Линклар

Шошилинч хабар
24 июн 2021, Тошкент вақти: 19:34

Falastindan Isroilga 600 dan ortiq raketa otildi. Isroil havo zarbalari bilan javob qaytarmoqda


Isroil rasmiylariga ko‘ra, G‘azo bo‘lgasidan amalga oshirilgan raketa hujumi Ashkelon yaqinidagi energetika inshootini nishonga olgan- Isroil, 11 -may, 2021

11 - may, seshanba oqshomida falastinliklar Isroilga 130 dan ortiq raketa yo‘lladi. OAV qurbonlar borligi haqida xabar bermoqda, ammo ularning aniq soni ma’lum emas.

Falastinlik jangarilar Isroilning havo zarbalari G‘azo bo‘lgasidagi 13 qavatli binoni vayron qilganidan so‘ng Tel-Avivga raketa hujumlari uyushtirganini aytmoqda. Reyter xabar agentligiga ko‘ra, Isroilning havo zarbalari falastinlik yashovchilar evakuatsiya haqida ogohlantirilganidan bir yarim soat o‘tib boshlangan. Isroil esa G‘azo bo‘lgasidan oldinroq amalga oshirilgan raketa hujumlarga javob qaytarganini iddao qilmoqda.

Reyter xabar agentligi seshanba oqshomidagi raketa hujumlari va havo zarbalarida 30 nafar falastinlik hamda uch isroillik halok bo‘lgani haqida xabar bermoqda.

Raketalardan biri Tel-Aviv chekkasidagi Xolon mavzesiga qatnovchi yo‘nalish avtobusiga tekkan.

Raketa hujumlari tufayli Ben Gurion aeroporti vaqtincha yopilgan, binodagi odamlar evakuatsiya qilingan, Tel-Avivga uchib kelayotgan samolyotlar Kiprga yo‘naltirilmoqda.

Oxirgi sutkalarda Isroil hududiga Falastin tomondan 600 dan ziyod raketa otildi. Ularning aksariyatini Isroilning “Temir gumbaz” raketadan mudofaa tizimi urib tushirgan bo‘lsa-da, ayrim raketalar nishonga tekkan.

Seshanbaga o‘tar kechasi Isroil matbuoti Ashkelon shahrida ikki keksa ayol halok bo‘lgani va o‘nlab kishilar aziyat chekkani to‘g‘risida xabar berdi.

Hujumlar uchun javobgarlikni “XAMAS” hamda “Islom jihodi” radikal guruhlari bo‘yniga olgan.

O‘z navbatida Isroil armiyasi falastinliklarga tegishli 100 dan ortiq harbiy maskanga hujum qildi. Ulardan ayrimlari turar-joy binolari bilan yonma-yon bo‘lgan. 11 - may kuni kechqurun Falastin OAVlari bir nechta turar-joy binosi vayron etilib, o‘nlab odam o‘lganini xabar qildi. Isroil tomoni esa faqat radikal guruhlarning bazalari nishonga olinayotganini iddao qilmoqda.

Mintaqada vaziyat bir necha arab oilalarining Sharqiy Quddus tumanidan ko‘chirilishi tufayli keskinlashdi. Isroil sudi qabul qilgan ko‘chirish qarori falastinliklarda keskin norozilik uyg‘otdi. 7 - may kuni, juma namozidan so‘ng ular politsiyachilarga tosh, shisha butilka va armatura bo‘laklarini ota boshlaganlar.

Mojaro yoyilmasligi uchun politsiya musulmonlarning Ibodat tog‘iga yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Falastin OAVlari xabaricha, isroilliklar ularga qarshi rezina o‘qlar va shovqin granatalarini qo‘llagan. Bir qancha vaqt so‘ngra politsiya Al- Aqso masjidini ishg‘ol qilib, odamlarni hududdan kuch bilan chiqarib yubordi.

Falastinliklarni ko‘chirish qonuniyligi haqidagi sud qarori kechiktirildi, ammo to‘qnashuvlar davom etdi.

Ziddiyat olovlanishi manzarasida Isroil politsiyasi milliy bayram — Quddus kuni nishonlayotganiga qaramay, Ibodat tog‘iga chiqish yo‘lini yahudiylar uchun ham to‘sdi. 1967 - yili ayni shu kuni, Olti kunlik urushdan so‘ng Isroil Quddusning sharqiy tumanlari ustidan o‘z suverenitetini o‘rnatganini e’lon qilgan edi.

Falastin tomoni “Quddus qilichi” harbiy amaliyoti boshlangani haqida e’lon qildi. Bir necha soat so‘ngra Isroil mudofaa armiyasi “Devorlar qo‘riqchisi” amaliyotini boshladi. BMT, Yevroittifoq va AQSh yovlashayotgan tomonlarni vazmin bo‘lishga chaqirmoqda.

XS
SM
MD
LG