Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 07:23

G‘azo sektorida HAMAS liderining uch o‘g‘li o‘ldirildi


Ismoil Haniya
Ismoil Haniya

Falastin va arab nashrlari 10-aprel kuni G‘azo sektorida Isroil zarbalari oqibatida HAMAS radikal guruhi (AQSH va Yevropada terror tashkiloti deb tan olingan) rahbari Ismoil Haniyaning uch o‘g‘li va bir necha nabirasi halok bo‘lgani haqida xabar tarqatishdi. Bu ma’lumot Isroil armiyasi va xavfsizlik xizmati matbuot xizmatlari tomonidan ham tasdiqlangan.

SAXAL (Isroil armiyasi) qaydicha, Amir Haniya HAMAS harbiy qanoti eskadroni komandiri bo‘lgan. Uning ikki tug‘ishgani Muhammad va Hozim Haniyalar ham guruh komandirlari bo‘lishgan.

Ismoil Haniya o‘g‘illari va nabiralari o‘limiga oid xabarni tasdiqlagan. HAMAS rahbari ularni “shahid” deb atagan hamda farzandlarining qoni “xalqimizdan bo‘lgan istalgan bir odamning qonidan qimmatliroq emas”, deya qo‘shimcha qilgan.

U “Al-Jazira” mediakompaniyasiga yaqinlarining o‘limi HAMAS rahbariyatini o‘z rejalaridan chekinishga, jumladan Isroil bilan otashkesim to‘g‘risidagi muzokaralarga nisbatan o‘z pozitsiyasini o‘zgartirishga majbur qilolmasligini bildirgan.

62 yoshli Haniyaning 13 nafar farzandi bor. HAMAS rahbarining o‘zi G‘azo sektorida yashamaydi, uning asosiy istiqomatgohi Qatar davlatidir.

O‘tgan yil 7-oktyabrida HAMAS guruhining Isroil janubiga hujumidan so‘ng SAXAL (Isroil armiyasi) G‘azo sektorida keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlagan. Falastinliklar hujum chog‘ida 1200 chog‘li odam halok bo‘lgan, 200 dan ziyod isroillik va xorijlik garovga olinib, G‘azoga olib chiqib ketilgan.

HAMAS nazorati ostidagi G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Isroil armiyasi tomonidan o‘tkazilgan amaliyot chog‘ida 30 mingdan ziyod falastinlik o‘ldirilgan, ularning aksariyatini ayollar va bolalar tashkil etadi. Bu ma’lumotlar mustaqil manbalar tomonidan tasdiqlangan emas.

XS
SM
MD
LG