Линклар

Шошилинч хабар
30 май 2024, Тошкент вақти: 02:23

Freedom House O‘zbekistonni “avtoritarizm kuchayib borayotgan” davlat deb topdi


Markaziy Yevropa hamda Markaziy Osiyo davlatlarida demokratik ko‘rsatkichlar oxirgi 20 yil mobaynida muttasil yomonlashib bormoqda. Bu haqda Freedom House xalqaro inson huquqlari tashkilotining “O‘tish davri mamlakatlari – 2024” (Nations in Transit 2024) deb nomlangan yillik hisobotida so‘z boradi.

Tadqiqot mualliflari O‘zbekistonni avtoritar rejim unsurlari kuchayib borayotgan davlat deb topgan.

“Markaziy Yevropadan Markaziy Osiyoga qadar yastangan mintaqada geosiyosiy qayta qurish kechmoqda. Moskvaning Ukrainani mahv etish yo‘lidagi urinishlari va Ozarbayjon rejimining Tog‘li Qorabog‘ni noinsoniy ravishda bosib olishi yana bir karra avtokratiya xurujining salbiy oqibatlarini namoyish etdi. Shu kabi hodisalar so‘nggi yillarda mintaqadagi geosiyosiy evrilishlarni jadallashtirdi, mamlakatlar ikki qarama-qarshi guruhga – liberal, demokratik nizomga sodiqlar hamda unga tish-tirnog‘i bilan muxoliflarga bo‘lindi”, deyiladi hisobotda.

An’anaviy tadqiqotda 29 mamlakat demokratik boshqaruv, fuqarolik jamiyati, erkin saylov, mustaqil matbuot, korrupsiyaga qarshi kurash kabi mezonlarga ko‘ra baholangan.

Ozarbayjon, Belarus, Rossiya hamda Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari qatori O‘zbekiston avtoritar rejim alomatlari tobora kuchayayotgan davlatlar safiga kiritilgan.

O‘zbekistonga 7 ballik baholash mezoni bo‘yicha 1,18 ball berilgan. Ma’lumot o‘rnida, o‘tgan yilgi reytingda mamlakatdagi demokratik qadriyatlar holati 1,21 ball deb baholangandi.

Freedom House xulosasiga ko‘ra, avtoritar rejimga mansub davlatlarda o‘tgan yili ham ortga chekinish holati kuzatildi.

Avtokratik rejimlar xalqaro me’yorlarni poymol etishda o‘zaro hamkorlik qilgan holda qatag‘onlarni kuchaytirmoqda. “Avtoritarizm kuchayib borayotgan rejimlar” tasnifiga kiritilgan 8 mamlakatning 4 tasida demokratik ko‘rsatkichlar quyiga sho‘ng‘idi. Yakkahukmron yetakchilar hur fikr uchun qolgan so‘nggi darchalarni ham yopib, iqtidor vakolatini noma’lum muddatga cho‘zishga harakat qildi”, deyiladi tadqiqotda.

O‘tgan yilning 30-aprel kuni o‘zbekistonliklar mamlakat tarixidagi uchinchi konstitutsiyaviy referendumda ovoz berdi. 65 foiz yangilangan Konstitutsiya 65 yashar prezident Shavkat Mirziyoyevning 2 muddatini nollashtirdi – 13 yil bosh vazir, ikki muddat davlat rahbari bo‘lgan siyosatchiga 2037-yilgacha yoki umrbod hokimiyatda qolish imkonini taqdim qildi.

Freedom House hisobotida uchinchi va to‘rtinchi muddat prezidentlikka yo‘l ochgan bahsli referendum ham eslangan.

Qayd etilishicha, avtoritar hukumatlar sanksiyalardan bo‘yin tovlash, ichki muxolifatning ovozini o‘chirish borasida bir-biriga yaqindan ko‘mak bermoqda.

“Rossiya yetovidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti “tinchlikparvarlari” Qozog‘istonda 2022-yil yanvar oyida bo‘lib o‘tgan tartibsizliklarni bostirishda muhim rol o‘ynadi. O‘zbekiston hukumati ichki gaz zaxiralariga oid xavotirlar fonida Rossiyadan tabiiy gazni import qilish yo‘lida 500 mln dollar sarmoya yotqizishni rejalashtirmoqda. Bu qadam har ikki avtoritar hukumatga iqtisodiy foyda va siyosiy barqarorlik baxsh etishi mumkin”, deyiladi hisobotda.

Freedom House sobiq SSSR respublikalaridan Armaniston, Gruziya, Moldova va Ukrainani “demokratiyaga o‘tish bosqichidagi yoki omixta rejimlar” deb atagan bo‘lsa, Latviya, Litva va Estoniyani demokratiyaga moyil davlat o‘laroq tasniflagan.

Xalqaro inson huquqlari tashkiloti demokratik dunyo yetakchilarini “yakkahukmronlar ko‘chasida bayram”dan oqilona xulosa chiqarib, demokratik qadriyatlarni ilgari surish borasida faol harakatga undagan.

XS
SM
MD
LG