asari “Cho‘lpon” portreti qo‘yildiku?

"Buxoroning bombalanishi" asarining qo‘yilmagani hozir Rossiya Ukrainaga qarshi olib borayotgan urush bilan bog‘liqmi?

Qanday qilib O‘zbekiston Davlat muzeyi rahbari muovini lavozimiga Rossiya fuqarosi tayinlangan?

Vasila Fayziyeva Ozodlikning bu savollariga javob bermadi. Ularni yozma tarzda taqdim qilishni so‘radi.

Ozodlik O‘zbekiston Davlat muzeyi rahbarining g‘arb sanksiyalariga duchor bo‘lgan Rossiyaning mail.ru tarmog‘ida qayd qilingan elektron pochtasiga savollarni yo‘lladi.

Lekin, hozircha Fayziyevadan javob bo‘lmadi.

Rassom Vyacheslav Oxunov o‘tmishda O‘zbekistonni "qayeriga borsang ham boshing bilan uriladigan yopiq tizim" deya ta’riflagan.

“Bugun ham shu tizim unsurlari qolgan”, - deydi Oxunov.

Rassom “Buxoroning bombalanishi” asarini 1987-yilda chizgan. U talabalik chog‘ida "Qumdagi urush. Fuqarolar urushi tarixi bo‘yicha materiallar" kitobini o‘qib, tasavvurini rasmga tushirgan.

Ilk bor asar 1988-yilning sentabrida Londondagi Og‘axon jamg‘armasiga oid “ZAMON” galereyasida namoyish qilgan edi.

“Buxoroning bombalanishi” asarini AQShdan O‘zbekistonga olib kelinishiga bosh qo‘shgan YUZUK nodavlat tashkiloti rahbari Dilbar G‘afforovning Ozodlikka aytishicha, ular bu kartinani Oxunovning 1984-yilda chizgan “Cho‘lpon” portreti bilan birga O‘zbekiston Davlat san’at muzeyida taqdim qilishmoqchi bo‘lishgan.

“Kartinaning so‘nggi manzili endi Buxoroda ochilajak “Jadidlar muzeyi” bo‘lishi kerak. San’at muzeyiga berilmaydi”, - dedi G‘afforova.

Bombalangan Buxoro

1920-yilda Mixail Frunze qo‘mondonligidagi qizil armiya Buxoroni harbiy uchoqlardan hujumga tutgan. Shaharga har biri 64 kilogramm keladigan bombalar tashlangan.

Uch kun davom etgan bombardimon oqibatida shaharning 30ta minoradan iborat qadimiy qal’a devorlari butunlay yakson qilindi.

“Qizil armiya o‘tgan asr boshida Buxoroni bombalab o‘ziga bo‘y sundirdi, hozir tarix yana takrorlanyapti, Rossiya Kiyevni bo‘y sundirish uchun tinimsiz bombalayapti”, - deydi o‘zbekistonlik tarixchi Haydarali Norov.

1948-yilda tug‘ilgan Vyacheslav Oxunov Moskvadagi Surikov nomidagi Tasviriy san’at oliygohini bitirib kelib, O‘zbekistonda 80-yillarda yangi ijodiy to‘lqinga asos solgan.

Ayni paytda Oxunov rangtasvirchi, perfomansist, rejisser, video-artist, ssenograf, shoir, prozaik, esseist sifatida dunyoga tanilib ulgurdi.

Rassom O‘zbekistonda u uzoq yil chet davlatlarga chiqishi taqiqlab qo‘yilgan va xorijiy davlatlarda o‘tkazilgan ko‘rgazmalarida qatnashaolmagan. U siyosiy qarashlari va mamlakatning avvalgi prezidenti va uning oilasini tanqid qilgani uchun bunday taqiqqa uchraganini aytgan.

XS
SM
MD
LG