Линклар

Шошилинч хабар
23 январ 2025, Тошкент вақти: 17:42

Erdo‘g‘on va Putin Suriyadagi vaziyatni muhokama qilishdi


Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan (arxiv surati)
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan (arxiv surati)

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Suriya shimolidagi mojaro diplomatik yo‘l bilan hal etilishi lozim, degan fikrdalar. Ikki lider bu mamlakatda jangovar harakatlar qayta boshlanganini 3-dekabr kungi telefon muloqoti chog‘ida muhokama qilishgan.

Mazkur muloqot ortidan Erdo‘g‘on devonxonasi tarqatgan bayonotda: “Prezident Erdo‘g‘on, garchi Turkiya Suriya hududiy yaxlitligini dastaklashda davom etayotgan bo‘lsa-da, u Suriyada adolat va barqaror vaziyat o‘rnatilishiga ham intilayotganini urg‘uladi”, deya qayd etilgan.

Erdo‘g‘onga ko‘ra, Anqara Turkiya va AQSHda terror tashkiloti o‘laroq tan olingan Kurdiston Ishchi partiyasiga (KIP) keskin kurashini davom ettiradi.
Erdo‘g‘on bilan Putin o‘rtasidagi suhbat suriyalik isyonchilar o‘tgan haftada Halabni egallab olganlaridan keyin hukumat qo‘shinlariga qarshi hujumni davom ettirayotgan kunlarga to‘g‘ri keldi. 3-dekabr kuni isyonchilar Xama shahriga yaqinlashishdi, deya ma’lum qildi Suriya inson huquqlariga rioya qilish monitoring markazi.

Markaz seshanba kuni isyonchilarning shimoldagi hujumlarida qurbon bo‘lganlar soni 600 dan oshgani, ular orasida 104 nafari tinch aholi vakillari ekanini bildirgan.

Putin Erdo‘g‘on bilan suhbatda “radikal guruhlarning Suriya davlatiga qarshi terroristik tajovuzi imkon qadar tezroq to‘xtatilishi” lozimligini ta’kidlagan. Ikki lider bu masala bo‘yicha Rossiya, Turkiya va Eron o‘rtasida bundan buyon ham tig‘iz muvofiqlashtiruv muhimligini qayd etishdi, deyilgan Kreml bayonotida.

Suriyadagi mojaroda Moskva va Tehron Turkiya bilan to‘qnashgan. Anqara Hay’at Tahrir ush-Shom (HTSH) rahbarligi ostida hujumda ishtirok etayotgan qurolli guruhlarni dastaklab keladi. Bu sunniy guruh Suriyada shariatga asoslangan davlat tuzish niyatida.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi 3-dekabr kuni Qatar nashriga bergan intervyusida, agar Damashq iltimos qiladigan bo‘lsa, Tehron Suriyaga qo‘shin yo‘llash imkoniyatini ko‘rib chiqishini bildirgan.

Iroq bosh vaziri Shia as-Sudaniy Bag‘dod bunga “bir chetdagi tomoshabin” bo‘lib qarab turmasligini qayd etgan.

XS
SM
MD
LG