Линклар

Шошилинч хабар
23 июн 2021, Тошкент вақти: 07:19

DXX Superliga va Pro Ligada "kelishilgan o‘yinlar" hakamlarini ochiqladi, taniqli hakam Qatardan chaqirib olindi


O‘zbekiston terma jamoasi mashqlarda, oktabr, 2020 (Sport vazirligi saytidan olingan surat)

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) maxsus inspeksiyasi Superliga va Pro Liga o‘yinlaridagi korrupsion holatlarni o‘rganmoqda.

O‘FA bergan bayonotga ko‘ra, inspeksiya "kelishilgan o‘yinlar"ga aloqador futbol hakamlarini aniqlagan. Assotsiatsiya 3 hakam ismini e’lon qildi.

Ayni paytda, mahalliy nashlar o‘zbekistonlik taniqli hakam Sherzod Qosimov surishtiruvlar doirasida Qatardan chaqirtirib olinganini yozmoqda.

O‘FA prezidenti (ayni paytda Davlat xavfsizlik xizmati raisi) A. Azizov 12 -noyabr kuni yopiq yig‘ilish o‘tkazgani va unda "poraxo‘r hakamlar"ni ogohlantirgani haqida Ozodlik xabar qilgan edi.

O‘FA 28 - noyabr kuni tarqatgan bayonotda aytilishicha, futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspeksiyasi tomonidan:

"10 nafardan ortiq futbol hakamlari, professional futbol klublarining murabbiylari va rasmiy shaxslari bo‘yicha ma’lumotlar, tegishli futbol uchrashuvlari qaydnomalari, inspektorlarning futbol uchrashuvlari bo‘yicha hisobotlari, hakamlarning futbol faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi deklaratsiyalari, tegishli futbol uchrashuvlaridagi shubhali epizodlar aks etilgan videomateriallar O‘FA Etika qo‘mitasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi".

Bayonotda aytilishicha, ma’lumotlar 17 va 25 - noyabr kunlari O‘FA Etika qo‘mitasida muhokama qilingan. Qo‘mita qarori asosida:

- FIFA, OFK hakami J.Y.Muxtorov o‘yin natijasiga ta’sir qiladigan kelishuvlarda qatnashgani uchun 5 yilga futboldan chetlatilgan, 90 million so‘m jarimaga tortilgan,

- O‘FA Bosh hakami T.N.To‘xtasinov kelishuvlarda qatnashgani uchun 2021 - yilgi futbol mavsumida hakamlikdan chetlatilgan, 10 million so‘m jarimaga tortilgan,

- O‘FA Bosh hakami A.S.Nadjafaliyev real faktlarni buzib ko‘rsatishga uringani uchun 2020 - yil oxirigacha hakamlikdan chetlatilgan, 70 million so‘m jarimaga tortilgan.

Yana bir nechta yordamchi hakam, nazoratchi va futbol klublari mas’ullari jarimaga tortilgan.

O‘FA bayonotida maxsus inspeksiya tekshiruvlari davom etayotgani, noqonuniy holatlar aniqlangan taqdirda, Etika qo‘mitasi tomonidan ko‘rib chiqilib, yakuniy qaror qabul qilinishi aytilgan.

Ozodlik shu yilning 20 - noyabrida O‘FAda yopiq yig‘ilish o‘tkazilib, unda poraxo‘r hakamlar ogohlantirilgani haqida xabar qilgandi.

O‘FA prezidenti (ayni paytda Davlat xavfsizlik xizmati - DXX raisi) A. Azizov yig‘ilishda DXX tergovchilari pora olgan hakamlarni aniqlaganini aytgani xabar qilingan.

O‘FA va PFL tizimidagi rasmiylarga ko‘ra, rais hakamlar jamoasini keskin tanqid qilgan va pora olganiga doir "foto va video dalillar" borligini aytgan.

Dunyodagi eng zo‘r hakamlar o‘nligiga kiritilgan referi Ravshan Ermatov Ozodlik bilan qisqa muloqotda majlisda hakamlar masalasi jiddiy muhokama qilinganini tasdiqlagan.

Tribuna.uz saytining yozishicha, taniqli hakam Sherzod Qosimov Qatardan chaqirtirib olingan, "u ham kelishilgan o‘yinlarda qatnashgan bo‘lishi mumkin".

FIFAning yosh o‘zbekistonlik referisi Sherzod Qosimov Osiyo Chempionlar ligasi sharq mintaqasi uchrashuvlarida qatnashish uchun Qatarga jo‘nab ketgan edi.

Ozodlikning O‘FAdagi manbasi, 12 - noyabr kungi yig‘ilishda Sherzod Qosimov ham DXX raisi tomonidan ogohlantirilgan, degandi:

"O‘sha kuni Sherzod OFK (Osiyo futbol konfederatsiyasi Qatardagi o‘yinlari - tahr.) ga ketishi kerak edi. Borib kel, keyin bir qarorga kelamiz, debdi".

Tribuna.uz saytining yozishicha, Sherzod Qosimov avgust oyida "So‘g‘diyona" - "Bunyodkor" (3:3) o‘yinidagi bir qator shubhali qarorlari uchun Superliga bahslaridan 4 ta o‘yinga chetlatilgan, ammo bu haqda O‘FA rasman e’lon qilmagan.

Ayni paytda, ijtimoiy tarmoqda faol blogerlar korrupsion ayblovlar bilan yosh futbol hakamlari jazolanishi ortidan qator savollarni o‘rtaga tashlamoqda.

Jumladan, tanqli huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev shunday yozdi:

"2006/2007 - yilgi mavsumda Italiya futbolining eng yirik vakillaridan biri bo‘lgan «Yuventus» jamoasi kelishilgan o‘yinlarga aralashgani uchun «B» seriyaga tushirib yuborilgan edi. Bizda-chi? Bizda kuchimiz faqat hakamlarga yetadi-yu, klublarga kelganda jazolashning «o‘zbekona metodi» bo‘ladimi? Yoki hakamning pora olgani anig‘u, lekin kimdan olganini aniqlab bo‘lmay qoldimi? Shu savollarga kimdir javob bersa, xursand bo‘lardik».

Bunga qadar, ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka gapirgan o‘zbekistonlik jurnalistlardan biri, yosh futbol hakamlari klublar ortida turgan "qudratli shaxslar" o‘rtasida nochor qolgani, bu reallik haqida esa faol sport jurnalistlari ham yoza olmayotgani haqida aytgandi:

“Unaqa oldingiday qotirib maqola yozayotganlar yo‘q, yozib yurganlar ham jim bo‘lib qolishgan. Chunki hozir futbol federatsiyasi va futbol o‘yinlari orqasidagi ishlarga prezidentning kuyovlari ham aralashib ketgan, deyishadi. Buyam jurnalistlarning jur’atini pasaytirib qo‘ygan. Xullas, qanaqadir tushunarsiz bir muhit paydo bo‘ldi-da hozir, bunaqa holat avval bo‘lmagan”.

O‘zbekistonda kuch tizimlari rahbarlarining sportning ko‘zga ko‘ringan sohalariga rahbarlik va kuratorlik qilishi mustaqillik yillarida shakllangan an’ana.

Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga 2019 - yilning iyul oyidan beri rahbarlik qilmoqda.

Bunga qadar O‘FAni bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshqarib kelgan edi.

O‘z vaqtida O‘FAga (bunga qadar O‘FF - O‘zbekiston futbol federatsiyasi) sobiq ichki ishlar vaziri Zokirjon Almatov ham uzoq yillar rahbarlik qilgan.

DXX raisi Abdusalom Azizovning o‘tmishdoshi - sobiq MXX rahbari Rustam Inoyatov esa 21 yil mobaynida O‘zbekiston tennis federatsiyasiga rahbarlik qilgan.

Joriy yil martida Rustam Inoyatovning o‘rnini O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki boshqaruv raisi Alisher Mirsoatov egallagandi.

Алоқадор

XS
SM
MD
LG