Линклар

Шошилинч хабар
07 октябр 2024, Тошкент вақти: 00:41

Eron prezidenti va hamrohlari aviahalokatda nobud bo‘ldi


Eron prezidenti Ibrohim Raisiy.
Eron prezidenti Ibrohim Raisiy.

Eron prezidenti Ibrohim Raisiy va hamrohlari 19-may kuni tog‘li hududda vertolyot qulashi natijasida halok bo‘lishgan.

Bu haqda Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pir Husayn Kolivand ma’lum qildi deya xabar qildi IRIB hamda Mehr agentliklari.

Afsuski, qulagan vertolyot joyi aniqlanganidan keyin vertolyot yo‘lovchilari tirik qolganiga oid hozircha hech qanaqa belgi yo‘q”, degan Kolivand.

Bundan tashqari, ismi oshkor qilinmagan eronlik mulozim Reuters agentligiga vertolyot qulash natijasida to‘laligicha yonib ketganini ma’lum qilgan.

“Prezident Raisiy, tashqi ishlar vaziri va vertolyotning barcha yo‘lovchilari aviahalokat natijasida nobud bo‘lishdi”, degan yuqori lavozimli mulozim agentlikka.

Vertolyot bortida Ibrohim Raisiydan tashqari tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Tabriz shahar masjidi imomi Sayyid Muhammad Ali Hoshim, Sharqiy Ozarbayjon viloyati gubernatori Malik Rahmatiy va boshqa bir necha kishi bo‘lgan.

Eronning davlatga qarashli IRNA axborot agentligi Raisiy va hamrohlari AQSHda ishlab chiqarilgan Bell 212 vertolyoti bortida bo‘lishganini xabar qilgan. Aviahalokat eronlik rasmiylar yakshanba kuni Ozarbayjon chegarasidagi Qiz qal’asi to‘g‘oni qo‘shma loyihasi ochilishidan qaytayotgan paytda sodir bo‘lgan. 19-may kuni Raisiy bilan uchrashgan va “do‘stona xayrlashgan” Ilhom Aliyev vertolyot “qattiq qo‘nish”ni amalga oshirganiga oid xabarlar paydo bo‘lgani ortidan Eron tomoniga o‘z yordamini taklif qilgan.

Vertolyotni qidirish ishlari 20-may tongigacha davom etgan.

Avvalroq ismi oshkor qilinmagan eronlik mulozim Reuters agentligiga, yuzaga kelgan vaziyatni hisobga olgan holda, prezidentning hayoti “xavf ostida” bo‘lishi mumkinligini bildirgan edi. Mamlakat rasmiylari aholini prezident uchun duoda bo‘lishga chaqirishgan.

2021-yili mamlakat prezidenti etib saylangan 63 yoshli Ibrohim Raisiy norozilik chiqishlarini ayovsiz bostirgan qattiqqo‘l rahbarlardan biri bo‘lib hisoblangan. U lavozimga kelganidan buyon musulmon axloqiga oid qonunlarni keskinlashtirgan va Eron yadroviy dasturi bo‘yicha qudratli davlatlar bilan muzokaralarni faol olg‘a surib kelgan.

Rasmiy Tehron vertolyot ob-havo sharoiti tufayli qulaganini aytmoqda

Eron davlat televideniyesi 20- may kuni ichida Raisiy va boshqa mulozimlar bo‘lgan vertolyot ob-havo sharoitini yomonligi tufayli qulaganini xabar qildi.

Davlat nashrlariga ko‘ra, ayni paytda Tehronda hukumatning oshig‘ich majlisi o‘tkazilmoqda.

Eron qonunchiligida, mamlakat prezidenti vafot etgan taqdirda, uning vakolatlari prezidentning birinchi o‘rinbosariga o‘tishi ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda Eronning birinchi vitse-prezidenti Muhammad Muxbir bo‘lib hisoblanadi.

Mamlakat qonunchiligiga muvofiq, parlament spikeri, sud hokimiyati rahbari va prezidentning birinchi o‘rinbosaridan iborat kengash 50 kun ichida yangi prezident saylovini tashkil etishi lozim.

Vertolyot qulagan joyda ob-havo sharoitining o‘ta yomon bo‘lgani qidiruv ishlarini qiyinlashtirgan
Vertolyot qulagan joyda ob-havo sharoitining o‘ta yomon bo‘lgani qidiruv ishlarini qiyinlashtirgan

Eronning aviahalokat sodir bo‘lgan aytilayotgan Sharqiy Ozarbayjon viloyati Tehrondan taxminan 600 kilometr shimoli-g‘arbda joylashgan bo‘lib, Armaniston va Ozarbayjon bilan chegaradosh.

Mirziyoyev Raisiy o‘limi munosabati bilan Xomanaiyga hamdardlik bildirdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyati hududida vertolyot qulashi oqibatida prezident Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilgan shaxslarning vafot etgani munosabati bilan Eron Oliy diniy rahbari oyatulloh Ali Xomaneiyga hamdardlik bildirgan. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

“Maktubda, jumladan, O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlikni, o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan Ibrohim Raisiyning yorqin xotirasi xalqlarimiz qalblarida doimiy saqlanib qolishi ta’kidlanadi”, deyilgan xabarnomada o‘z ta’ziyanomasida Mirziyoyev “do‘st Eron xalqiga, marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur ta’ziya” izhor etgani qo‘shimcha qilingan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi 19-may oqshomida "Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy bo‘lgan vertolyotning favqulodda qo‘ndirilishi to‘g‘risidagi xabarni chuqur tashvish bilan qabul qilgani va barcha yo‘lovchilar tez orada sog‘-salomat topilishiga umid qilayotganliklari"ni bildirgan edi.


"O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi vertolyot yo‘lovchilari, jumladan Eronning yuqori martabali vakillari taqdiri haqidagi ma’lumotlarni diqqat bilan kuzatib bormoqda.

O‘zbekiston tomoni zarurat bo‘lishi bilan Eronlik do‘stlarimizga barcha yordam ko‘rsatilishiga to‘liq tayyorligini bildiradi", deyilgan bayonotda.

XS
SM
MD
LG