O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bokschi Shahram G‘iyosov ayiq bilan kurash tushayotgani aks etgan video yuzasidan munosabat bildirdi.
“Ayni damda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan holat o‘rganilmoqda. O‘rganish natijalariga ko‘ra batafsil ma’lumot beriladi va huquqbuzarlarga nisbatan qonuniy tartibda chora ko‘riladi”, deyilgan bayonotda.
Ekologiya vazirligi hayvonlarga nisbatan har qanday shafqatsiz munosabat qoralanishi va bunday harakatlar qonunga ko‘ra javobgarlikka sabab bo‘lishini urg‘ulagan.
Bir necha kun avval ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda boks bo‘yicha jahon chempioni va Olimpiada kumush medali sovrindori Shahram G‘iyosov sport zalida tumshug‘bog‘dagi ayiq bilan jang qilib, jonivorni bir necha bor chalqanchasiga yiqitganini ko‘rish mumkin. “Sparring” davomida boshqa bir kishi ayiqni jilovda ushlab turgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda sportchining bu harakatlari keskin qoralandi.
“Mehr va oqibat” hayvonlarni himoya qilish jamiyati holat yuzasidan Ichki ishlar va Ekologiya vazirliklariga murojaat qildi.
Ayiq bilan “sparring” bo‘lib o‘tgan Buka Gym sport zali egasi hodisa yuzasidan uzr so‘rab chiqdi.
“Biz ushbu video ortidan hayratga tushgan barcha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan uzr so‘raymiz. Biz hayvonlarni yaxshi ko‘ramiz va doimo ularni himoya qilamiz”, deya iqtibos keltirgan Gazeta.uz nashri Buka Gym kompaniyasi vakilidan.
O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining “Yovvoyi hayvonlarni saqlash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 2025-yil 1-yanvaridan e’tiboran jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar ro‘yxati tasdiqlangan. Bu ro‘yxatga ayiq ham kiritilgan.
Hukumat hujjatiga muvofiq, boshqa hayvonlar qatori ayiqlarni ham davlat va mobil sirklarida (shapitolar) saqlash hamda ulardan sirk tomoshalarini o‘tkazish maqsadlarida foydalanish man etiladi.