Damashqda hokimiyat Bashar Asad rejimi muxoliflariga o‘tganidan eronparast qurolli guruhlarning katta qismi Suriyani tark etdi. The Wall Street Journal (WSJ) nashrining xabar qilishicha, muxolifat Damashqda hokimiyatni egallab olgan paytda minglab eronparast jangari hali ham Suriyada edi, ularning bir qismi mamlakat sharqida, ayrimlari esa poytaxt Damashqning o‘zida bo‘lgan.
WSJ nashrining o‘z manbalaridan olingan ma’lumotga tayangan holda qayd etishicha, keyinroq Islom inqilobi posbonlari korpusi zobitlari doxil asosiy eronparast kuchlar Eronning Suriya chegarasiga yaqin yerda joylashgan al-Qaim shahriga ko‘chib o‘tishgan.
G‘arblik diplomatlar chekinish chog‘ida eronlik harbiylar va ularning ittifoqchilari Suriyada anchagina qurol-aslaha va harbiy anjomlarni qoldirib ketishgan. Eronga qarashli bu aslahalar qisman Isroil tomonidan yo‘q qilingan yoxud qator davlatlarda terror tashkiloti deb topilgan “Hay’at Tahrir ush-Shom” (HTSH) guruhi tomonidan o‘lja o‘laroq olingan.
AQSH Davlat kotibining Yaqin Sharq ishlari bo‘yicha yordamchisi Barbara Lif fikricha, Suriya endilikda Eron uchun “dushman hududi”ga aylangan. Vashingtondagi eronlik va iroqlik diplomatlar AQSH Davlat kotibi yordamchisining bu fikrlari yuzasidan izoh bermaganlar.
O‘tgan yilning dekabr oyida HTSH va Suriyaning yangi ma’muriyati rahbari Ahmad ash-Shara’a eronparast kuchlarning Suriyadan ketishi “Eronning mintaqaviy ambitsiyalarini 40 yil ortga uloqtirib yuborgan”ini bildirgan edi. Shu bilan birga, ash-Shara’a Eronning Suriyadan ketishi mintaqa taraqqiyoti manfaatlariga xizmat qilishini urg‘ulagan.
The Wall Street Journal maqolasida Suriya Eron siyosatida katta rol o‘ynagani qayd etilgan. Eron rahbarlari Suriya hududi orqali Livandagi “Hizbulloh” radikal guruhiga qurol-aslaha yo‘llab turgan, ayni paytda Eron o‘z qurolli kuchlarini Isroil hududi yaqinida joylashtirish imkoniyatiga ega bo‘lgan.
AQSH Tehron Suriyaning yangi rahbariyati yo‘nalishiga ta’sir ko‘rsatish uchun o‘zining eski pishanglaridan foydalanishga urinib ko‘rishi mumkinligidan xavotir olmoqda, boz ustiga, Suriyadagi vaziyatni hozircha barqaror deb bo‘lmaydi.