Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 18:46

COVID-19: Shifokorlar bemor qabul qilish o‘rniga uyma-uy yurishga majburlanayotganidan norozi


Joriy yil iyulida "O‘zekspomarkaz" Toshkentdagi eng yirik COVID-19 taqsimot markaziga aylantirilgan edi
Joriy yil iyulida "O‘zekspomarkaz" Toshkentdagi eng yirik COVID-19 taqsimot markaziga aylantirilgan edi

Chustlik vrachning iddao qilishicha, u yashaydigan aholisi 18 ming kishilik qishloqda COVID-19 va uning asoratlaridan kamida 25 kishi vafot etgan.

Bu haqda Ozodlikka gapirgan shifokor ishlaydigan qishloq oilaviy poliklinikasi bosh vrachi kamida 25 kishi koronavirusdan o‘lganini qat’iyan rad etdi. Uning aytishicha, faqat 2 kishi COVID-19 dan vafot etgan.

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, shu kunda COVID-19 dan 6570 bemor davolanmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan raqam esa 2123 nafar.

Statistika talqinidagi bunday ziddiyatlar tibbiyot xodimlarini shu kunda tashvishga solayotgan yagona muammo emas.

Ismi oshkor etilishini istamagan Namanganning Chust tumanidagi qishloq oilaviy poliklinikasi (QOP) vrachi Ozodlikka o‘zi, hamkasblari va ayniqsa, bemorlarni bezovta qilayotgan vaziyat yuzasidan murojaat qilayotganini bildirdi.

"Bemor qabul qilish o‘rniga uyma-uy yuribmiz"

Vrachning yozishicha, so‘nggi ikki haftadan buyon poliklinika vrachlari uyma-uy yurishga majburlanyapti.

Uchastka vrachi ishga kunora keladi. Ishga kelmagan kuni vrach uyma-uy, xonadonma- xonadon kasal bo‘lmasa ham kiradi.

“Vrachlarning ishga kelmasdan uyma-uy yurishi aholida norozilik uyg‘otmoqda. Vrach qabuliga kelgan bemorlar norozi. Uchastka vrachi ishga kunora keladi. Ishga kelmagan kuni vrach uyma-uy, xonadonma- xonadon kasal bo‘lmasa ham kiradi. Bunaqa bo‘lmag‘ur siyosatdan poliklinika vrachlari obro‘si qoladimi?! Bu tizimda ongsizlikning chegarasi bormi?!” - deydi vrach ehtirosga to‘la xatida.

Ozodlik 19 -noyabrda maktub muallifi bilan bog‘landi. Uning aytishicha, bir kun ishga borib, bemor qabul qiladi, keyingi kun xonadonma-xonadon yuradi.

Xonadonlarga kirib nima qilasizlar, oilaning har bir a’zosini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazyapsizlarmi, degan savolga vrach “quruq qo‘l bilan ko‘rik o‘tkazib bo‘ladimi, shunchaki o‘zimizni tanishtirishimiz, aloqa o‘rnatishimiz kerak emish”, deb javob berdi.

ЭКСКЛЮЗИВ - Қабристон сукунати: Ковид қурбонлари ошмоқда, расмийлар сукутда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:07:55 0:00

Boshqa bir vrachning so‘zlaridan anglashilishicha, tibbiyot xodimlarining uyma-uy yurishi mamlakat bo‘ylab kuzatilayotgan holat. Andijonlik vrach tibbiyot xodimlariga yuklatilgan yangi vazifani Sog‘liqni saqlash vazirligiga yangi rahbar tayinlanishi bilan bog‘ladi:

Andijonda ham shu ahvol...

“Andijonda ham shu ahvol, vazir yangi bo‘lib, hamma tibbiyotchilar hokim quliga aylanishdi, aholining ijtimoiy muammolarini o‘rganishmo qda”.

Bosh vrach shifokorlarning uyma-uy yurganini tan oldi

Chustlik vrachning rahbari, QOP bosh vrachi (ism-familiyasi aytilmaslik sharti bilan savollarga javob berdi) vrachlarning uyma-uy yurganini tan oldi. Biroq bosh vrachning aytishicha, do‘xtirlarning xonadonma-xonadon yurishi ularning ishiga ta’sir qilmayapti.

Bir vrach xonadonlarda yurganida boshqa vrach uning bemorlarini qabul qilyapti.

“Bir vrach xonadonlarda yurganida ,boshqa vrach uning bemorlarini qabul qilyapti. Ertasiga ular almashishadi. Bemorlar kutib qolayotgani yo‘q. Men o‘zim koridorlarda yurib, shaxsan nazorat qilyapman”, - dedi Bosh vrach.

QOP rahbarining aytishicha, vrachlarning uyma-uy yurishi har doim ham bo‘lgan, biroq Prezident 6 - noyabrda o‘tkazgan selektor yig‘ilishidan so‘ng bu ish yanada kuchaytirilgan.

Faqat prezident ochiqlay oladigan haqiqat

Prezident Mirziyoyev 6 - noyabrda o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida sog‘liqni saqlash tizimiga oid boshqa masalar qatori qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalar faoliyatidagi muammolar tahlil qilingan edi.

Yig‘ilishda “qishloq vrachlik punktining umumiy amaliyot shifokori zimmasiga 146 turdagi kasallikka diagnoz qo‘yish va davolash, 213 turdagisiga birlamchi diagnoz qo‘yish va yo‘llanma berish, shuningdek, reabilitatsiya, dispanserizatsiya va profilaktika bo‘yicha juda ko‘p vazifalar yuklatilgani”, shu kunda “qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalarda 20 mingdan ziyod shifokor shtati bor, lekin atigi 12 ming mutaxassis ishlayotgani” aytildi.

“Prezident shifokorlarga munosib yaratish orqali ularni eng quyi bo‘g‘in – qishloq vrachlik punkti va oilaviy poliklinikalarga jalb qilish zarurligini ta’kidladi”.

Lekin aftidan, sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilari bu gaplarga emas, yig‘ilishda aytilgan boshqa gapga ko‘proq e’tibor bergan ko‘rinadi.

Chustdagi QOP bosh vrachi bunday dedi:

“Selektor yig‘ilishida o‘zim ham qatnashdim. Muhtaram prezidentimiz “aholi hammalaringni tanisin, hammangiz uyma-uy yurib xizmat qiling” ,dedilar, shundan kelib chiqyapmiz, qolaversa, yil oxirlab qoldi, aholini ro‘yxatga olish ishlari bor...”

Statistikadagi quyidan yuqorigacha chalkashlik

Chustlik vrachdan u ishlayotgan hududda COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat to‘g‘risida ham so‘radik. Vrachning aytishicha, epidemiya tarqalganidan buyon QOP vrachlari xizmat ko‘satadigan aholisi 18 ming kishilik hududda 25-30 kishi COVID-19 dan yoki uning asoratlaridan vafot etgan.

Hududimizda shu kungacha 140 kishiga koronavirus yuqqani aniqlangan, shulardan faqat 2 kishi vafot etgan.

QOP bosh vrachi qo‘l ostida ishlaydigan do‘xtirning bu ma’lumotini keskin rad etdi. “Hududimizda shu kungacha 140 kishiga koronavirus yuqqani aniqlangan, shulardan faqat 2 kishi vafot etgan”, - dedi Bosh vrach.

Namangan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi huzuridagidagi COVID-19 ga qarshi kurash shtabi mulozimi Ozodlikning vaziyatga oid barcha savollariga bir xil javob berish bilan cheklandi: “Ahvol yaxshi”.

Koronavirus statistikasiga oid “turli talqinlar” nafaqat bosh va oddiy vrach o‘rtasida, balki mamlakat rahbari bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida ham kuzatilmoqda.

Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, davlat rahbari 17 - noyabrda o‘tkazgan selektor yig‘ilishida koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat tahlil qilingan va shu kungacha virusga chalingan soni 70 ming nafardan ortgani, 6 ming 570 bemor davolanayotgani aytilgan.

Biroq vazirlik ma’lumotlarida o‘sha kuni davolanayotganlar 2123 kishi deb ko‘rsatilgan.

Bu tafovutni Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati rahbari Furqat Sanayev o‘sha kuniyoq kun.uzga bergan intervyusida mana bunday tushuntirishga urindi:

- Sog‘liqni saqlash vazirligi faqat koronavirus infeksiyasi laborator tahlillarga asosan aniqlangan bemorlarnigina statistikaga kiritadi. 6570 nafar bemor davolanayotgani rost, ammo ularning 2123 nafaridagina bu virus rasman tasdiqlangan.

Ayni paytda vazirlik prezidentga nega testi tasdiqlanmaganlarni ham COVIDga chalingan, deb ma’lumot bergani qorong‘u qolmoqda.

O‘zbekistondagi COVID - 19 statistikasi aynan shunday yuritilayotgani avval ham ochiqlangan. 30 - iyul kuni AOKAda o‘tkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibullo Oqilov faqat PZR tahlili koronavirusni tasdiqlagan bemorlar statistikaga kiritilayotgani, pnevmoniya tufayli vafot etgan, lekin o‘limiga qadar koronavirus tashxisi qo‘yilmagan marhumlar esa statistikaga kiritilmayotganini bildirgan edi.

Biroq jahondagi aksar davlatlar, jumladan, O‘zbekistonning yaqin qo‘shnilari ham pnevmoniyani koronavirus statistikasiga qo‘sha boshlagan. Qozog‘iston 1 - avgustdan boshlab, Qirg‘iziston esa, 17 - iyuldan buyon koronavirus infeksiyasi topilmagan, biroq pnevmoniyadan vafot etganlarni Covid-19 qurbonlari deb hisoblamoqda.

Mutaxassislar o‘lim amalda ko‘pligini, rasmiy xabarlarda esa, COVID-19 qurbonlari soni oz ko‘rsatilayotganini aynan shu holat bilan izohlamoqda.

Prezident 17 - noyabrda o‘tkazgan yig‘ilishda koronavirusdan 599 kishi vafot etgani qayd etildi. Qiyoslash uchun: aholisi 6 mln kishiga yetmagan Qirg‘izistonda shu kungacha 1217 kishi COVID-19 qurboni sifatida qayd etilgan.

Ozodlikning shu oy boshida o‘tkazgan surishtiruvi poytaxt Toshkent va kamida 4 viloyatda so‘nggi haftalarda COVID-19 dan o‘lganlar soni keskin oshib ketganini ko‘rsatgan.

Joylarda Ozodlik suhbatlashgan imomlar janoza ko‘payganini aytishgan.

Avalroq Telegram tarmog‘idagi 10 mingdan ortiq o‘quvchisi bo‘lgan “Fidokorlar” kanalida 2020 yilda vafot etgan 500 ga yaqin tibbiyot xodimining ism-familiyasi, ish joyi va suratlari e’lon qilindi.

E’lonlarda bu tibbiyotchilar aynan nima sababdan vafot etgani yozilmagan, ammo aksar postlarga yozilgan sharhlarda, yaqinlari va hamkasblari ularning koronavirus yuqtirgach vafot etganini yozishgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi bu ma’lumotlar yuzasidan sharh bermagan.

XS
SM
MD
LG