O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati raisi Bahodir Qurbonovga general-polkovnik harbiy unvoni berilgani ma’lum bo‘lmoqda.
Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, DXX raisi 14-yanvar kuni Toshkentda Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan bayram tadbirida uch yulduzli general pogoni taqilgan formada qatnashgan.
General-polkovnik O‘zbekistonda tinchlik davrida beriladigan eng yuqori harbiy unvon sanaladi.
55 yoshli Bahodir Qurbonov 2024-yil noyabridan buyon mamlakat maxsus xizmatini boshqarib kelmoqda.
Ozodlik avval xabar qilganidek, 2024 yil 23 noyabr kuni o‘tgan hukumat majlisida prezident Shavkat Mirziyoyev DXX raisi Abdusalom Azizovni lavozimdan bo‘shatgan va uning o‘rniga mudofaa vaziri Bahodir Qurbonovni tayinlagandi.
Bahodir Qurbonov 2015-2018-yillarda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘i, 2018-2019-yillarda, Toshkent harbiy okrugi qo‘shinlari qo‘mondoni, 2019-2024-yillarda O‘zbekiston mudofaa vaziri lavozimida faoliyat yuritgan. Unga 2021-yil 13-yanvarida general-leytenant harbiy unvoni berilgandi.