Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2025, Тошкент вақти: 21:26

Dushanbe boshpana so‘ragan 60 chog‘li afg‘onistonlikni badarg‘a qildi


Balxiy tumanida afg‘onistonlik qochqinlar uchun barpo etilgan uylar (arxiv surati)
Balxiy tumanida afg‘onistonlik qochqinlar uchun barpo etilgan uylar (arxiv surati)

Joriy haftada oltmishga yaqin afg‘onistonlik boshpana so‘rovchi Tojikistondan chiqarib yuborildi. Afg‘onistonning Horug‘dagi konsulligi vakili 5-dekabr kuni bu ma’lumotni tasdiqlab, bu odamlarning hammasi Sherxon-Bandar nazorat-o‘tkazish maskani orqali Afg‘onistonga qaytishganini qayd etgan.

Ismi oshkor etilishini istamagan konsullik xodimiga ko‘ra, “badarg‘a qilingan afg‘onistonliklar Vahdat shahri, Rudakiy tumanida va Dushanbeda yashab va ishlab yurganlar”.

“Ularning hujjatlari joyida edi, shuning uchun ularning mamlakatdan chiqarib yuborilishi sababini bilmayman. Afg‘onistonlik fuqarolarning ko‘pchiligi Vahdat militsiyasi xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Avvaliga 16 kishi, keyin esa yana 40 kishi badarg‘a qilingan”, degan u.

Dushanbe yaqinida joylashgan Vahdat shahrida yashab kelgan afg‘onistonlik qochqinlardan biri Ro‘yo Hofiziy uning eri Naqibullo Hofiziy 4-dekabr kuni Tojikistondan chiqarib yuborilganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, ularga mamlakatdan chiqarib yuborish sababini hech kim aytgan emas. Bu oila Tojikistonda besh yildan beri istiqomat qilib keladi.

Chorshanba kuni erim mahalliy militsiya bo‘limida bo‘lgan, so‘ngra qo‘lga olinganlarning hammasi Dushanbega olib kelingan. Keyinroq erim chegaradan turib qo‘ng‘iroq qildi. Mening besh farzandim bor. Biz yerto‘laga o‘xshagan joyda yashaymiz. Erim oilamizning yagona boquvchisi edi va endi men nima qilishimni bilmayman”, degan afg‘onistonlik ayol.

Tojikiston IIV matbuot kotibi Nusratullo Mahmadzoda Ozodlikning tojik xizmatiga afg‘onistonlik fuqarolar mamlakatdan badarg‘a qilinganidan xabari yo‘qligini aytgan. Biroq, unga ko‘ra, “qonunchilikka muvofiq, Tojikistonda bo‘lgan xorijlik fuqarolar mamlakatda yurish qoidalarini buzgan paytda badarg‘a qilinishi mumkin”.

Ko‘p yillar oldin Tojikistonga o‘tib kelgan afg‘onistonlik qochqinlar asosan Dushanbe chetlarida istiqomat qilishadi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, ular soni 10 mingga yaqin.

BMT ma’lumotlariga muvofiq, 2022-yili Tojikiston rasmiylari kamida 85 nafar afg‘on qochqinini mamlakatdan chiqarib yuborgan. Rasmiy Dushanbe bu jarayon yuzasidan biror-bir izoh bergan emas.

XS
SM
MD
LG