Линклар

Шошилинч хабар
26 апрел 2024, Тошкент вақти: 12:27

Dronlar urushi. Ukraina qo‘llayotgan o‘ziuchar apparatlar Rossiyanikidan yaxshimi?


Dronlar bugungi kunda urushning ajralmas qismiga aylangan. Ukrainadagi urushda ham ular ikkala tomonda faol qo‘llanmoqda. O‘ziuchar apparatlar boshida nishonlarga mustaqil zarba berardi, ammo vaqt o‘tishi bilan HHM tizimlari ularni tez-tez urib tushiradigan bo‘ldi, shu bois yirik dronlar hozirda dushman pozitsiyalariga yaqinlashmay, chekkaroqdan kuzatuv olib bormoqda.

Atlas Aerospace shirkati eng zamonaviy dronlar ishlab chiqaradi. Bu dronlar qutqaruv xizmatlari tomonidan odamlarni qidirib topishda yoki harbiy maqsadlarda qo‘llanadi. Atlas Aerospace o‘ziuchar apparatlari Ukraina Qurolli kuchlarida ham bor. Ularning eng texnologik murakkab qismi – dushman nishonlarini avtomatik tartibda qayd etuvchi kameradir.

“Ular tasvirni yerga – NATO qo‘mondonlik punktiga ham uzatadi va tasvir xaritaga tushiriladi. Hozir Ukrainada ham shunaqa qo‘mondonlik markazlari tashkil qilingan. Dron tasvirlari jarayonni juda tezlashtiradi, chunki nishon qayerdaligini, uning koordinatlarini darrov bilasiz, natijada artilleriya zarbalari aniq va tez yo‘naltiriladi”, deydi Atlas Aerospace direktori Ivan Tolchinskiy.

Rossiya qo‘llayotgan dronlarda bunaqa texnologiya yo‘q. Ukraina razvedkasi ma’lumotiga ko‘ra, UQK Rossiyaning 700 dan ortiq o‘ziuchar apparatlarini urib tushirgan. Ular orasida bir qancha “Orlan 10” dronlari bor edi. “Orlan” – Isroil foydalanmay qo‘yganiga 15 yil bo‘lgan eski rusumdagi o‘ziuchar apparat negizida ishlab chiqarilgan.

“Rossiya armiyasi eski texnikalardan foydalanishi yangi texnologiyalarni keng ko‘lamda qo‘llash imkoniyatini yo‘qqa chiqaradi. Yangi texnika, masalan, M-777 gaubitsalarini oladigan bo‘lsak, u dronlar bilan yagona kompleks hosil qiladi. Ya’ni, ma’lumotni qabul qilish va u bilan ishlash tizimi o‘t ochishni boshqarish, nishonga olish va zarba berish tizimi bilan uyg‘un bo‘lishi kerak”, deydi ukrainalik harbiy ekspert Sergey Grabskiy.

Zamonaviy dron kamerasi xaltachaga bemalol sig‘adi, apparatning o‘zini bir kishi boshqarishi mumkin. Dron nishonni qayd etadi va uning koordinatlarini qo‘mondonlik punktiga yo‘llaydi, bir necha daqiqadan so‘ng esa zambaraklar aniq koordinatlarga qarata o‘t ochadi. Rossiya armiyasi dronlari bunchalik mukammal emas.

“Kameralar senga zarur ma’lumotlarni bera olmagach, artilleriya zarbalarini aniq yo‘naltirish oson emas. Agar kamera artilleriya janglari uchun maxsus ishlab chiqilgan bo‘lsa, u sizga ma’lumotni shunga mos shaklda yetkazib beradi. Ikkinchidan, Rossiya dronlarida tasvir sifati ancha past, chunki ularda 90-yillar oxiri – 2000-yillar boshida chiqqan eski sensor va chiplardan foydalanilgan”, deya izoh beradi Atlas Aerospace shirkati direktori Ivan Tolchinskiy.

Ukrain armiyasi ayg‘oqchi dronlardan tashqari, zarbdor – dushman nishonlariga qarata o‘zi mustaqil ota oladigan apparatlarni ham qo‘llamoqda. Xalqaro harbiy ekspertlar Ukraina janubi va sharqida bo‘layotgan janglarni artilleriya urushi deb ataydilar. Artilleriya samarali ishlashi uchun esa uning zarbalarini dronlar orqali yo‘naltirish lozim.

“Bu juda muhim omil. Chunki dronlar nishon koordinatlarini aniq bilish imkonini beradi. Agarda koordinatlar aniq qayd etilsa, artilleriya qurilmalari nishonga albatta tegadi. Qolaversa, Ukrainaga keltirilayotgan artilleriya qurollari ham o‘ta aniqligi bilan ajralib turadi. HIMARS’lar ham, MLRS’lar ham, boshqa quvurli artilleriya ham nihoyatda aniq ishlaydi”, dedi ukrain harbi eksperti Yuriy Fyodorov.

Rossiya va Ukraina armiyalari o‘rtasida texnologik ayirma borgan sari kengaymoqda. Rossiyaliklar harbiy dronlar sotib olish uchun Eron bilan topishishga urinar ekan, Ukraina Qurolli kuchlari G‘arb xususiy shirkatlarining eng yangi texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan o‘ziuchar apparatlarini xarid qilmoqda.

XS
SM
MD
LG