Линклар

Шошилинч хабар
26 январ 2025, Тошкент вақти: 03:37

Erta nikohni targ‘ib qilgan bloger jazolandi


Illyustrativ surat
Illyustrativ surat

O‘zbekistonda erta nikohni targ‘ib qiluvchi videolavha tayyorlab, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan surxondaryolik bloger jarimaga tortilgan. Bu haqda Bolalar ombudsmani matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda “Surxondaryoda 2008-yilda tug‘ilgan qizning ikki farzandi bor”ligi haqida video tarqalgandi.

Aniqlanishicha, 2024-yilning 21- noyabr kuni blogerlik bilan shug‘ullanuvchi A.Sh. (erkak) 17 yoshli yigit va 15 yoshli qizning farzandi borligi iddao qilingan videoni Instagram sahifasiga joylagan.

Bolalar ombudsmani ta’kidicha, bloger haqiqatga zid vaziyat aks etgan videoda erta nikoh holatini ijobiy voqelik sifatida baholagan.

Bolalar ombudsmani so‘roviga muvofiq erta nikohni targ‘ib qilish holati jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz shahri sudi tomonidan ko‘rib chiqilgan.

Sud blogerni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 202−2 moddasi 1-qismida (yolg‘on axborot tarqatish) belgilangan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topgan va unga BHMning 4 barobari miqdorida (1,5 mln so‘m) jarima tayinlagan.

Yigit va qiz esa bunday nomaqbul harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ogohlantirilgan.

Tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan ushbu hodisa ortidan Bolalar ombudsmani voyaga yetmagan shaxs bilan nikohni targ‘ib qilishga qaratilgan har qanday harakatlarni taqiqlovchi maxsus qonun normalarini joriy etishni taklif qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, 2019-yil 1- sentyabridan O‘zbekiston qonunchiligiga erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshini 18 yosh etib belgilovchi norma kiritilgan. Unga qadar oila qurishning eng kichik yoshi yigitlar uchun 18, qizlar uchun 17 yosh bo‘lgan.

Avvalroq Equality Now xalqaro inson huquqlari tashkiloti O‘zbekistonda, eng past ko‘rsatkichda bo‘lsa-da, bolalar nikohi mavjudligini ma’lum qilgandi.

XS
SM
MD
LG