Chernogoriyadagi Setine shahrida 1-yanvar kuni ikki bola doxil kamida 12 kishi o‘ldirilgan, yana to‘rt kishi jarohat olgan. Bu haqda, Ozodlikning Bolqon xizmati xabariga ko‘ra, ichki ishlar vaziri Danilo Sharanovich ma’lum qilgan.
Gumonlanuvchi Atso Martinovich o‘z joniga ham qasd qilgan. Tergov ma’lumotiga ko‘ra, Martinovich shahar markazidagi umumiy ovqatlanish muassasalaridan birida to‘rt kishini, keyin esa boshqa mavzelarda boshqa odamlarni o‘ldirgan. Qurbonlar orasida uning oila a’zolari ham bor.
Mediklarga ko‘ra, hodisa chog‘ida yaralanganlarning ahvoli og‘ir.
Dastavval odamlarni o‘qqa tutgan shaxs voqea joyidan yashiringani haqida xabar qilingan. Setinedagi ko‘chalarga politsiyachilar tashlangan, ayrim mavzelarda harakat to‘xtatilgan, shahar chiqish yo‘llarining barchasi yopilgan. Jinoyatda gumonlangan shaxsni qidirish ishiga armiya kuchlari ham jalb qilingan.
Politsiya bayonotida sodir bo‘lgan voqea uyushgan jinoiy guruhlar o‘rtasidagi ziddiyat bilan bog‘liq emasligi urg‘ulagan. Martinovich 2005-yilda bezorilik uchun shartli ravishda bir yilga ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa-da, xavfsizlik uchun tahdid tug‘diradigan odam hisoblanmas edi.
2022-yili Martinovichning yonidan o‘qotar qurol va portlovchi moslama topilgan. Buning uchun unga uch oylik qamoq jazosi tayinlangan.
Setine Chernogoriya poytaxti Podgoritsadan taqriban 30 kilometr narida joylashgan.
Setinedagi fojia ortidan Chernogoriya hukumati mamlakatda uch kunlik motam (2, 3 va 4-yanvar kunlari) e’lon qilgan. Podgoritsa, Budva va Kotorda Yangi yil konsert dasturlari bekor qilingan.
Chernogoriya rasmiylari sodir bo‘lgan voqea ortidan o‘qotar qurolga ega bo‘lishga to‘la taqiq joriy etish masalasini ko‘rib chiqishmoqda.