Линклар

Шошилинч хабар
05 октябр 2024, Тошкент вақти: 21:13

Ekspert: Tojikiston migrantlarning ommaviy qaytishiga tayyor emas


Pulkovo aeroportidagi tojik migrantlari. Illyustrativ surat
Pulkovo aeroportidagi tojik migrantlari. Illyustrativ surat

Moskvadagi teraktdan so‘ng markaziy osiyolik migrantlar, birinchi galda tojikistonliklar Rossiyadan quvila boshlandi. Bir oydirki, mamlakatda mehnat migrantlariga yoppasiga oblavalar uyushtirilmoqda: politsiya ularni yotoqxonalaridan, ish joylaridan va hatto masjidlardan tutib, olib ketayotir. Zarur hujjatsiz yurganlar darhol Rossiyadan badarg‘a qilinmoqda, kelayotgan migrantlar esa ko‘p hollarda “jamoat xavfsizligi” degan bahona bilan mamlakatga kiritilmayapti.

Shu munosabat bilan Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi mamlakat fuqarolariga “juda zarur bo‘lmasa, Rossiyaga bormay turish”ni tavsiya qildi. Ushbu murojaat vazirlik saytida e’lon qilindi. Tojikiston TIV, shuningdek, tojik fuqarolarini Rossiya hududiga asossiz kiritmaslik “ommaviy tus olgan”idan va Rossiyada “Tojikiston fuqarolariga va tojiklarga nisbatan salbiy qarash” shakllanayotganidan tashvish bildirgan.

Rossiyada yashab, ishlayotgan ko‘plab migrantlar vatanga qaytishni o‘ylashmoqda yoki allaqachon qaytishdi. Birgina Tojikistonga 200-300 ming kishi, aksari yosh yigitlar, qaytishi mumkin. Xo‘sh, ular Rahmon hukumatiga xavf tug‘diradimi, yo‘qmi? Ommaviy qaytish qanday oqibatlarga olib kelishi mumkin? “Nastoyashcheye vremya” telekanali Tojikiston iqtisodiyot vazirining sobiq o‘rinbosari Karimjon Ahmedovga shu savollarni berdi.

– Sizningcha, Rossiya “Krokus”dagi teraktdan keyinoq emas, oradan bir oy o‘tib Tojikiston fuqarolariga nisbatan chegara nazoratini kuchaytirishga qaror qildi? Bu yaqinda Tojikiston TIV teraktda gumon qilinayotgan tojikistonliklar qiynoqqa solinayotganini qoralab bayonot bergani bilan bog‘liq emasmikan?

– Ajab emas. Biroq bunaqa ishlar yangilik emasligini, avval ham bo‘lganini unutmaylik. Masalan, 2010 va 2012-yillarda ham bo‘lgan.

Ushbu taranglik Rossiya va Tojikiston munosabatlarida tub o‘zgarishlarga olib keladi, deb o‘ylamayman. Ehtimol, Tojikiston o‘ziga biron foyda chiqarishga urinib ko‘rar. Ammo mamlakat Rossiyaga shu qadar tobe’ bo‘lib qolganki, oraga sovuqchilik tushishini aslo xohlamaydi.

– Tojikiston hozirda Rossiyadan biron narsa undira oladigan ahvoldamikan?

– Hozir shunaqa qilish mumkin bo‘lgan palla. Undira olishi mahol, lekin u paytdan foydalanib o‘zining qanaqadir pozitsiyasi borligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi.

Bu ichki auditoriya talabi, Tojikiston hukumati shunday qilishga majbur, chunki ular 30 yildan ziyod vaqtdan beri hokimiyat tepasida. Yuz berayotgan voqealarga munosabatini ichki auditoriyaga ko‘rsatish uchun albatta nimadir qilishlari kerak. Tojikiston TIV bayonotlari ham avvalo ichki auditoriyaga qaratilgan.

– Keling, bir narsani aniqlashtirib olaylik: Tojikiston TIVning Rossiyaga bormaslik haqidagi tavsiyasi jaydari tilga qanday tarjima qilinadi? Bir dunyo misollar bor. O‘z vaqtida G‘arb dipmissiyalari ham shunaqa bayonotlar bilan chiqqan, masalan, Ukrainaga bosqin boshlanishi arafasida. Bu holatda-chi?

– Nazarimda, Tojikiston bu bilan shunchaki, boshqa davlatlar, chunonchi G‘arb mamlakatlari, Xitoy yoki boshqa birisi bilan aloqalarni qurishda potensial muqobili mavjudligini namoyish etmoqchi bo‘ldi. Biroq siyosiy jihatlar, Tojikistonning o‘zidagi hokimiyat arxitekturasi shunday tuzilganki, mamlakat Rossiya orbitasidan chiqa olmaydi, chunki Moskvaga ham iqtisodiy, ham siyosiy qaram. Chiqmoqchi bo‘lgan taqdirda ham Rossiya yo‘l qo‘ymaydi bunga.

Tojikiston – Armaniston emas, Kavkaz emas, bu mutlaqo boshqa vaziyat, uzoqqa mo‘ljallangan maxsus arxitektura bu. Biz hech qanaqa o‘zgarish ko‘rmaymiz, tez orada bunga o‘zingiz amin bo‘lasiz. Manavi texnik muammolar bartaraf etiladi va migrantlar oqimi qaytadan boshlanadi. Yana apoq-chapoq bo‘lib ketishadi.

– Ayni vaziyatda Tojikiston hukumatida Rossiyaga qarshi qanaqa javob choralari bor? Respublika hukumati, deylik, o‘z hududidagi Rossiya harbiy bazasi masalasini ko‘tarishi mumkinmi?

– Adashmasam, 2012-yilda xuddi shunaqa bo‘lgan edi. Masala ko‘tarilgan, so‘ngra muzokaralar va Rossiyaning yengilgina bosimi va bir necha qo‘ng‘iroqlardan so‘ng harbiy bazaning qolish muddati birato‘la salkam 50 (aniqrog‘i, 49) yilga uzaytirilgan.

Bu gal, menimcha, baza masalasi kun tartibiga chiqarilmaydi ham. Chiqarsalar bo‘lardi, ko‘p ekspertlar Tojikiston fursatdan foydalanib, harbiy bazani olib chiqish ketishni Rossiyadan talab qilishi kerak, deb hisoblashmoqda. Lekin bunday bo‘lmaydi.

Bu ish Rossiya istagan taqdirdagina bo‘lishi mumkin, ammo Rossiya buni xohlamaydi. U mintaqadan ketmaydi; Tojikiston, shuningdek Qirg‘iziston ham, Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan farqli ravishda, Rossiyaning qattiq nazoratida qoladi, Kreml qo‘yib yubormaydi ularni. Ikkovi ham Rossiya orbitasida mahkam turibdi.

– Tojikiston rahbariyati o‘z migrantlarining Rossiyadan ommaviy deportatsiya qilinishiga tayyormi? Umuman, bugun hukumat qaytuvchilardan qanchasini ish bilan ta’minlay oladi?

– Mutlaqo tayyor emas, chunki Tojikiston aholisining 70 foizi agrar sektorda ishlaydi, agrar sektor esa rivojlangan emas. Uning Tojikiston iqtisodiyotidagi ulushi, adashmasam, atigi 17-18 foizga teng.

Hukumat Rossiyadan kelganlarga ish topib berolmaydi va bu Tojikistonga nisbatan hamisha qo‘llash mumkin bo‘lgan richag sanaladi, chunki yuz minglab ishsiz yoshlar – siyosiy rejimga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdiddir. Shu bois ular vaziyatni shu holida saqlab qolish uchun hamma narsani qilishadi, keragicha yon berishadi. Ammo Tojikiston TIV bayonotlaridan ortiq narsani ulardan aslo kutmang.

Тожик муҳожирлари Россиядан кетмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:17 0:00

Rossiyaga bundan ziyod keskinlik qilishsa, rejimning kuni bitadi. Yo‘q, hech qachon bunday qilishmaydi. Rossiyada uch yarim million kishi ishlar ekan, bu sira mumkin emas.

– Tojikistonga qaytib ketgan yoki deportatsiya qilingan 200-300 ming kishi Emomali Rahmon hukumatiga qanday xavf solishi mumkin? Bu ijtimoiy norozilikka olib kela oladimi? Yuqorida, bu rejimni qulatgan bo‘lur edi, dedingiz. Qay tarzda?

– Birinchidan, migrantlarning aksari yoshlar ekanini esdan chiqarmaylik. Ikkinchidan, qaytganlari bilan ularni hozirda Tojikistonda mavjud iqtisodiy model va ijtimoiy xizmatlarga kiritib yuborish imkonsiz, chunki ish o‘rinlari yo‘q.

Ko‘plab salbiy ta’sirlar bo‘ladi. Kriminogen vaziyat yomonlashadi, yoshlarning bir qismi radikallashadi, natijada Tojikiston hukumati yana siyosiy bosimni oshirishga majbur bo‘ladi.

Mamlakat aholining bir qismi chetda kun ko‘rayotgani hisobiga jon saqlab turibdi, hukumat qolgan aholining ijtimoiy ehtiyojlarini bazo‘r qoplamoqda. Ularga 200-300 ming qo‘shilishi – katta muammo bo‘ladi. Dushanbe vaziyat bungacha borishini istamaydi va hozirda mavjud keskinlikni bartaraf etish uchun hamma narsani qiladi.

XS
SM
MD
LG