Линклар

Шошилинч хабар
19 март 2024, Тошкент вақти: 07:20

“Erkinlik bo‘lmasa, ilm-fan rivojlanmaydi”. Harvard universiteti professori Yevgeniy Shaxnovich – Rossiyadagi namoyishlar haqida


Rossiyada o‘zini mustaqil shifokorlar ko‘rikdan o‘tkazishini talab qilib ochlik e’lon qilgan Aleksey Navalniy himoyasiga mitinglar bo‘lib o‘tdi.

Rasmiy hisob-kitobga ko‘ra, 21 - apreldagi norozilik namoyishlarida Moskvada qariyb 6 ming, Sankt-Peterburgda esa to‘rt yarim mingga yaqin kishi qatnashgan.

“Nastoyashchee vremya” telekanali ushbu voqealar haqida Harvard universitetining kimyo va kimyoviy biologiya fakulteti professori, 1990 - yilda AQShga ko‘chib ketgan Yevgeniy Shaxnovich bilan suhbatlashdi.

— Siz Aleksey Navalniyni oshkora qo‘llab-quvvatlagan, uning himoyasi uchun bitilgan maktubga imzo qo‘yganlardan birisiz. Ayting-chi, nega?

— Men bundan ortig‘ini qila olmasligimga o‘kinaman xolos. Yoshim o‘tib qolgan, bir zamonlar – 1968 - yilda Sovet Ittifoqi Chexoslovakiyani istilo qilganida, u paytlar men yosh bola edim, yetti kishi Qizil maydonga chiqqan. O‘shanda chex gazetalari rus xalqini yomon ko‘rmaslik uchun yettita sabab borligi haqida yozgandi. Bugungi kunda, ehtimol, 100 ming va undan ortiq kishi chiqyapti. Bu — Rossiya yoshlariga qoyil qolish, Rossiyaga tahsin aytish va Rossiyaning kelajagini ko‘rish uchun 100 ming sabab bor, degani.

Umuman, yuz berayotgan voqealar — o‘taketgan adolatsizlik va yolg‘onlardir, ularga qarshi qo‘limizdan nima kelsa qilamiz. Men AQShda yashayman, Harvardda professorman. Afsuski, imkoniyatlarimiz uncha ko‘p emas, ammo qo‘limizdan kelgan yordamni ayamaymiz.

Va biz, namoyishga chiqqan bu ajoyib yosh yigit-qizlar bilan birdamligimizni bildiramiz, zero ular o‘z istiqbollari uchun kurashmoqdalar, ular ozod mamlakat uchun kurashmoqdalar — ular bu mamlakatda yashashlari, oila qurishlari, farzandlarini o‘stirishlari kerak axir. Men ularga bu yo‘lda ulkan muvaffaqiyat tilayman.

— Bu kabi norozilik aksiyalari siz yoshlarga tilagan o‘sha ulkan muvaffaqiyatni yaqinlashtiradimi?

— Menimcha, ha.

— Qanday qilib?

— Chunki yolg‘onga faqat haqiqat bilan javob qaytariladi. Odamlar bu minglab yoshlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rsa, butun yoshlar ko‘chaga chiqayotganiga guvoh bo‘lsa, o‘ylaymanki, sekin-asta, bunaqa ishlar birdaniga bo‘lmaydi, Sovet Ittifoqida voqealar qay yo‘sin rivojlangani yodimda, alal-oqibat haqiqat baribir g‘alaba qozonajak.

Balki ertaga‑yoq biron natijaga erishishni kutmagan ma’quldir, garchi Aleksey Navalniy bilan bog‘li vaziyat juda xatarli, shu ma’noda natijaga mumkin qadar tezroq erishish kerak. Biroq, umuman olganda, “Siyosiy mahkumlarga ozodlik” shiori, FSB haqidagi shiorlar — ular bari haqiqat. Fikrimcha, ular natija beradi. Birdaniga emas, balki ertaga ham emas, lekin natija berishi aniq.

— Putin Federal yig‘ilishga murojaatnomasida davlat ilm-fanga homiylik qilayotgani, Rossiya fani jadal taraqqiy etayotgani to‘g‘risida ko‘p gapirdi, holbuki biz boshqa raqamlarni ko‘ramiz. Mana sizni rossiyalik olim deyish mumkin, garchi mamlakatdan ketgan bo‘lsangiz ham. Ayting-chi, Rossiya ilm-fani ahvolini qanday baholaysiz?

— Mening muhojirlikka ketganimga 30 yildan oshdi, men endi Amerika olimiman, albatta, tagi rossiyalik amerikalik olim. Tabiiyki, Rossiya ilm-fan olamida yuz berayotgan voqealarni kuzatib boraman.

Oddiy bir haqiqat bor: erkinlik yo‘q mamlakatda ilm rivojlana olmaydi. Bular o‘zaro bog‘liq narsalar. Putin murojaatnomasida xohlaganini gapiraversin, lekin men AQShdagi universitetlarga Rossiyadan olimlar ishga joylashish ilinjida kelayotganini ko‘rib turibman-ku? Ularning ko‘pini, albatta, qabul qilyapmiz ham.

Ilm va fan taraqqiy etishining birlamchi sharti bu erkinlikdir. Erkinlik yo‘q ekan, haqiqiy ilm rivojanmaydi. Binobarin, bugun ko‘chaga chiqayotgan odamlar, jumladan, ilm-fan uchun, ilm-fanning kelajagi uchun ham kurashyapti. Fanning ahvoli haqida gapiraman desam gapimiz cho‘zilib ketadi. Shuning uchun qisqa qilaman: erkinlik yo‘qligi Rossiya ilm-fani rivojiga juda katta to‘siq bo‘lib turibdi.

XS
SM
MD
LG