Линклар

Шошилинч хабар
11 май 2021, Тошкент вақти: 13:23

"G‘arbning navbatdagi nayranglari". Rossiya OAVlari Chexiya tarafi aybloviga qanday munosabat bildirdi


Ruslan Boshirov (chapda) va Aleksandr Petrov

Rossiya federal medialari yana g‘azab otiga minishi uchun bahona topildi: Chexiya 18 nafar rossiyalik diplomatni mamlakatdan haydab chiqarishini e’lon qildi.

Chex maxsus xizmatlari 2014 - yili Vrbetitsedagi o‘q-dori omborida yuz bergan portlashga Skripallarni zaharlashda ayblanayotgan o‘sha mashhur “Petrov” hamda “Boshirov”larning aloqasi bor, deya gumon qilmoqda. Elchixona xodimlarining quvilishi ana shu taxmindan tug‘ilgan norozilik belgisidir.

Rus mediasi ushbu yangilikka, urinib ko‘rsa ham, hazil-mazax bilan javob bera olmadi. Chunonchi:

  • “Nega Petrov va Boshirov deysizmi? Boshqa kim bo‘lardi? Ilgari, shoshilinch bir narsa o‘ylab topish kerak bo‘lganda Hollivud “general Gogol” bilan “polkovnik Pushkin”ni taklif qilarkan. Endi esa Petrov bilan Boshirovni taklif qilishayapti. Ularni Praganing nayzador gumbazli cherkovi yonida ko‘rishgandir, hoynahoy?” (NTV, Rossiya).
  • “Boshirov bilan Petrov hanuz “Marvel”ning koinotdan kelgan superyovuz qahramonlarga aylanmagani juda g‘alati” (Ren TV, Rossiya).

“Alahlash” va rusofobiya

Aksari rus medialarining dastlabki reaksiyasini yarim g‘azab, yarim taajjub hosilasi deyish mumkin. Praganing bayonotiga nisbatan alahsirash, safsata, bema’nilik va rusofobiya olovini yoqish uchun bahona va boshqa jimjimador ta’riflar qo‘llanishi shundan dalolat beradi.

  • “Rossiyaga qarshi chiqish uchun Chexiyada kutilmagan bahona topilibdi: 7 yil burungi voqea – o‘q-dori omborida yong‘in chiqishi mahalliy muxolifatning yodiga tushib qolgan” (Rossiya 24, Rossiya).
  • “Bu ishda ma’ni va mantiq borga o‘xshamayapti” (REN TV, Rossiya).
  • “Bahonalari yangi emas, lekin aksilrossiya jazavalarining umumiy ruhiga bemalol mos keladi” (Rossiya 24, Rossiya).
  • “Rossiyaga qarshi keng ko‘lamli axborot urushi avj olmoqda. Bu urush yevropaliklar orasida rusofobiyani yoyishga qaratilgan” (Regnum, Rossiya).

  • “Federatsiyalar kengashining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Vladimir Djabarov bo‘layotgan voqealarni bema’nilik deb atadi. 1914 - yilni eslashmabdi haliyam. Alahsirash bu, hammamiz tushunib turibmiz” (360, Rossiya).

"G‘arbning uzun qo‘li"

Har doimgidek, Rossiya jurnalistlari AQShni ayblashdan o‘zini tiya olmadi. Davlat propagandasi asosan ikki taxminni ilgari surdi: yo Vashington birov orqali Moskvani yomonotliq qilmoqchi yoki Oq uyning ko‘nglini ovlash uchun Praganing o‘zi tashabbus ko‘rsatyapti.

  • “Rossiyaga qarshi siyosatga nihoyatda sodiqlik namoyishi, bu ma’noda Chexiyaning agressiyasi – Vashingtondan baralla yangragan bayonotlar aks-sadosi kabidir: yo uning xohish-istagini ado etishyapti, yoki unga jo‘rovoz bo‘lishga urinishmoqda” (Rossiya 24, Rossiya).
  • “Mazkur diplomatik janjal so‘nggi kunlarda Rossiya Federatsiyasiga qarshi yangi sanksiya kampaniyasini boshlab yuborgan Vashington bosimi ostida uyushtirilgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas” (RT, Rossiya).
  • “Amalda Markaziy razvedka boshqarmasi bilan MI-6 ning Sharqiy Yevropadagi filialiga aylanib qolgan Chexiya xavfsizlik idorasi rahbarlari mahalliy “Bexerovka” likyoridan ko‘proq ichib qo‘yishgani dargumon. Aksincha, ular nafaqat Moskva va Praga aloqalari uchun halokatli xatti-harakatlarni ongli ravishda sodir etib, bu bilan g‘arblik sheriklariga yana bir karra xizmat qilishdi, balki Chexiya hamda Rossiya munosabatlarida kutilayotgan iliqlashuvni ham barbod qilishdi” (RG, Rossiya).
  • “Praganing kutilmaganda 18 nafar rossiyalik diplomatni badarg‘a qilmoqchi bo‘layotgani va yetti yil muqaddam o‘q-dori omborida yuz bergan portlashlar ortida “Solsberi” nayzador gumbazli cherkovi muxlislari turganligi haqidagi bayonoti – Moskva hamda Vashington aloqalari yomonlashgani oqibatidir” (Fontanka, Rossiya).

Belarus, "Rosatom" va "Sputnik"

Diplomatik mojaro ortidan chiqqan axborot urushida faqat AQShni ayblash bilan cheklanib bo‘lmasdi. Shu bois propagandachilar yuz bergan voqealarga nisbatan aniqroq izohlar o‘ylab topmoqda. Ular bir nechta.

Birinchisi – geosiyosiy versiya.

  • “Praganing maqsadi, ortida Qo‘shma Shtatlar turgan dushmanona axborot-siyosiy kampaniyani boshlash bo‘lgani tushunarli. Bu – Belarusda qurolli qo‘zg‘olonga hozirlik ko‘rilganini tasdiqlovchi faktlardan jamoatchilikni chalg‘itish uchun amalga oshirilgan” (Rossiya 1, Rossiya).
  • “Diqqat qiling, bu ayblovlar aynan Lukashenkoning “Menga suiqasd hozirlashgan. Tayyorgarlik chet eldan boshqarilgan”, deb bayonot berganidan so‘ng yangradi” (NTV, Rossiya).
  • “Chexiya hukumati tilidan Rossiyani yo‘q gunohi uchun ayblash orqali G‘arb Belarusda davlat to‘ntarishiga hozirlik ko‘rilgani to‘g‘risidagi xabarlarni xaspo‘shlamoqda” (RT, Rossiya).

Ikkinchi versiya iqtisodiy mazmunga ega.

  • “Eng qizig‘i, bu gaplarning aynan hozir – Chexiya hududidagi atom elektr stansiyasining yangi energoblokini kim qurishidek juda muhim strategik qaror qabul qilinishi arafasida o‘rtaga chiqqanidir” (TVTs, Rossiya).
  • “Chexiya, darhaqiqat, xavotirli alomatlarni namoyish etmoqda. Mamlakat, surishtiruv yakunlanishini kutib o‘tirmay, “Rosatom” bilan hamkorlikni to‘xtatishini e’lon qilyapti” (Rossiya 24, Rossiya).
  • “Praga, so‘nggi voqealar “Dukovani” AESning yangi energobloki qurilishiga Rossiyaning “Rosatom” davlat shirkatini jalb etishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini bildirdi. Bungacha esa tanlovdan Xitoy shirkatini chiqarib yuborishgan edi. Ana endi toping-chi, 6 milliard dollarlik shartnomaga kim asosiy talabgor bo‘lib qolyapti? To‘ppa-to‘g‘ri — “Westinghouse” amerika-kanada shirkati” (RG, Rossiya).

Uchinchi taxmin pandemiya bilan bog‘liq.

  • “O‘yin sabablari ikkita bo‘lishi mumkin. Birinchisi – Chexiyaning Rossiyadan "Sputnik V" vaksinasini sotib olishga intilishi. G‘arb bu intilish ortida o‘z birligiga tahdidni hamda dunyoda Rossiyani shunchaki “benzokolonka” va “Yevropa dushmani” deb tasavvur qilish barham topishi ehtimolini ko‘rdi” (Vzglyad, Rossiya).
  • “Moskva bilan Praga munosabatlari keskin iliqlashuvi kutilayotgan edi: Chexiya "Sputnik V" vaksinasini sotib olishga tayyor bo‘lib, dushanba kuniyoq bosh vazir o‘rinbosari Yan Gamachekni Moskvaga jo‘natmoqchi bo‘lib turgandi. Biroq shanba kuni kechqurun iliqlik o‘rniga, ikki tomonlama aloqalar jiddiy sovishi kutilayotgani ayon bo‘ldi” (Kommersant, Rossiya).

Javob yurishi

Chexiya hukumatining xatti-harakatlariga nima sabab bo‘lganidan qat’i nazar, Rossiya hukumati shoshilinch bayonot berib, tezlikda va keskin javob berilishini ma’lum qildi.

  • “Rossiya o‘z diplomatlarining Chexiyadan badarg‘a qilinishini javobsiz qoldirmaydi. Moskvada Praganing dushmanlarcha xatti-harakatlariga shunday izoh berildi” (TVTs, Rossiya).
  • “Hamma yig‘ilishi uchun bir sutka muhlat. Rossiya Chexiyaga nisbatan ikkitaga ko‘p diplomatni haydab yubormoqda” (Fontanka, Rossiya).
  • “Tashqi ishlar vazirligining so‘nggi javoblaridan Rossiya fuqarolari katta quvonch va faxr tuymoqdalar” (Rossiya 1, Rossiya).
XS
SM
MD
LG