Линклар

Шошилинч хабар
16 апрел 2024, Тошкент вақти: 20:01

“Clubhouse’da Putinning qizi bilan chaqchaqlashdim!” Yangi ijtimoiy tarmoq qay jihatlari bilan auditoriyani rom etmoqda


Clubhouse ijtimoiy tarmog‘i – bugungi kunda internetda eng ko‘p muhokama qilinayotgan hodisalardan biridir. Yangi platformaga kirish cheklangan: uning auditoriyasi hozircha millionlar bilan emas, minglar bilan o‘lchanadi. Ammo tarmoq allaqachon yangiliklarga mavzu topib bera boshladi. Xususan, kecha oqshom VVS jurnalisti Andrey Zaxarov Clubhouse’da o‘z surishtiruvi qahramoni, Vladimir Putinning ehtimoliy qizi bilan muloqot qilgani haqda yozdi.

RBK ma’lumotiga ko‘ra, 16 - fevralgacha mazkur ijtimoiy tarmoq ilovasini Rossiyadan 137 ming kishi yuklab olgan. Bu bir hafta oldingiga nisbatan 17 baravarga ko‘pdir.

Clubhouse internetda asosiy trend bo‘lib turibdi: faol foydalanuvchilar uni xush ko‘radi, uning “bag‘ri”da sutkalab qolib ketadi. Ko‘pchilik esa unga ro‘yxushlik bermayotir, chunki platformaning mazmun-mohiyatini hali to‘liq anglab yetganlaricha yo‘q.

Clubhouse – amerikaliklar 2020 - yilda ishlab chiqqan ilova bo‘lib, unda faqat ovozli muloqot qilish mumkin. Startapni o‘z vaqtida kimsan Ilon Mask qo‘llab-quvvatladi. Mana, Tesla asoschisi 31 - yanvar kuni qoldirgan tvit: “Los-Anjeles vaqti bilan oqshom soat 10 da Clubhouse’da bo‘laman”.

Clubhouse ovozli platforma bo‘lgani sababli unda foto yoki video uzatish imkoni yo‘q. Qolaversa, suhbatlarni yozib olish ham mumkin emas – bu ijtimoiy tarmoq qoidalariga zid. Shunga qaramay, Tesla shirkati Ilon Mask bilan suhbatning audiotasmasini Yutubdagi kanalida e’lon qildi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: tarmoqda bu zaylda muloqot qilish rossiyalik foydalanuvchilar uchun nechog‘li xavfsiz? Axir, Rossiyada hatto birgina tvit uchun ham qamab qo‘yishlari mumkin-ku?!

Clubhouse’ning rus segmenti endigina tetapoya qilmoqda. Tarmoqda hozircha qiziqchi Aleksandr Dolgopolov, rejissyor Kanemir Balagov, teleboshlovchi Nastya Ivleyeva hamda bir talay jurnalistlar ro‘yxatdan o‘tgan.

“Putinning qizining Klabhausida bo‘ldim: ikki yuz chog‘li jurnalist piterlik beshta zumerning safsatasini eshitib o‘tiribdi”. VVS jurnalisti Andrey Zaxarov Tvitterda shunday yozuv qoldirdi.

Kecha u Clubhouse’da Putinning nikohsiz tug‘ilgan qizi ekani aytilayotgan Luiza Rozovaya bilan so‘zlashibdi. Bu suhbat butun dunyoda duv-duv gap bo‘ldi, u haqda yozmagan OAV qolmadi hisob. Alhosil, Clubhouse axborot manbaiga aylanmoqda.

Mazkur tarmoqqa kirish uchun boshqa foydalanuvchining taklifi – invayt kerak bo‘ladi. Yana ayfon ham. Android platformasida Clubhouse hozircha ishlamaydi. Mana shunday cheklovlar tufayli ijtimoiy tarmoq asoschilarini tabaqaviy ayirmachilikda ham ayblashmoqda.

Clubhouse’ga kirgan taqdiringizda ham dastlab birmuncha gangib qolishingiz hech gap emas. Akkauntingizga boshqa ijtimoiy tarmoqlar – Tvitter yoki Instragramdagi sahifalaringizni “bog‘lab” qo‘ysangiz, ish ancha qulay ko‘chadi: bu sizga do‘st-yor, tanishlaringizni tezroq topish imkonini beradi.

Xabarlar tasmangizda siz obuna bo‘lgan odamlar muloqot qilayotgan virtual bo‘lmalar va klublar ro‘yxatini ko‘rib turasiz. Va siz ushbu bo‘lmalardan biriga tinglovchi bo‘lib kirishingiz yoki o‘z xonangizni tashkil qilishingiz mumkin.

Suhbatga qo‘shilishni xohlasangiz “qo‘lingizni ko‘tarasiz”, ya’ni maxsus belgini bosasiz.

Muloqotlarda foydalanuvchilar orasidan tinglovchilarning o‘z fikrini aytishiga ruxsat beruvchi, ovoz ohangi va suhbat mavzusini nazorat qiluvchi shaxslar – moderatorlarni saylash mumkin.

Ana shunday moderatorlardan biri, eng ommabop mavzuli bo‘lmalardan birining asoschisi Anatoliy Kapustin Clubhouse’ni 90-yillardagi Rossiyaga o‘xshatadi: “U yerda hozir boshlang‘ich sarmoya jamg‘arilyapti: faqat bu pul emas, balki ijtimoiy sarmoyadir, ammo keyinchalik pul ko‘rinishiga kirishi mumkin”, – deydi u.

Clubhouse’da xayriya ishlari bilan ham shug‘ullanishadi. Masalan, bionikllar guruhi (kommyuniti) norozilik namoyishlarida ishtirok etgani uchun o‘qishda muammolarga duch kelgan talabalarni qo‘llovchi DOXA.ovd loyihasiga moddiy ko‘mak ko‘rsatishga targ‘ib etmoqda.

Lego o‘yinchoqlari nomi bilan o‘zini “bionikllar” deb atovchi toifa Vladimir Solovyovning diqqatini tortdi. Taniqli teleboshlovchi Clubhouse’da, hatto o‘z dasturlari efirida ham ular bilan dahanaki jang qilmoqda. Ammo Solovyov yangi platformada ro‘yxatdan o‘tgan ham ediki, tarmoq unga darhol o‘z eshigini yopdi. Boisi – foydalanuvchilarning arzu shikoyati! Ushbu voqea boshqalarni ham yangi ijtimoiy tarmoqda akkaunt ochishga undasa ajab emas.

XS
SM
MD
LG