Линклар

Шошилинч хабар
25 сентябр 2021, Тошкент вақти: 01:59

Forbes: Jorj Sorosning sobiq hamkori O‘zbekistonga sarmoya kiritishni ko‘zlamoqda


Amerikalik investor monopoliya va yuqori narxlar uchun tanqid qilinadigan “Uzbekistan Airways” shirkatiga ham sarmoya yotqizmoqchi ekanini aytgan.

Amerikalik taniqli investor Jim Rojers O‘zbekistonga sarmoya yotqizishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Forbes nashri xabar berdi.

“Garchi hali-hanuz g‘arbda yashaydigan odamlar uchun noma’lum bo‘lsa-da, men yangi O‘zbekistonning katta muxlisiman”, degan Rojers Forbes muxbiri Kennet Rapozaga.

“Ilgari mamlakat diktatura o‘laroq boshqarilardi, ammo yangi hukumat nima qilayotganini biladiganga o‘xshaydi. So‘nggi bir necha yil ichida ular erishgan yutuqlar tahsinga loyiq”, deya Rojersning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Forbes nashri.

Rojers Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng paxta dalalarida majburiy mehnatga barham berilgani, hanuz davlatniki bo‘lib turgan mulklarni xususiylashtirish jarayoni hamda sud tizimida islohotlar boshlanganini misol o‘laroq keltirgan.

Ayni paytda mamlakat ichkarisi va tashqarisida bu islohotlarning qanchalik ilgarilagani borasida savollar ko‘p.

“Iqtisodiyot va nihoyat ochildi va aminmanki, xalqaro investorlar mamlakatning o‘sish salohiyatidan foydalanish uchun ushbu imkoniyatdan foydalanadilar”, degan Rojers.

“Men ular va’da qilgan xususiylashtirish rejalari va [fond bozoridagi] birlamchi ommaviy takliflarni diqqat bilan kuzatib boraman”, deya qo‘shimcha qilgan u.

Rojers qishloq xo‘jaligi, metallurgiya va energetikaga sohalariga sarmoya yotqizishni rejalashtirayotganini aytgan.

Ayni damda unda hali bironta O‘zbekiston shirkati aksiyasi yo‘q.

“Menimcha, yangi hukumat O‘zbekistonning global va mintaqaviy ta’minot zanjiridagi mavqe’ini oshirishga harakat qilmoqda”, degan Rojers.

“Ular o‘zlarining mo‘l-ko‘l tabiiy gaz zaxiralaridan xomashyo sifatida foydalanib, mahalliy neft-kimyo sanoatiga sarmoya kiritmoqdalar va kelajakda raqobatbardoshligi oshadigan sovet paxtachiligini isloh qilishni boshlaganlar”, degan u.

Xitoyning uyg‘urlarga qarshi repressiyalari bois Shinjon paxta sanoatiga qarshi joriy qilingan cheklovlar fonida o‘zbek paxtasi bozori chaqqon bo‘lishi mumkin, chunki Xitoy paxtasidan voz kechayotgan xaridorlar o‘zbek “oq oltiniga” qiziqa boshlagan.

“(O‘zbekistonning paxta sanoati) zarur texnologiyalarni olib keladigan va tobora o‘sib borayotgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar yordamida qo‘shimcha qiymati baland to‘qimachilik sanoatiga aylanishi mumkin”, degan Rojers.

Forbes maqolasiga ko‘ra, birja bozori ancha rivojlangan Qozog‘istondan farqli o‘laroq, O‘zbekistonda infratuzilma, tabiiy boyliklar hamda ishlab chiqarish kabi an’anaviy sektorlar sarmoya jalb qilishini kutish mumkin.

Rojers O‘zbekistonda turizm sohasiga hamda mehmonxonalarga sarmoya yotqizish niyatida ekanini aytgan. Shuningdek, investor “Uzbekistan Airways” shirkatiga ham sarmoya yotqizmoqchi ekanini bildirgan.

O‘zbekiston hukumati xususiylashtirishni rejalashtirayotgan shirkatlar orasida “Uzbekistan Airways”dan tashqari “Uzmetkombinat”, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Navoiy kon-metallurgiya kombinati kabi korxonalar bor.

O‘zbekistonlik mustaqil iqtisodchi va tadbirkor Abdulla Abduqodirov amerikalik milliarder va filantrop Jorj Sorosning sobiq hamkori bo‘lgan Rojersning O‘zbekistonga qiziqishini "yaxshi yangilik" deya baholaydi.

Uning Ozodlikka aytishicha, Jim Rojers — "o‘zgacha taqdir va qarashlar egasi".

"U fond bozorida katta sarmoya orttirgan investor bo‘lishibilan birga, yozuvchi hamdir. Kamina qalam ahlini hamisha — 50-100 yil ilgarilab fikrlovchi gumanist, deb bilaman. O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi tadbirkor o‘laroq, iqtisodiyotimiz amalda nimasi bilan kuchliligini, uning salohiyatini, siyosiy iroda bo‘lgan va iqtisodiy faollik rag‘batlantirilgan taqdirda qanday real natijaga erishish mumkinligini etarli darajada tasavvur eta olaman".

Abdulla Abduqodirovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonga Rojersga o‘xshagan investorlar kelishini olqishlash mumkin.

"Umid qilamizki, Rossiya va offshor davlatlarning an’anaviy investorlariga aynan shular raqobatchi bo‘ladi. Yana umidimiz shuki, ular hech kimga ishlar harakatlardan farqli bo‘lishiga yo‘l qo‘yishmaydi. Agar shunday bo‘lsa, ular ortlariga buriladilaru mamlakatni tark etadilar.

Boshqa tomondan ko‘rilsa, Jim Rojersning doimiy sherigi Sorosdir, binobarin, O‘zbekistonning investitsiya imkoniyatlarini o‘rganish ikkovining qo‘shma qarori bo‘lsa, ajab emas".

Tahlilchilar Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, O‘zbekistonda valyuta bozori liberallashtirilgani, savdo-sotiqdagi ayrim to‘siqlar olib tashlangani va hukumat xorijiy davlatlarda mamlakatning sarmoya potensialini targ‘ib qilayotganini ijobiy qadamlar sifatida qayd etishadi.

Ayni paytda davlatning iqtisodiyotdagi ulushi kattaligicha qolayotgani, tenderlarning shaffof emasligi, sud tizimi mustaqilligining ta’minlanmagani va korrupsiya xorijiy investitsiyalar yo‘lidagi jiddiy to‘siqlar sifatida ko‘riladi.

O‘tgan oy Ozodlik O‘zbekistondagi Coca-Cola qo‘shma korxonasidagi davlat ulushini sotish bo‘yicha rasman ochiq, ammo o‘ta maxfiy tender haqidagi surishtiruvini e’lon qilgan edi.

Tender ishtirokchilari ro‘yxatida prezident Mirziyoyevning kenja kuyovi Otabek Umarovga aloqador kompaniyalarni ham o‘z ichiga olgan «O‘zbek-Ummon investitsiya fondi» (Uzbek-Oman Investment Company) ham bor.

Shu yilning 30 - mart kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tenderning birinchi bosqichi yakunlanganini e’lon qilgan, biroq ishtirokchilarning ismlari yoki soni to‘g‘risida hech qanday ma’lumot berilmagan.

Dunyoda korrupsiya darajasini o‘rganuvchi Transparency International tashkiloti o‘zining 2020 - yilgi hisobotida O‘zbekistonni 168 davlatdan 146-o‘ringa qo‘ygan. Bu 2016 - yildagi indeksdan (153) 7 pog‘ona baland.

Ayni paytda tashkilot O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston bilan birga Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha eng orqada qolayotgan davlatlardan biri ekanini qayd etgan.

Transparency International hisobotida aytilishicha, koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat mintaqaning avtoritar davlatlarida korrupsiya muammosining yanada chuqurlashishiga olib kelgan.

XS
SM
MD
LG