Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:23

G‘azodagi otashkesimga qadar Turkiya Isroilga eksportni cheklaydi


G‘azo sektori hududidagi Xon Yunus shahri, 2024-yil 7-apreli
G‘azo sektori hududidagi Xon Yunus shahri, 2024-yil 7-apreli

G‘azo sektorida otashkesim e’lon qilinmagunicha, Turkiya Isroilga bir qator tovarlar eksportini cheklab qo‘yadi. Bu haqda Reuters agentligi Turkiya Savdo vazirligi bayonotiga tayangan holda xabar qildi.

Cheklovlar temir, marmar, po‘lat, sement, alyuminiy, g‘isht, o‘g‘it, qurilish jihozlari, aviatsiya yoqilg‘isi va boshqalar doxil 54 ta turli toifadagi tovarlarga daxldor bo‘ladi.

Vazirlik bayonotida bunday chora Isroil Anqaraning G‘azo sektoriga havodan insonparvarlik yordami tashlashda ishtirok etishga oid iltimosini rad etganidan keyin qabul qilingani aytilgan. Cheklovlar 9-apreldan e’tiboran kuchga kiradi.

“Bu qaror Isroil tomoni, xalqaro huquqdan kelib chiquvchi o‘z majburiyatlariga muvofiq ravishda, G‘azo sektorida otashkesim e’lon qilmagunicha hamda G‘azo sektoriga yetarli darajadagi insonparvarlik yordamining to‘siqsiz yetkazilishiga yo‘l bermagunicha amalda qolaveradi”, deyilgan xabarnomada.

Turkiya eksportchilar assambleyasi tomonidan tarqatilgan ma’lumotlarga muvofiq, o‘tgan yil 7-oktyabridan buyon Isroil bilan savdo-sotiq susaygan bo‘lsa-da, 2024-yili Isroilga eksport har oy oshib boravergan va mart oyiga kelib 423,2 million dollarni tashkil qilgan.

Turkiya o‘tgan yil 7-oktyabrida HAMAS guruhining (AQSH va YIda terror tashkiloti deb topilgan) Isroilga hujumidan so‘ng SAXAL (Isroil armiyasi) tomonidan G‘azo sektorida boshlatilgan amaliyotni qoralab chiqqan.

Reuters qaydicha, o‘tgan 6 oy mobaynida Anqara Isroil bilan tijoriy aloqalar yuritishni davom ettiravergan, bu esa mamlakat ichkarisida salbiy munosabatni yuzaga keltirgan. O‘tgan shanba kuni politsiya Istanbulda Isroil bilan savdo aloqalarini to‘xtatishni talab qilgan o‘nlab norozini qo‘lga olgan.

XS
SM
MD
LG