Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 15:45

Faqat nepotizmmi? Saida Mirziyoyevaning yangi lavozimi e’tibor markazida


25-noyabr kuni O‘zbekiston davlat xabar agentligi O‘zA joylarda Prezident administratsiyasi rahbarining yordamchilari lavozimlari tashkil etilayotgani haqida xabar berdi. Ammo bu haqda imzolangani aytilgan prezident farmoni hanuz matbuotda e’lon qilingani yo‘q. Xabarda aytilishicha, yangi lavozim “hududlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish va joylardagi vaziyatdan kelib chiqib, tezkor choralar ko‘rib borish maqsadi”da joriy qilinmoqda.

Bundan avval Shavkat Mirziyoyev joylardagi hokimlarni "prezidentning vakili" va amalda daxlsiz deb e’lon qilgani nazarda tutilsa, prezident administratsiya vakiliga qanday zarurat borligi va uning vakolatlariga nimalar kirishi hozircha tushunarsiz. Administratsiya bu haqda biron izoh bergani yo‘q.

So‘nggi to‘rt oyda O‘zbekiston prezidentining administratsiyasi tarkibi deyarli butkul yangilandi. Ammo tayinlovlar orasida eng ko‘p e’tiborni tortgani 14-noyabr kuni prezidentning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyevaning otasi administratsiyasida mas’ul lavozimga tayinlanishi bo‘ldi.

Ozodlikning Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Kris Rikltonning yozishicha, ushbu tayinlov Qoraqalpog‘istondagi qonli voqealardan so‘ng hukumat tepasida boshlangan kadrlar o‘zgarishining bir qismidir. Quyida maqola tarjimasi bilan tanishing.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyevaning og‘ir damlarda vaziyatga mudoxala qilish va undan chiqishga ko‘maklashadigan odati bor.

Endilikda uning zimmasiga murakkab davrda otasining hukumati imijini qutqarish vazifasi yuklatildi.

Mirziyoyevaning shu oy boshida Prezident Administratsiyasida aloqa va axborot siyosati bo‘yicha rahbar etib tayinlanishi joriy yil yozida Qoraqalpog‘istonda kamida 18 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan namoyishlar ortidan Mirziyoyev ma’muriyatidagi kengroq o‘zgarishlarning bir qismidir.

Ammo so‘nggi kadrlar almashinuvi Mirziyoyevning olti yillik boshqaruvining ilk davridagi islohotlar ortidan murvatlarni bo‘shatish va yana burash o‘rtasida abadiy qolib ketganga o‘xshayotgan mamlakat uchun nimani anglatadi?

38 yoshli Mirziyoyevaning yuqori lavozimga tayinlanishi bilan bir vaqtda islohotchi sifatida tanilgan Adliya vaziri Ruslanbek Davletov prezidentning yangi tashkil etilgan ijtimoiy-siyosiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga o‘tkazildi. Mirziyoyevaning ko‘zga ko‘ringan ittifoqchisi Komil Allamjonov esa Prezident Administratsiyasi rahbariga o‘rinbosar etib tayinlandi.

Shu yil yozida Qoraqalpog‘istonda yuz bergan namoyishlarda 18 kishi halok bo‘lgan.
Shu yil yozida Qoraqalpog‘istonda yuz bergan namoyishlarda 18 kishi halok bo‘lgan.

Shu yil iyulida Qoraqalpog‘istondagi norozilik namoyishlarining qonli bostirilishi ortidan Prezident Administratsiyasi rahbarligidan chetlatilgan Zaynilobiddin Nizomiddinovning o‘rnini 44 yoshli sobiq tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov egallagandi.

Buyuk Britaniyada joylashgan Central Asia Due Diligence (CADD) direktori Alisher Ilhomovga ko‘ra, o‘zgarishlar Mirziyoyev o‘zining sobiq xo‘jayini, avtoritar birinchi prezident Islom Karimov davridagi qattiqqo‘l amaldorlarni qaytarishi mumkinligi haqidagi farazlarni yo‘qqa chiqargan.

“Qoraqalpog‘istondagi voqealardan so‘ng ular eski odamlarga, eski uslubga qaytish haqida gapira boshlashdi. Shu ma’noda bu gap-so‘zlar hukumatga qo‘l keldi, chunki u yoshroq amaldorlarni tayinlash orqali buning aksini namoyish etdi”, deydi Ilhomov.

Rasmiylar, jumladan, Mirziyoyev ham, iyul oyida Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealarga kommunikatsiyadagi kamchiliklar sabab bo‘lganini ma’lum darajada tan oldi, ammo baribir rasmiy Toshkent bu hududning konstitutsiyaviy maqomiga o‘zgartirish kiritish taklifi sabab boshlangan noroziliklarda nomi aytilmagan “xorijiy kuchlar”ni ayblashda davom etdi.

Xalqaro tashkilotlar Karimov o‘limidan keyingi ilk yillarda dunyoga qisman ochilgan Toshkentni so‘z erkinligidan chekingani uchun tanqid qilishdi.

O‘zini islohotchi deb e’lon qilgan Mirziyoyev prezidentlik muddatini amaldagi konstitutsiyada belgilangan ketma-ket ikki muddatdan ortiqroqqa uzaytirish haqida o‘ylar ekan, bu kabi voqealar O‘zbekistonning tanlagan yo‘li borasida qator savollarni tug‘dirdi.

Siyosiy tandem?

Mirziyoyevaning lavozimga tayinlangani haqida 14-noyabr kuni e’lon qilingan bayonotda otasining matbuot kotibi yangi agentlik “jamoatchilik fikrini o‘rganish va axborot siyosati” uchun mas’ul bo‘lishini aytdi.

Komil Allamjonov AQSh davlat kotibining yordamchisi Elizabet Tryudo bilan. Toshkent, 6-oktabr, 2022.
Komil Allamjonov AQSh davlat kotibining yordamchisi Elizabet Tryudo bilan. Toshkent, 6-oktabr, 2022.

Mirziyoyeva birinchi marta 2019-yilning aprel oyida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktorining o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi. Ushbu lavozim uni avtomatik ravishda prezident maslahatchisi o‘rinbosariga aylantirdi va unga ommaviy axborot vositalarida keng vakolatlar berdi.

2020-yil yanvar oyi oxirida u ijroiya hokimiyatisiz bo‘lsa‑da, katta ta’sirga ega nodavlat tashkiloti – Milliy ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi rahbari o‘rinbosari etib tayinlandi.

Ushbu lavozimlarda Allamjonovning o‘ng qo‘li bo‘lgan Mirziyoyeva ochiqcha gapirishdan qo‘rqmaydigan siyosatchi bilan tandemda ekani haqida tasavvur uyg‘otdi. Allamjonovni ayrimlar Karimovdan keyingi “iliqlik” davrining oldingi saflaridagi siyosatchi deb ta’riflashadi.

“Agar Allamjonov Mirziyoyeva orqali elitaga prezident oilasining dastagi bilan ish olib borayotgani haqida mujda berayotgan bo‘lsa, Mirziyoyeva ma’lum maqsadlarga erishish uchun Allamjonovning professional tajribasiga tayanadi”, deydi Ilhomov.

Bu juftlikning agentlikdagi faoliyati 2005-yilda Andijon voqealaridan so‘ng bloklangan ayrim veb-saytlar ochilgan va mamlakatga kirishi taqiqlangan Bi‑bi‑si muxbiri akkreditatsiya qilingan paytga to‘g‘ri keldi.

Ammo bu qisman ochilish edi. Yaqinda Ozodlik radiosining O‘zbek xizmati muxbirlariga qisqa muddatli akkreditatsiya berilgan bo‘lsa ham, Ozodlik vebsayti mamlakat ichida hanuz to‘sib qo‘yilganicha qolmoqda.

2021-yilda LGBT huquqlari tarafdori bo‘lgan bloger Toshkentda hujumga uchrashi ortidan, Allamjonovning LGBT huquqlariga qarshi turgan konservatorlar tomoniga o‘tgani bu ochilish cheklangan bo‘lganini yana bir namoyish qildi.

44 yoshli sobiq tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov shu yil iyulida Prezident Administratsiyasi rahbari etib tanlangan.
44 yoshli sobiq tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov shu yil iyulida Prezident Administratsiyasi rahbari etib tanlangan.

“Xorijiy tashkilotlar O‘zbekiston yoki boshqa davlatga talab qo‘yishdan oldin millatning mentaliteti, dini, madaniyati va an’analarini hisobga olishlari kerak”, deya yozg‘irdi Allamjonov.

Bu voqealar Administratsiya boshlig‘ining yangi o‘rinbosari kuratorlik qiladigan “so‘z erkinligiga juz’iy yondashuv” belgisi edi. O‘tmishda Allamjonovning biznes faoliyati jurnalistik surishtiruvlar markazida bo‘lgan”, deydi Ilhomov Ozodlik radiosiga.

"Uning ovozi hal qiluvchi bo‘ladi"

Mirziyoyeva hukmron oilaning jamoatchilik orasida eng ko‘p tanilgan a’zosidir. Uning eri, ishbilarmon Oybek Tursunov Prezident Adminstratsiyada lavozim egallagani haqidagi xabarlar hech qachon rasman tasdiqlangan emas.

Singlisi Shahnoza Mirziyoyeva Maktabgacha ta’lim vazirligida mas’ul lavozimda ishlaydi.

Qarindoshlaridan farqli o‘laroq, Mirziyoyeva muntazam ravishda mamlakatdagi voqealarga o‘z munosabatini bildirib keladi.

Shu yil boshida o‘zbekistonlik bir kuyovning to‘y kuni kelinni urgani aks etgan video internetda tarqalgach, Mirziyoyeva hodisani qoralaganlar qatoriga qo‘shildi.

“Biz bu kabi hodisalar haqida bir martalik ekan, deb sukut saqlamasligimiz kerak, deb yozdi Mirziyoyeva o‘zining ijtimoiy tarmoq sahifalarida. Shuning uchun ham biz ayollarni mustaqil va kuchli qiladigan, ularga yangi ufqlarni ochadigan ta’limga intilishimiz kerak”.

Bu hodisadan ikki yil avval, Toshkentdagi taniqli liberal «Ilhom» teatri joylashgan bino egasi bilan kelishmovchilik tufayli teatr yopilish xavfi ostida qolganida ham Mirziyoyeva vaziyatga darhol aralashgandi.

Shu bilan birga u o‘zining ona va madaniy an’analar posboni sifatidagi imijini ham parvarishlab keladi.

Yozda e’lon qilingan videoda uning to‘ng‘ich va kenja o‘g‘illari joynamoz ustida tiz cho‘kib o‘tirganini ko‘rish mumkin.

“Kenjatoyimni to‘g‘ri yo‘lga boshlashda akasi namuna bo‘layotganini ko‘rib, dilim yayrab ketadi. Ona uchun farzandlarini inoq, yaqin do‘st bo‘lib ulg‘ayayotganini ko‘rishdan yoqimliroq narsa yo‘q”, deb yozdi u post ostida.

O‘zbekistondagi bir qancha ommaviy axborot vositalari uchun maqolalar yozgan mashhur bloger Nikita Makarenko Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistonda so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyat juda og‘irligicha qolayotgan bo‘lsa‑da, Mirziyoyevaning matbuot erkinligiga sodiqligi samimiy, deb hisoblaydi.

“Saida Mirziyoyeva [davlat agentligida] ishlaganida mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishdan va OAV ni himoya qilishdan qo‘rqmasligini amalda isbotladi. Ko‘pincha muhim holatlarda uning ovozi hal qiluvchi bo‘lib chiqdi ", deydi Makarenko.

“Albatta, ideal dunyoda jurnalistlar va blogerlarni kuchli qonunlar va ularning ijrosi himoya qilishi kerak. Ammo hozircha bizga qanday bo‘lsa ham ittifoqchi kerak”.

Biroq O‘zbekistonning barcha hududlarida so‘z erkinligining chegarasi saqlanib qolmoqda, buni yaqinda bir Instagram foydalanuvchisining go‘yoki behayo postlari uchun qamalgani ham tasdiqladi.

Sevinch Sa’dullayeva ochiq oyoqlari va erkak boshini qo‘yib turgani aks etgan videolari uchun uzr so‘raganidan so‘ng besh kunlik qamoqning bir kunini o‘tab ozodlikka chiqdi.

Allamjonov ham, Mirziyoyeva ham bu ish yuzasidan izoh bermadi.

"Yaqinlarni yaqinda ushlash"

Markaziy Osiyoda prezidentlarning farzandlari nufuzli davlat lavozimlarini egallagan ko‘plab misollar mavjud.

Qozog‘istonda birinchi prezident Nursulton Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi Darig‘a Nazarboyevaga bir qator nufuzli lavozimlar, jumladan, Senat spikeri lavozimi ham berildi, bu esa uni prezidentlikka da’vogar qilib qo‘ydi.

Qozog‘istonning sobiq rahbari oilasining ko‘plab a’zolari qatori u ham yanvar oyidagi qonli voqealardan so‘ng siyosiy rolidan voz kechdi.

Tojikistonda prezident Emomali Rahmonning farzandlariga alohida vakolatlar berilgan.

Саида Мирзиёева Президент администрациясида лавозимга тайинланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:03 0:00

Rahmonning qizi Ozoda Rahmon uning ma’muriyati rahbari bo‘lib, o‘g‘li Rustam Emomali otasining merosxo‘ri sifatida ko‘riladi.

O‘zbekistonda Mirziyoyevaning mashhurligi 2016-yilda vafot etgan Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan muqoyasalarga yo‘l ochgan.

Ammo hozirda bir qator korrupsiyaga aloqador jinoyatlar uchun qamoq jazosini o‘tayotgan diplomat, tadbirkor va modalar dizayneri Karimova hech qachon Mirziyoyeva egallab turganidek qudratli lavozimni egallamagan va asosan ishonchli shaxslar orqali hukumatga ta’sir o‘tkazishga uringani ma’lum.

Karimovaning qulashi hali otasining tirikligida, hukmron oila ichidagi janjallarni fosh etuvchi ijtimoiy tarmoqlardagi postlari uchun hibsga olinganida yuz berdi.

Gollandiyaning Groningen universiteti qoshidagi OAV va jurnalistika tadqiqot markazi dotsenti Rashid Gabdulxakovning fikricha, Mirziyoyevlar oilasi o‘sha davrdan “ma’lum darajada saboq olgan”.

“Agar Gulnora bir muddat nazoratdan chiqib ketishiga qo‘yib berilgan bo‘lsa, hozirgi holatda biz prezident qizini yonida ushlab turganini ko‘ryapmiz”, deydi Gabdulxakov.

Hozirda prezidentni o‘rab olgan ko‘plab amaldorlar ichida oilaviy rishtalardan foyda ko‘radigan faqat Mirziyoyeva emas.

Britaniyada tahsil olgan, Londondagi Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankida ishlagan Sardor Umurzoqov Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida o‘qituvchi va rektor bo‘lib ishlagan marhum O‘ktam Umurzoqovning o‘g‘lidir. Mirziyoyev shu institutni tamomlagan.

Ikkala oila ham Jizzax viloyatidan bo‘lib, Mirziyoyevning dastlabki kasbiy hayotiga O‘ktam Umurzoqov ta’sir ko‘rsatgan deb ishoniladi.

O‘g‘il Umurzoqovning boshqaruvdagi mavqei o‘tgan oy u Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan uchrashish uchun Anqaraga yakka o‘zi borganida ham yaqqol namoyon bo‘ldi.

Bu haqda faqat Prezident Erdo‘g‘onning matbuot xizmatigina xabar berdi.

Bu kabi ko‘rinishlar Umurzoqov Mirziyoyevning vorisi sifatida tayyorlanayotgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi farazlarga ham yo‘l ochgan.

Ammo Alisher Ilhomovning Ozodlik radiosiga aytishicha, Qoraqalpog‘istondagi voqealardan so‘ng va prezidentlik muddatini cho‘zish arafasida mamlakat tashqarisi va ichkarisida o‘z imijini yaxshilashga urinayotgan Mirziyoyev uchun o‘zining yosh komandasiga e’tiborni jalb qilish mantiqiy qadamdir.

XS
SM
MD
LG