O‘zbekistonda 1-maydan e’tiboran elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi to‘rt baravarga qadar oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasi joriy yil 31 -yanvarda qabul qilgan “Elektrodvigatelga ega bo‘lgan transport vositalari akkumulator batareyalarini utilizatsiya qilish infratuzilmasini tashkil etish ishlarini moliyalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarorga mahalliy matbuot va jamoatchilik bir necha kun o‘tib e’tibor qaratmoqda.
Ushbu hujjatga muvofiq, ishlab chiqarilgan muddatidan boshlab uch yildan ortiq bo‘lmagan elektromobillar uchun yig‘im BHMning 30 baravaridan 120 baravariga (45 million so‘m) oshirilmoqda.
Ishlab chiqarilgan muddatidan boshlab uch yildan ortiq bo‘lgan elektromobillar uchun yig‘im BHMning 210 baravari (hozirda BHMning 90) baravari) yoki 78,75 million so‘mni tashkil qiladi.
Qarorda utilizatsiya yig‘imini oshirish taklifi Investitsiyalar, sanoat va savdo, Iqtisodiyot va moliya hamda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirliklari tomonidan tayyorlangani qayd etilgan.
Hukumat ushbu qadamni “yashil” texnologiyalardan foydalanishni kengaytirish, elektromobillarning yaroqsiz holga kelib qolgan batareyalarining atrof-muhitga keskin zarar yetkazmagan holda utilizatsiya qilinishini ta’minlash hamda sohada mahalliylashtirish ishlarini yanada jadallashtirish maqsadlari bilan asoslagan.
Jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmay qabul qilingan bu qaror faollarning keskin e’tiroziga sabab bo‘ldi. Iqtisodchi Yuliy Yusupov bu holatni “ulkan byurokratik yirtqich maxluqning O‘zbekiston iqtisodiyotini yutib yuborishi”ga mengzatdi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov esa hukumatning ushbu qarori JSTga kirish muzokaralariga salbiy ta’sir etishidan ogohlantirdi.
Ozodlik avval xabar qilganidek, O‘zbekistonda 2024-yil noyabr oyida elektromobillar uchun elektromagnit moslashuvchanligi bo‘yicha tekshiruv talabi joriy etilgan va tahlilchilar bu talabni elektromobillar importi uchun navbatdagi sun’iy to‘siq o‘laroq baholashgan edi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, 2024-yilda O‘zbekistonda ilk bor elektromobil va gibrid avtomobillar importi hajmi benzinda harakatlanuvchi avtomobillardan oshdi. O‘tgan yili mamlakatga xorijdan 32928 dona benzinda harakatlanuvchi, jami 41575 dona gibrid (17480) va elektr avtomobillar (24095) keltirilgan.