Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 12:32

DXX tergov qilayotgan “Kompromatuzb ishi” doirasida jurnalist Mavjuda Mirzayeva qamoqqa olindi


Mavjuda Mirzayeva hibsga olinganidan to‘rt kun o‘tib hanuz rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q.
Mavjuda Mirzayeva hibsga olinganidan to‘rt kun o‘tib hanuz rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q.

29-yanvar kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Yunusobod tumani sudi ajrimi bilan O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati rahbari Mavjuda Mirzayevaga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoq belgilandi.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, jurnalist Mavjuda Mirzayeva shu yilning 27-yanvar kuni Human.uz saytining Toshkentdagi idorasiga uyushtirilgan reyddan ko‘p o‘tmay, hibsga olingan.

Jurnalist Mavjuda Mirzayevaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi (Tovlamachilik) 2 qismi v-bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Mirzayeva Toshkentdagi O‘zbekiston Respublikasi DXXning "Gvardeyskiy" nomi bilan bilingan tergov izolyatorida saqlanmoqda.

Ozodlikning O‘zbekiston huquq-tartibot idoralariga yaqin manbasiga ko‘ra, hozirda 10 dan ortiq shaxs Kompromatuzb Telegram-kanali bilan bog‘liq jinoyat ishi doirasida tergov qilinmoqda.

Ular orasida “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi matbuot xizmati rahbari Siyovush Hoshimov, ayrim moliya muassasalari, davlat hokimiyati idoralari mulozimlari ham borligi aytiladi.


Tergovga yaqin manbaning Ozodlikka bildirishicha, Kompromatuzb ishi doirasida hibsga olinganlar "uyushgan jinoiy guruh a’zolari" sifatida ko‘rilmoqda. "Ular go‘yoki bir qancha davlat amaldorlari, moliya muassasalari rahbarlari va tadbirkorlarning xizmat faoliyati va shaxsiga oid ma’lumotlarni tarqatish bilan tovlamachilik jinoyatlarini sodir etganlik"da gumon qilinmoqda", deydi manba.

27-yanvar kuni Davlat xavfsizlik xizmati Human.uz sayti direktori Xurshid Daliyev va yana olti jurnalist Kompromat.uzb Telegram-kanali administratorlari sifatida hibsga olingani va ular tovlamachilikda gumon qilinayotganini bildirgan edi.

Telegramdagi Xavfsizlik kanalida e’lon qilingan xabarda "fuqaro D.X. va boshqalarning «Telegram» messenjeridagi «Kompromat.uzb» va boshqa kanallar orqali amalga oshirilgan jinoyatlarga aloqadorliklari sababli ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va xozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgani" aytiladi.

DXX boshqa hibsga olinganlar, jumladan, Mavjuda Mirzayevaning taqdiri borasida hech qanday ma’lumot bergani yo‘q.

"Human.uz" direktori Xurshid Daliyev (chapda) va jurnalisti Muslim Mirzajonov. Xabarlarga ko‘ra, Mirzajonov va saytning yana uch xodimi hibsdan qo‘yib yuborilgan.
"Human.uz" direktori Xurshid Daliyev (chapda) va jurnalisti Muslim Mirzajonov. Xabarlarga ko‘ra, Mirzajonov va saytning yana uch xodimi hibsdan qo‘yib yuborilgan.

Mavjuda Mirzayeva 2018-yilda O‘zbekiston davlat televideniyesidagi senzurani tanqid qilishi ortidan jamoatchilikka tanilgan, keyinroq qator mustaqil saytlar, jumladan, Human.uz bilan hamkorlik qilgan edi. U ikki yil muqaddam Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati rahbarligiga tayinlangan.

Milliy Mass-media fondi jurnalistlarning hibsga olinganidan xavotirda ekanini aytib, kuch tizimlarini izoh berish va ularning huquqlarini ta’minlashga chaqirgan.

27-yanvar kuni ertalab O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy mavzularni yoritib boradigan Human.uz saytining direktori Xurshid Daliyev, sayt bosh muharriri Muslim Mirzajonov dohil yetti nafar xodimi o‘zlarini “organ xodimlari” deb tanishtirgan shaxslar tomonidan olib ketilgani xabar qilingandi.

Nashrning Toshkent davlat agrar universiteti hududida joylashgan ofisi muhrlab qo‘yilgan. Human.uz sayti bloklangan.

Hibslar

Tahririyatning ismi ochiqlanmasligini so‘ragan xodimlaridan biri Ozodlikka 27-yanvar, soat 10lar atrofida fuqaro kiyimidagi shaxslar Human.uz saytining Toshkent davlat agrar universiteti hududida joylashgan ofisiga ogohlantirishsiz bostirib kirgani, o‘zlarini “hokimiyat xodimlari” deb tanishtirib, ofisda tintuv o‘tkazgani, nashr direktori Xurshid Daliyev, bosh muharriri Muslim Mirzajonov va yana besh xodimni olib ketishganini aytdi.

Uning bildirishicha, tahririyat olib ketilgan jurnalistlar bilan bog‘lana olmayapti.

"Qayerga olib ketishganini o‘rganyapmiz. Huquq-tartibot idoralaridan javob olishimiz bilan ma’lum qilamiz", - dedi tahririyat xodimi.

Ozodlikning voqea yuzasidan huquq-tartibot idoralaridan izoh olish urinishlari besamar bo‘ldi.

Tarmoqda tarqalgan suratlardan ayon bo‘lishicha, Human.uz ofisi O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Quyichirchiq tumani bo‘limi tergovchisi E. Ablamurodov tomonidan muhrlangan.

Human.uz ofisi muhrlangan, sayt ochilmayapti.
Human.uz ofisi muhrlangan, sayt ochilmayapti.

Ammo, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati jurnalistlar taqdiri va Human.uz ofisi muhrlangani haqida biron bayonot bergani yo‘q.

“Tahririyat bu holatni O‘zbekiston Prezidenti siyosatiga mutlaqo zid va so‘z erkinligiga tahdid deb hisoblaydi. Human.uz sayti barcha ommaviy axborot vositalari, blogerlar va huquq himoyachilaridan ushbu shoshilinch xabarni yoritishda yordam berishlarini so‘raydi”, - deyiladi Human.uz nashr bayonotida.

AOKA jurnalistlar huquqlarini himoya qilishga chaqirdi

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi huquqni muhofaza qiluvchi organlar va Raqamli texnologiyalar vazirligiga jurnalistlar hibsga olingani xabarlari yuzasidan tegishli so‘rovlarni yuborgani haqda bildirdi.

"Raqamli texnologiyalar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, human.uz veb-sayti O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi bilan tarqatilishi taqiqlangan axborot mavjud bo‘lgan Internet tarmog‘i Reyestriga kiritilmagan va O‘zbekiston Respublikasi hududida undan foydalanilishiga chek qo‘yilmagan", deyiladi AOKA bayonotida.

AOKA huquqni muhofaza qiluvchi organlarini human.uz internet-nashri xodimlari bilan bog‘liq vaziyatda amaldagi qonun hujjatlariga rioya qilinishiga hamda fuqarolarning huquqlari va erkinliklari ta’minlanishiga ham chaqirgan.

O‘zbekiston Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi ham Human.uz internet nashri jurnalistlarining qo‘lga olinishi bilan bog‘liq vaziyatdan xavotirda ekanligini bildirgan.

“Huquq-tartibot idoralari tomonidan ushbu masala bo‘yicha izoh berilishini kutamiz hamda jurnalistlar xavfsizligi, shunindek, ularning professional faoliyatiga qonuniy munosabatda bo‘linishi ta’minlanishini so‘raymiz”, deyiladi fond bayonotida.

Jurnalist Xurshid Daliyev.
Jurnalist Xurshid Daliyev.

Human.uz saytining asoschisi Xurshid Daliyev tanqidiy-tahliliy chiqishlari bilan e’tiborga tushgan jurnalist.

Bir muddat "Yoshlar" telekanali va "Kun.uz" saytlarida ishlagan.

2019-yilda Xurshid Daliyev Andijon viloyatidagi mutasaddilarni tanqid qilib chiqishi ortidan ismi-sharifi noma’lum shaxslar o‘lim bilan tahdid qilgani haqda Human.uz saytida bayonot bilan chiqqandi.

2021-yil oktabrida ikkinchi muddatga qayta saylangan Shavkat Mirziyoyev, o‘z ta’biricha, qonuniy faoliyat olib borayotgan jurnalist va blogerlarni himoya qilishga va’da bergan.

Parijda joylashgan “Chegara bilmas muxbirlar” xalqaro nodavlat tashkiloti o‘tgan yili o‘zining so‘z erkinligi indeksida O‘zbekistonni 180 davlat orasida 133-o‘ringa qo‘ygan. Tashkilot o‘z hisobotida O‘zbekistondagi so‘z erkinligi vaziyatini “murakkab” deb atagan.

XS
SM
MD
LG