Линклар

Шошилинч хабар
14 феврал 2025, Тошкент вақти: 16:31

Eronda italiyalik jurnalist ayol ozod qilindi


Chechiliya Sala
Chechiliya Sala

Eron rasmiylari 2024-yil dekabrida Tehronda qo‘lga olingan italiyalik jurnalist Chechiliya Salani ozod qilishgan. Bu haqda Italiya bosh vaziri Jorjiya Meloni X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z sahifasi orqali ma’lum qildi.

Meloniga ko‘ra, Italiyaning Il Foglio gazetasi muxbiri bo‘lgan ayol “diplomatik va razvedka kanallarining samarali harakati tufayli” ozod qilingan. Italiya bosh vaziri bu haqda jurnalistning ota-onasiga telefon orqali shaxsan xabar bergani haqida yozgan.

Chechiliya Sala Chora Media podkast-shirkati bilan ham hamkorlik qiladi. U Eronga komandirovkaga borgan bo‘lib, 20-dekabr kuni Italiyaga qaytishi lozim edi, biroq jurnalist ayol uyga qaytishidan bir kun oldin qo‘lga olinib, Evin qamoqxonasiga yo‘llangan.

O‘sha paytda qarorgohi Parijda joylashgan “Chegara bilmas muxbirlar” tashkiloti, aftidan, Sala o‘zboshimchalik bilan qo‘lga olingani haqida bayonot bergan.

Erondagi IRNA davlat axborot agentligi Tehronda jurnalistlar uchun beriladigan viza asosida yurgan Sala “Eron Islom Respublikasi qonunlarini buzgani” uchun ushlangani haqida xabar qilgan.

Chechiliya Sala Italiya rasmiylari Milanda Shveysariya va Eron fuqarosi bo‘lgan tadbirkor Muhammad Obidiniy Najafobodiyni AQSH so‘roviga ko‘ra hibsga olganidan bir necha kun o‘tib qo‘lga olingan. AQSH Adliya vazirligi versiyasiga ko‘ra, tadbirkor Qo‘shma Shtatlarning sanksiyalar to‘g‘risidagi qonunlarini buzganlik va terror tashkilotini dastaklaganlikda ayblanmoqda. AQSH Davlat departamenti vakili Italiyaning La Repubblica gazetasiga, amerikalik diplomatlar fikricha, Sala Najafobodiyning hibsga olinishiga javoban hibsga olinganini bildirgan.

Eron qamoqxonadagi jurnalistlar soni bo‘yicha dunyoda yettinchi o‘rinni egallaydi. 2024-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra, ular soni 16 nafar bo‘lgan.

XS
SM
MD
LG