Линклар

Шошилинч хабар
23 июн 2021, Тошкент вақти: 16:38

"Chiroq o‘chsa ham telefon o‘chmaydi". Tarmoqni titratgan trendlar


Barcha xabarlar bitta telefonga jo bo‘lgan davr

Kundalik xabarlarni gazeta sahifalari yoki TV ekranlaridan emas, balki ijtimoiy tarmoqlardan o‘qish O‘zbekistonda allaqachon trendga aylanib ulgurdi. Ozodlik yangi yilning ilk kunlarida tarmoq muhokama qilgan asosiy xabar va mavzularga nazar tashladi.

O‘zbek segmentiga atalgan kontentlar trendini o‘rganish chog‘ida Ozodlikka SMM-menedjer Noila Qutliyeva hamrohlik qildi. Qutliyeva 20 yoshda. U tarmoqlardagi trendlar bo‘yicha shirkatlarga pullik konsultatsiya berish bilan shug‘ullanadi.

O‘zbekistonda tarmoq haqida filьm suratga olingan
O‘zbekistonda tarmoq haqida filьm suratga olingan

Barmog‘i tarmoqda bo‘lgan avlod

Yangi yilda barcha tarmoqlar uchun yo‘nalish belgilab, dolzarb bo‘lgan mavzularni sanay olasizmi¸ deb so‘radim Qutliyevadan:

“Siz Xayp (inglizcha. Hype ) mavzular haqida so‘rayapsizmi? 5 kun ichida 4 ta xabar 5 ta sotssetni bir xil silkitdi. 31 - dekabrdan to 1 - yanvargacha prezidentning o‘rischa tabriklagani muhokamada bo‘ldi. Ertasi 2 - yanvarda ikkita vazir o‘rinbosari muhokamaga chiqdi. Bitta zamminstr Qamchiq dovonida avariyaga uchragan bo‘lsa, ikkinchi zam Misrdagi kurortda yangi yil kutdi. Keyin Milliy TV boshlovchisini taniqli aktrisa "jinsiy ozchilik vakili" deb atadi. Ularning o‘zaro jangi 3 - yanvar kuni tarmoqdagi asosiy tomoshaga aylandi. 600 million so‘mga sotilgan "krutoy" avtoraqam 4 - yanvar kuni qattiq muhokama bo‘ldi”,- deydi suhbatdosh.

Nos taqiqlanishi extimoli tarmoqdagi noskashlarni hurkitdi
Nos taqiqlanishi extimoli tarmoqdagi noskashlarni hurkitdi

Qutliyevaga ko‘ra¸ nos taqiqlangani¸ garaj uchun mulk solig‘i¸ kanalda cho‘kkan bola¸ Andijondagi IIBga xabar bergan informatorning sazoyi qilingani va dronlar bilan qoidabuzar haydovchilarni nazorat qilish rejasi ham tarmoqda “qizg‘in muhokama qilingan”.

Suhbatdoshimiz aytgan xabarlardan to‘rttasini kim qanday yoritganligini ko‘rib chiqsak.

1.Prezidentning rus tilidagi Yangi yil qutlovi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 1 - yanvarga o‘tar kechasi O‘zbekiston telekanali orqali xalqqa yo‘llagan tabrigini avval rus tilida va keyin o‘zbek tilida o‘qidi.

Prezidentning bu harakati ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi. Tarmoq foydalanuvchilarining asosiy qismi O‘zbekiston prezidenti tabrikni o‘zbek tilida emas, rus tilida boshlaganini tanqid qildi.

Malika ismli Facebook yuzeri prezident gapirib turgan daqiqalarda mana bu sharhni yozdi:

“Galina Melnikovaning (Axborotning rus tilidagi diktori-tahr.) rus tilida tabrik o‘qishi bitta masala. Davlat rahbariniki esa, umuman boshqa masala. BMT minbaridan o‘zbek tilida qilingan nutqnng samimiyligiga ishonmay qoldim”, deya yozgan yuzer matn so‘nggida taajjublangan odam shaklidagi smaylik qo‘ydi. Jurnalist Alisher Ro‘zioxunov “Nega prezident ingliz, tojik yo qozoq tilida emas, nega turk tilida emas, rus tilida tabrikladi?” deya o‘zining Telegram sahifasida izoh qoldirdi. Telegram¸ Instagram va Facebookdagi yuzlab sahifalar Otabek Umar degan blogerning mana bu gapini ko‘chirib bosdi:

“Nimaga O‘zbekiston prezidenti davlatimizda bitta rasmiy til bo‘lishiga qaramasdan, rus tilida ham tabrik qiladi? O‘zbekiston aholisining 98 foizi o‘zbek tilini tushunadi-ku. Go‘yoki "tushunmaydigan" yoki tushunmay qolishi mumkin bo‘lgan 1-2% uchun alohida vaqt ajratib, ortiqcha mulozamat ko‘rsatish butun boshli davlat rahbaridek ahamiyatli shaxs uchun qanchalik to‘g‘ri?”

Tarmoq faoli Farida Sharif esa “Prezident qaysi tilda gapirishi muhim emas, chunki u baribir tayinli gap aytmaydi”, deya vaziyatni yumshatdi.

Shavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev

2. Vazir o‘rinbosarlarining kulfati va dilxushligi

Innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari Shahlo Turdiqulovaning 31 - dekabr kuni Sharm-ash-Shayxdagi kurortda Yangi yilni nishonlagani haqidagi xabar tarmoq faollari tarafidan “o‘lat paytidagi ziyofat sifatida” tanqid qilindi. Kimdir bu amaldor "Afrikadagi bolalar holidan xabar olish uchun Misrga ketdi", degan fikrni ham bildirdi. Boshqa faol esa, “Oila va salomatlik xalqaro anjumanida qatnashish uchun ketgan. Yaxshi gumonda bo‘vuraylik” deb yozdi. Telegramdagi “Vodiy bozor” kanali esa boshqa bir vazir o‘rinbosari boshiga tushgan kulfatga e’tibor qaratdi:

“31-dekabrdan 1-yanvarga o‘tar kechasi Qamchiq dovonida vazir o‘rinbosarining oila-a’zolari bo‘lgan avtomobil tog‘da halokatga uchragan.

Vazir o‘rinbosarining rafiqasi va 3 yoshli qizi vafot etgan, amaldorning o‘zi shifoxonaga yotqizilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, YTHga uchragan Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Vohid Ahmadjonov shaxsiy avtomobilida Yangi yil bayramini nishonlash uchun vodiyga ketayotgan bo‘lgan”.

Qamchiq dovoni
Qamchiq dovoni

3. Sazoyi

3 - yanvar kuni TikTok kanalida qo‘yilgan bir yarim minutlik video tarmoqni samosudga qarshi va tarafdorlardan iborat ikki guruhga bo‘lib tashladi. Videoda IIBga qoidabuzar haydovchilar haqida ma’lumot yetkazgan andijonlik yigitni mashina yukxonasiga qamab, “samosud” qilish aks etgan edi. 3 - yanvar kuni tarqalgan videoda davlat raqami 60 168 FBA bo‘lgan Spark mashinasining orqa bagajiga qamab qo‘yilgan yigit aks etgan. Tasvirda yigitning qanshari yorilgani ham ko‘rinadi. "Telefonini bermanglar, buvingni ..." degan so‘kish eshitiladi. Boshqalar ham haqoratga qo‘shiladi. Ko‘pchilik tarmoqlarda bu video “chaqimchi ushlandi” degan ijobiy muqovada taqdim qilindi.

Andijondagi "samosud"
Andijondagi "samosud"

Bloger Shahnoza Soatova esa, “samosudni qoralagan” ozchilik safida bo‘ldi:

“Qoidabuzarliklar haqida ma’lumot berish desa, deyarli hamma o‘zini haydovchi va potensial qoida buzuvchi hisoblab, “quloq”, “terpila” deyapti. Korrupsiyaga qarshi qonunbuzarliklar haqida xabar berish desa, birov miq etmadi, e’tibor ham bermadi.

Endigina lavozimga o‘tirgan bir amaldor opaning ta’tilini muhokama qilamiz, to‘g‘ri, bu ham jamoatchilik nazorati. Lekin nega qoidabuzarliklarga jamoatchilik nazoratini tatbiq qilsa, dod solamiz? Jamoatchilik nazorati faqat ayrimlarni tanlab olib trolling qilishmi? Demokratiya faqat bizga qulay va faqat bizga yoqadigan tartiblarmi?

Biz faqat o‘zimizga yoqadigan, manfaatimizga mos va bizdan hech nimani o‘zgartirishni talab qilmaydigan narsalarni adolat deb hisoblayapmiz.

Asli mana shu xulqimiz o‘zi adolatsizlik. Adolatsiz jamiyat adolatsiz amaldordan xavfliroq. Chunki amaldorlarni jamiyat bir kun kelib o‘zgartirishi mumkin, ammo jamiyatni hech kim o‘zgartirolmaydi, o‘zidan boshqa. Jamiyat o‘zi adolatsiz bo‘lsa, o‘zining adolat to‘g‘risidagi tushunchalari noto‘g‘ri bo‘lsa, bu – dahshat, bu umid yo‘q degani.

Odamlar, siz o‘zingiz o‘tirgan shoxni arralayapsiz, o‘zingiz ham bir kun kelib amaldor bo‘lib qolsangiz, yoqmagan, noqulay, o‘zgarishni talab qiladigan tartiblarni buzishingiz mumkinligini ko‘rsatyapsiz. Xo‘sh, siz o‘sha korruptsioner, o‘g‘ri, noshud amaldordan qayeringiz yaxshi shunda?

Siz bu ishingiz bilan, o‘zingiz talab qilayotgan adolat prinsipiga ko‘ra, qonunbuzar "katta"larning qo‘liga dastak beryapsiz, ularni xotirjam qilyapsiz ("bularga qattiqroq turish kerak"), erkin, uyg‘un, demokratik jamiyat qurish "bizgamas" degan "messej"ni yo‘llayapsiz-ku!

Avval uni qilib qo‘ysin, keyin... avval bunday sharoit qilib qo‘ysin, keyin...

Mana shu yigitni samosud qilayotganlar o‘zlari qoida buzmabdimi, umrida qizil chiroqqa o‘tmabdimi, uzluksiz chiziqni buzib qayrilmabdimi, tezlikni oshirmabdimi? Nega antiradarning bozori chaqqon unda?

Avval o‘zing qoidaga rioya qilib yur, keyin boshqalarni “ko‘cha ponyatkalari” bilan “terpila” degin, deyilsa-chi? Yoqmaydi a?

Suf-e, “adolatchilar”!”

Shahnoza Soatova
Shahnoza Soatova

4. Yetti Neksia puliga tunuka nomer olish vasvasasi

SMM-menedjer Noila Qutliyevaga ko‘ra, prezidentning ruscha tabrigi atrofidagi muhokamani chetga surib qo‘ygan muhim kontent Samarqandda 30 Z 777 ZZ avtoraqami onlayn kimoshdi savdosida 596 million 525 ming so‘mga sotilgani haqidagi xabar bo‘ldi.

Qariyb 600 million so‘mga sotilgan "chiroyli" avtoraqam
Qariyb 600 million so‘mga sotilgan "chiroyli" avtoraqam

Bu pulga O‘zbekistonda kamida 7 dona yangi Chevrolet Nexia-3 avtomobilini sotib olsa bo‘ladi.

Mazkur raqam savdoga 2020 - yil 14 - dekabr kuni qo‘yilib, boshlang‘ich narxi 111 million 500 ming so‘m qilib belgilangandi.

Shu yil 4 - yanvarida kimoshdida avtoraqam uchun qariyb 60 ming dollar taklif qilgan xaridor bu borada yangi rekord o‘rnatdi.

Ko‘pchilik tarmoq faollari “bir parcha tunukaga shuncha pul sarflagani uvol” deb turganda, yozuvchi va tarmoq faoli Shukur Jabbor “chiroyli nomer” sotishni yoqlab chiqdi.

“Auksionda 596 mln so‘mga sotilgan shu nomerni olgan qandini ursin! Kim bo‘lsa ham bor-yo‘g‘i bir havasmand odam ekan, shu xolos. O‘sha pul baribir davlatga tushadi. Faqat havas qilish kerak... Agar bu nomerni tadbirkor odam sotib olgan bo‘lsa yana bir bor qoyillarim!

Juda tanqid qilgingiz kelsa shunday xajmdagi pulni chet elga olib chiqib villa quradigan, do‘ppisi tor kelib qolganida xalqdan o‘margan pullari bilan chet elga qochadigan haromxo‘r bir qop go‘sht korrupsiyachi amaldorlarni tanqid qiling!

Yana shunday haromxo‘rlar borki, korruptsiyada ayblangach pullari chet el banklarida muzlatilgach, o‘zi ham ishlatolmaydigan mablag‘i ditsitrilion astronomik summani tashkil etadiganlari bor...”

TikTok siyosiy xabarlarga ham platforma bo‘lmoqda
TikTok siyosiy xabarlarga ham platforma bo‘lmoqda

Bu koronami?

Bu satrlarga nuqta qo‘yishdan oldin Ozodlik muxbiri Tik Tokga mo‘raladi. 5 - yanvarga kelib Tiktokchilar bu to‘rttala mavzuni unutib, yangi trendga olqish aytmoqda. Trend “Bu koronami?” deb ataladi. Videolavhada ikki odam aksiradi va uchinchi odam “bu koranami?” deb so‘raydi. Shu bilan birga, katta Farg‘ona kanalida cho‘kib o‘lgan bola va pepsi-kolaga damlangan osh videolari ham oshig‘ich ixlos bilan ko‘rilmoqda.

O‘zbekistonliklar orasida eng ko‘p tarqalgan tarmoq
O‘zbekistonliklar orasida eng ko‘p tarqalgan tarmoq

Media o‘ldi, yashasin sotsial media!

Qutliyevaga ko‘ra¸ o‘zbek sotsial mediasi tor doiradan chiqib, butun millat axborot oladigan asosiy resursga aylanish yo‘lida turibdi:

«Nafaqat qog‘oz gazeta, balki saytlar ham kechagi kunga aylandi. Bugun 13 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan tengdoshlarim axborotni Instagram¸ Telegram va TikTokdan olmoqda. DataReportal va Google Analytics ma’lumotlari ham men aytganimni tasdiqlaydi. Tengdoshlarim kuniga o‘rtacha 3 soatdan tarmoqda o‘tirib xabar almashadi. Chiroq o‘chsa ham telefon o‘chmaydi. Ba’zi tengdoshlarim hatto sayt nimaligini ham bilmaydi. Ular TikTokda vaqt-umr o‘tkazishadi. Ikki yil oldin TikTok yo‘q edi, biz Instagram va Odnoda edik. Bugun TikTokdamiz. Men shaxsan 6 ta tarmoqda faolman. Bular FB¸ Yutyub¸ Insta¸ Tvitter¸ Telegram va TikTok.”

Tarmoq bashorati
Tarmoq bashorati

XS
SM
MD
LG