O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati Fransiya Respublikasining “Ozodlik, tenglik, birodarlik” xalqaro mukofoti bilan taqdirlandi. Bu haqda 4-dekabr kuni Fransiyaning Inson huquqlari bo‘yicha Milliy maslahat komissiyasi matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.
Matbuot xizmati qaydicha, Fransiya Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha "Ozodlik, tenglik, birodarlik" mukofoti 1988-yilda CNCDH tashabbusi bilan ta’sis etilgan. Ushbu mukofotning maqsadi butun dunyoda inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilishda fuqarolik jamiyatining asosiy rolini tan olishdir.
Komissiya O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyatini mamlakatda ro‘yxatga olingan yagona mustaqil inson huquqlari tashkiloti sifatida e’tirof etgan. Bu yilgi mukofotga “Ezgulik” o‘zining urush davrida inson huquqlarini himoya qilish — o‘zbek migrantlarining Rossiya agressorlari tomonidan urushga safarbar qilishning oldini olishga qaratilgan loyihasi bo‘yicha erishgan.
Mazkur mukofot dunyodagi beshta fuqarolik jamiyati tashkilotiga beriladi. Bu galgi g‘oliblar orasida “Ezgulik” bilan birga Kamerundagi “Mandella” markazi, Gaitidagi “Citizens” tashkiloti, Kolumbiyaning Ludirlena PÉREZ CARVAJAL tashkiloti va Suriyadagi "Caesar" tashkilotlari bor.
Taqdimot marosimi shu yilning 10-dekabr – Xalqaro inson huquqlari kunida Parijda mamlakat Adliya vazirligi saroyida o‘tkaziladi. Mukofot Fransiya Respublikasi Bosh vaziri tomonidan “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanovga topshiriladi.