Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:42

Fermerlar: Prezident qarori ishlamayapti. Davlat bug‘doyni suv tekin sotib olmoqda


Bug‘doy va bug‘doyzor
Bug‘doy va bug‘doyzor

Qashqadaryolik va sirdaryolik fermerlarning Ozodlikka aytishicha, davlat va klaster korxonalari "prezident qaroriga qarshi o‘laroq" ulardan bug‘doyni bozor narxidan ikki baravar past narxda sotib olmoqda, bajarish mushkul bo‘lgan rejalar qo‘ymoqda. Ularning aytishicha, davlat bir kilogramm bug‘doyni 1500 so‘mga sotib olmoqda, bozordagi bug‘doy narxi esa 3000-3500 so‘m.

Fermerlar mahalliy hokimlarning tazyig‘i ostida don qabul qilish korxonalari bilan go‘yoki shartnoma tuzgani, lekin hech narsa yozilmagan qog‘ozga majburan imzo chekib muhr bosib bergani yoki shartnomadagi shartlar fermer roziligisiz bir necha marta o‘zgartirilganidan shikoyat qilmoqda.

Bug‘doy narxi suvdan arzon

Qashqadaryo viloyat, Koson tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan fermerning aytishicha, bu yil davlatga bug‘doy sotgan barcha dehqon kasod bo‘ldi:

“Kosondon" korxonasi fermer bilan shartnoma qildi. Faqat shartnomaning bo‘sh blankasiga imzo va muhr qo‘yib berdik, xolos. Bug‘doyni shunchadan sotib olamiz deyilmadi. Hozir "Kosondon" bir kilo bug‘doyni 1500 so‘mdan qabul qilib olyapti. Bozorda esa bir baklajka bir litrli suvning narxi 2000 so‘m. Bir yillik mehnatimizning qadri shunchami endi? Rejadan ortgan bug‘doyni ham majburan shu narxda olyapti. Lekin rejani bajarolmagan fermerlarga o‘sha "Kosondon"ning o‘zi 3000 so‘mdan sotyapti.”

Fermerning aytishicha, rahbarlar dehqonni tunashning har qanday usulini ishlatishyapti:

“Masalan men topshirgan har moshina bug‘doyimdan uch satildan, taxminan 30 kilo, laboratoriya tekshiruvi uchun olyapti. Axir laboratoriyada tekshirishga bir hovuch bug‘doy yetarliku. Bir yillik mehnatimni suv tekinga olishdi, bo‘yidan ham, enidan ham urib qolishdi. Bug‘doydan daromad emas, qarz bilan chiqdim. Mineral o‘g‘it, texnika xizmati, yonilg‘i narxlari bir necha marta oshdi. Lekin bizning bug‘doy narxi yerdan o‘zi otilib chiqadigan suvdan ham narxi past bo‘ldi”.

Prezident qarori qog‘ozda qoldi

Koson tumanidagi ismi sir qolishini so‘ragan hudud rahbarlaridan birining aytishicha, uning hududidagi fermerlar juda qiyin ahvolda qolgan:

“Misol uchun 100 million so‘m xarajat qilasizda, mahsulotingizni 50 millionga sotasiz. Bu alam qilmaydimi? Qarsak ikki qo‘ldan bo‘lishi kerak. O‘yinchilar shartlari baravar bo‘lishi kerak. Fermerga yonilg‘ini, mineral o‘g‘itni bozor narxida beryaptimi, uning mahsulotini ham bozor narxida olishlari kerak. Mana hozir bozorda bir kilo bug‘doy 3500 so‘m. Bizdan esa ikki baravar arzon sotib olyapti. Tepadan nima deymiz, nechta qaror chiqaramiz, bari qog‘ozda qolib ketyapti. Hatto prezident chiqargan qarorlarning ham sariq chaqachalik qiymati qolmadi. Bo‘lmasa bu yil 100 foiz bug‘doyni erkin narxda olishlari kerak edi. Yo‘q, bo‘lmadi. Avvalgi zo‘ravonlik, hokimlarning yakkahokimligi davom etmoqda”.

Hudud rahbari bug‘doydan tushgan shu arzimas pul ham dehqonning qo‘liga tegmasligini aytadi:

“Shu tonnasiga bir yarim million so‘mni ham tushishi bilan soliq oladi. Keyin g‘allani o‘rgan kombayn xizmatiga ketadi, keyin g‘allani tashigan mashinalar tashkiloti turibdi. Qarabsizki hisobingizda bir so‘m ham pul qolmadi. Hech bo‘lmasa, fermerga rejadan ortgan bug‘doyini o‘ziga qoldirishsa bo‘lardi, shu ham yo‘q. Keyin fermer o‘zining g‘allasini o‘zi o‘g‘irlashga majbur bo‘ladi, dorisini sotadi. Dehqon yana qarzdor bo‘lib qoladi. Fermerlar menga kelib yig‘laguday bo‘lib shikoyat qilishadi. Men nima ham qila olardim. Barcha tumanlarda shu ahvol. Qishloq xo‘jaligi, fermerlik, qo‘pol qilib aytganda, uzr, enasinikiga kirib ketdi. Karimov davridan beshbattar bo‘ldi”.

Ozodlik Koson tuman hokimi bilan bog‘lanishga harakat qildi. Qo‘ng‘iroqqa javob berib, o‘zini Sohib tanishtirgan hokim yordamchisining aytishicha, tuman hokimi telefonini tashlab o‘zi g‘alla o‘rimini ko‘rgani ketgan.

18 sentnerdan 30 sentnergacha ko‘tarishdi

Sirdaryo viloyat Oq oltin tumanidan Ozodlikka shikoyat qilgan fermerga ko‘ra, har gektar yerdan olinadigan bug‘doy sentneri sun’iy oshirib borilgani sabab, dehqonga bir kilo ham bug‘doy qolmayapti:

“O‘tgan yili bug‘doy ekilganda “Bobur qishloq xo‘jaligi” MChJ klaster korxonasi bilan har gektar yerdan 25 sentnerdanga shartnoma qilgan edik. Bu yil may oyida esa buni 30 sentnerdanga ko‘tarib qo‘yishdi. Hammaga majburiy qayta shartnoma qildirdi. Bularning ishi juda qiziq. Aslida respublikadan bizga keladigani 18 sentner. Buni kompyuterdan ko‘rsangiz ham bo‘ladi. Viloyat yana 4 qo‘shib 22 sentner qilib qo‘yadi, tuman yana 3 qo‘shib 25 qilgan edi. O‘rimga kelib yana 5 qo‘shdi. Nima xohlashsa shuni qilishadi. Chunki bug‘doyning xarid narxi arzon, 1520 so‘m. Kuyib qoladigan fermer bilan itning ham ishi yo‘q. Lekin 30 sentner beradigan bug‘doyning o‘zi yo‘q. Bularning maqsadi dehqonning oxirgi chaqasigacha qoqib olsa. Bugun meni hokim chaqirgan edi. Yana 10 tonna berasan, bo‘lmasa yerni topshirish haqida arizangni yoz dedi. Ana shunday qilib har yili fermerlarni qo‘rqitib bug‘doyini tortib olishadi”.

Fermerning aytishicha, garchi ularning shartnomasi klaster bilan tuzilgan bo‘lsa-da, lekin tuman hokimi Dilmurod Fozilov tazyiq o‘tkazmoqda:

“Prezident endi hokimlar fermerlar ishiga aralashmaydi, deb aytgan edi. Lekin planni oshirgan ham, yana buncha topshirasan degan ham hokim. Yeringni olib qo‘yaman degan ham hokim. Hech narsaga tushunmay qoldik. It egasini tanimaydigan zamon bo‘ldi!”

Oq oltin tumani hokimi Dilmurod Fozilov majlisda ekanligini aytib, aloqani uzib qo‘ydi.

Ozodlikka bundan avval ham mamlakatning turli hududlaridan murojaat qilgan fermerlar g‘allaning rejadan ortig‘i ham tortib olinayotganidan shikoyat qilayotgani haqida yozgan edi.

G‘allakorlar iddaosiga ko‘ra, mahalliy hokimliklar har bir fermerdan shartnomada ko‘rsatilgan rejadan ortiqcha 40 tonnagacha bug‘doy talab qilmoqda.

Prezidentning ijro qilinmay qolgan qarori

Fermerlar bilan shartnoma qilinganda 2021 - yil hosilidan boshlab davlat tomonidan g‘allaga xarid narxini belgilash amaliyotidan to‘liq voz kechilishi haqidagi prezidentning 2020 - yil 6 - martdagi qarori inobatga olinmadi.

Qarorda 2021 - yil hosilidan boshlab:

davlat tomonidan g‘allaga xarid narxini belgilash amaliyotidan to‘liq voz kechiladi;

davlat xaridi to‘liq bekor qilinadi hamda fermerlar va boshqa korxonalar tomonidan yetishtiriladigan g‘alla barcha iste’molchilarga,
shu jumladan, donni qayta ishlovchi korxonalar, g‘allachilik klasterlari va treyderlarga birja savdolari orqali yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar (fьyuchers, forvard va boshqalar) asosida erkin narxlarda sotiladi, deb yozilgan edi.

Ammo, bug‘doy yetishtirgan fermerlardan olingan xabarlarga ko‘ra, prezidentning bu qarori ham bajarilmadi.

XS
SM
MD
LG