Линклар

Шошилинч хабар
06 май 2021, Тошкент вақти: 08:18

Chexiya “Rosatom”ni AES qurilishi bo‘yicha tenderdan chetlatadi


Chexiyadagi Dukovani atom elektrostansiyasi

Chexiyada jamoatchilik 2014 - yilda Vrbetitse qishlog‘idagi o‘q-dori omborida ro‘y bergan portlashga Rossiya maxsus xizmatlarining aloqasi borligi to‘g‘risidagi hukumat xabarini qizg‘in muhokama qilmoqda.

Rossiyaga moyilligi bilan tanilgan prezident Milosh Zeman hukumat qarorini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi, ammo o‘zi vaziyatga izoh bergani yo‘q, yana bir hafta izoh bermasligini ham aytdi.

Chexiya hukumati Rossiyaning “Rosatom” shirkati “Dukovani” atom elektr stansiyasidagi yangi energiya bloki qurilishida pudratchilikka da’vo qila olmasligiga shama qilgan.

Sanoat va savdo vaziri Karel Gavlichekka ko‘ra, endilikda “Rosatom”ning mazkur tenderda ishtirok etishi “amaliy jihatdan mumkin emas”. Tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Yan Gamachek ham xuddi shunday bayonot berdi.

Katta ehtimol bilan, Chexiya “Rosatom”ni hatto talabgor shirkatlar xavfsizlik nuqtai nazaridan tekshiriladigan birinchi saralash bosqichiga ham qo‘ymaydi. Yakuniy qarorni, albatta, Vazirlar mahkamasi qabul qiladi.

“Dukovani” AESning yangi energoblokini qurish huquqini olish uchun “Rosatom”dan tashqari AQSh, Fransiya va Janubiy Koreya shirkatlari raqobatlashmoqda.

Chexiya, shuningdek, rossiyalik josuslarning qo‘poruvchilik faoliyatiga doir masalani Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari muhokamasiga olib chiqishini ma’lum qildi. Chexiyaning NATO bo‘yicha ittifoqchilari, jumladan, AQSh Praganing xatti-harakatini dastaklamoqda.

Rossiya TIV esa Chexiyaga “javob choralari” bilan tahdid qilib, Praganing Rossiya elchixonasi 18 nafar xodimini badarg‘a qilish to‘g‘risidagi yaqinda e’lon qilingan qaroriga nisbatan “qat’iy norozilik” bildirdi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida yuqoridagi qaror “misli ko‘rilmagan” voqelik deb atalib, “quruq gap va to‘qima vajlar ta’sirida qabul qilingan”i iddao qilinadi.

Yakshanba kuni kechqurun Rossiya TIV Moskvadagi Chexiya elchixonasining 20 nafar xodimini “istalmagan shaxs”lar deb e’lon qildi.

Rossiya TIV, shuningdek, chex hukumati qarorida “amerikaliklar izi”ni ko‘rganini ta’kidlab, uni “AQShning ko‘nglini topishga urinish” sifatida baholagan. “Chexiya hukumati ummon ortidagi xo‘jayinlaridan ham o‘tib tushdi”, deyiladi RF TIV bayonotida.

Chexiya bosh vaziri Andrey Babish va tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Yan Gamachek yaqinda Rossiya mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasi (BRB — GRU) 2014 - yilda o‘q-dori omborida yuz bergan portlashga aloqadorligi to‘g‘risida bayonot bergandi. Bildirilishicha, mamlakatdan haydalayotgan diplomatlar aslida maxsus xizmat josuslaridir.

O‘sha kuniyoq Chexiya politsiyasi 2014 - yili, portlashdan bir oz oldin Aleksandr Petrov va Ruslan Boshirov nomlariga olingan rus pasportlari bilan mamlakatga kelgan ikki kishini qidiruvga berdi. Aytilishicha, ular Moldova hamda Tojikiston fuqarolari pasportlaridan ham foydalangan.

Bu ikki rossiyalik – 2018 - yilda Buyuk Britaniyaning Solsberi shahrida ota-bola Sergey va Yuliya Skripallarni zaharlaganlikda gumon qilinayotgandi.

Ular Rossiya harbiy razvedkasi xodimlari bo‘lib, haqiqiy ism-familiyalari Anatoliy Chepiga va Aleksandr Mishkin ekani aytiladi.

“Bellingcat” guruhi tadqiqotchisi Xristo Grozev o‘sha paytlarda Chexiyada Rossiya harbiy razvedkasining boshqa xodimlari ham bo‘lgani haqida yozdi.

“Bellingcat” tez orada shu mavzuda olib borgan tadqiqoti natijalarini e’lon qilmoqchi.

XS
SM
MD
LG