Линклар

Шошилинч хабар
22 июн 2021, Тошкент вақти: 00:44

“Dard ustiga chipqon”. G‘azo shifoxonalari urush qurbonlarini davolashga ojizlik qilmoqda


Isroil G‘azoni bombardimon qila boshlashi ortidan vaziyat yanada og‘irlashdi.

Bir necha hafta oldin G‘azo sektorining zaif sog‘liqni saqlash tizimi koronavirusga chalinganlar soni ko‘paya boshlagani sabab mushkul ahvolga tushib qolgan edi. Mahalliy rasmiylar kasalxonalarning operatsiya bo‘limlarini koronavirus bemorlari uchun bo‘shatib, shoshilinch bo‘lmagan tibbiy yordam ko‘rsatishni to‘xtatib qo‘ydi.

“Dars ustiga chipqon” deganlaridek, Isroil G‘azoni bombardimon qila boshlashi ortidan vaziyat yanada og‘irlashdi.

Joriy haftada Isroil va “Hamas” o‘rtasidagi ziddiyat tufayli 119 nafar falastinlik, jumladan, 31 nafar bola halok bo‘ldi, 830 ga yaqin kishi yaralandi. Isroil havodan xonadonlar, mashina va binolarga zarba berdi.

Gavjum sohil anklavi bo‘ylab joylashgan shifokorlar endilikda reanimatsiya bo‘limlari faoliyatini qayta yo‘lga qo‘ymoqda. Ular qo‘li qo‘liga tegmay yaralanganlarni davolash va amputatsiya qilish bilan mashg‘ul.

Jarohat olganlarning yaqinlari tez yordam mashinalarini kutmay, bemorlarni shaxsiy avtoulovda yoki piyoda hududdagi eng katta “Shifo” kasalxonasiga yetkazmoqda.

Jabaliya shahridagi “Indoneziya” shifoxonasi yaqiniga bomba tushgach, mazkur klinika ham bemorlarga to‘ldi. “Assoshieyted Press” agentligi bemorlar hatto shifoxona yo‘laklarida yotganini xabar qildi.

Uzoq yillik ziddiyatlar tufayli 2 milliondan ortiq aholi yashaydigan G‘azo sektorining sog‘liqni saqlash tizimi butkul izdan chiqqan. “Hamas” va G‘arbiy Sohilda faoliyat yuritadigan Falastin ma’muriyati o‘rtasidagi ixtilof va 14 yildan beri davom etayotgan qamal tufayli mintaqa infratuzilmasi ayanchli ahvolga tushib qolgan. Shifoxonalarda qon, jarrohlik lampalari, anesteziya vositalari va antibiotiklar yetishmaydi. Shaxsiy himoya vositalari, nafas olish apparatlari va kislorod idishlari esa yanada taqchildir.

O‘tgan oyda G‘azoda kundalik koronavirus yuqtirish holatlari va o‘lim soni rekord darajaga etdi. Bunga virusning ilk bor Britaniyada aniqlangan shtammi shiddat bilan tarqalishi hamda aholi beparvoligi turtki bo‘ldi.

Ishsizlik darajasi 50 foizni tashkil etadigan G‘azoda omon qolish istagi oldida sog‘liqni saqlash mutaxassislari tavsiyalari muhim ahamiyat kasb etmaydi. Test ko‘lami cheklangan bo‘lsa-da, sog‘liqni saqlash idoralari bugunga qadar 105 700 dan ortiq odam virus yuqtirgani va 976 kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

O‘tgan yili rasmiylar klinikalarni COVID-19 bemorlari uchun hozirlagan edi. Ammo shiddatli havo hujumlari ortidan vaziyat o‘zgardi.

Xon Yunus shahridagi “Yevropa” kasalxonasida hamshiralar yaradorlarga o‘rin topish maqsadida yarim tunda o‘nlab virus yuqtirgan bemorlarni boshqa binoga ko‘chirishga majbur bo‘lgan.

Shifoxona rahbari Yusuf al-Aqqod agar vaziyat yanada keskinlashsa, klinikada kovidga chalingan bemorlarni davolab bo‘lmasligini aytdi.

Eng yomoni, seshanba kuni Isroil havo hujumlarida G‘azo shahri shimolidagi ikkita sog‘liqni saqlash klinikasi ham ziyon ko‘rdi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga (JSST) ko‘ra, hujumlar ortidan “Hala ash-Shava” shifo maskani vayron bo‘lgan, tibbiy xodimlar evakuatsiya qilingan. “Indoneziya” kasalxonasiga ham zarar yetgan.

2014 - yilgi urush paytida harbiy jinoyatlarga qo‘l urgani uchun Xalqaro jinoyat sudi tomonidan tergov qilinayotgan Isroil bu hafta nishonga olingan hududlar aholisi avvaldan ogohlantirilganini iddao qildi. Ammo havo hujumlarida tinch aholi vakillari halok bo‘layotgani, hudud infratuzilmasi katta zarar ko‘rayotgani rad etib bo‘lmas holatdir.

JSSTning G‘azodagi vakolatxonasi rahbari Sasha Butsmaning aytishicha, zo‘ravonlik tufayli koronavirus testini o‘tkazadigan o‘nlab sog‘liqni saqlash markazlari yopilgan. To‘qnashuv boshlanishidan oldin kuniga 3000 ta test olinayotgan bo‘lsa, bugunga kelib bu ko‘rsatkich 300 ga tushib qolgan.

Тавсия этилади

XS
SM
MD
LG