Filadelfiya politsiyasi Ramazon oyi tugashi munosabati bilan shaharda tashkil etilgan bayramda chiqqan otishmada uch kishi yaralanganini bildirdi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, jami 30 tacha o‘q otilgan.
Mahalliy nashrlar 10-aprel kuni tushdan keyin Filadelfiyaning sharqiy qismida bir necha kishi o‘qotar quroldan jarohat olgani haqida xabar qilishgan. Jumladan, 22 yoshli erkak qornidan jarohat olgan. Yaralanganlardan yana biri o‘smir bo‘lib chiqqan, u ikki qo‘liga o‘q tekkan holda voqea joyiga yaqin bo‘lgan klinikaga olib kelingan.
Politsiya uch erkak, bir ayol va politsiyachi tomonidan yaralangan 15 yashar o‘smirni qo‘lga olgan. Voqea joyida politsiya tomonidan beshta o‘qotar qurol musodara qilingan.
Bayramda ishtirok etgan ayol jurnalistlarga otishma chog‘ida taloto‘p yuzaga kelgani va oilasini qidirish chog‘ida ko‘nglini dahshatli qo‘rquv chulg‘ab olganini aytgan.
“Filadelfiyada o‘qqa tutilish xavfisiz hatto ko‘chada ham biror bayramni nishonlay olmasligingiz achinarli”, degan u.
FOX29 telekanali xabariga ko‘ra, o‘qotar quroldan foydalangan holda sodir etilgan hujum yuzasidan tergov davom etmoqda.