O‘zbekistondagi vazirlik, idora va hokimliklar 2025-yilda tejamkorlik va barqarorlikni ta’minlash tamoyili asosida byudjet mablag‘larini tejash va samaradorligini oshirish bo‘yicha bir qator choralarni ko‘rishi lozim. Prezidentning 1-yanvardan kuchga kirgan “Davlat byudjetining 2025-yil ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida shu kabi talablar nazarda tutilgan.
Qarorga asosan joriy yil oxirigacha quyidagilar bo‘yicha taklif kiritish taqiqlanadi:
• respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining boshqaruv xodimlari ish haqi miqdorini oshirish (mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini oshirish bundan mustasno);
• Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar byudjetlarining qo‘shimcha manbalari hisobidan xizmat avtomobillari (maxsus avtotransport vlositalari bundan mustasno), qimmatbaho yumshoq mebellar va ofis jihozlari (ta’lim, ilm-fan, sog‘liqni saqlash, qishloq va suv xo‘jaligi sohalarida foydalaniladiganlardan tashqari) xarid qilish.
Belgilanishicha, respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari hisobidan xizmat avtomobillari, qimmatbaho yumshoq mebellar va ofis jihozlari faqat Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda xarid qilinadi.
Byudjet tashkilotlarining 2025-yil uchun xarajatlar smetasini tuzishda mebel, ofis jihozlari hamda tovar-moddiy zaxiralarini xarid qilish xarajatlari miqdorini 2024-yilga nisbatan 10 foizga kamaytirgan holda (bog‘chalar, umumta’lim maktablari va sog‘liqni saqlash muassasalaridan tashqari) rejalashtirish topshirig‘i berilgan.
So‘nggi vaqtlarda vazirlik va hokimliklarning qimmatbaho mashinalar xarid qilayotgani jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘layotgan edi.
Ozodlik avvalroq Samarqand viloyati hokimligi 630 million so‘mlik avtomobil xaridiga oid qarorni yashirib qo‘ygani haqida xabar qilgan edi.
Shuningdek, gardanidagi 6,6 milliard so‘m qarz ham Andijon tumani hokimligini qimmatbaho avtoulov sotib olishdan to‘xtata olmagan.