Линклар

Шошилинч хабар
26 июл 2021, Тошкент вақти: 18:49

Gaaga sudida MN-17 reysi halokatiga doir ish bo‘yicha tinglovlar boshlandi


7 - iyun, dushanba kuni Gaaga okrug sudida 2014 - yil 17 - iyulda “Malaysia Airlines” aviashirkatiga qarashli Boeing 777-200ER uchog‘ining halokatga uchrashiga doir ishni mazmunan ko‘rib chiqish boshlandi.

Layner MH-17 belgilangan reysini bajarib, Amsterdam – Kuala-Lumpur yo‘nalishida parvoz qilayotgandi. Uchoq bortidagi 298 kishining barchasi halok bo‘lgan.

Boeing 777-200ER halokati bo‘yicha sud jarayoni 2020 - yilning 9 - martida Amsterdamda boshlangan. Ayblanuvchilar to‘rt kishi bo‘lib, shundan uch nafari Rossiya fuqarolaridir. Bular: FXXning zaxiradagi polkovnigi Igor Girkin (Strelkov); BRB (GRU)ning zaxiradagi katta zobiti Sergey Dubinskiy; zaxiradagi HDQ podpolkovnigi Oleg Pulatov.

To‘rtinchi ayblanuvchi – Ukraina fuqarosi, Ukrainadan o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan “Donetsk Xalq Respublikasi”ga qarashli razvedka bo‘linmasi komandiri Leonid Xarchenko.

2014 - yil 17 - iyul kuni “Boeing 777” Amsterdamdagi Sxipxol aeroportida havoga ko‘tarilib, uch soatga yaqin parvoz qilganidan so‘ng Ukrainaning sharqiy hududlari ustida “Buk” raketasi yordamida urib tushirilgandi. Uchoqdagi barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari – jami 298 kishi halok bo‘lgan, shundan 80 nafari bolalar edi.

Aksari qurbonlar (192 nafar) Niderlandiya fuqarolari bo‘lgani bois Ukraina hukumati tergov olib borish vakolatini ushbu davlatga topshirdi.

Niderlandiya aviahalokat sabablarini BMT hamda Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (XFAT) bilan yaqin hamkorlikda o‘rganishda yetakchilik vazifasini bajarishga rozilik berdi.

Niderlandiya Xavfsizlik kengashi hamda Qo‘shma tergov guruhi (JIT) uchoq Ukraina sharqidagi davlatga tegishli bo‘lmagan qurolli tuzilmalar nazoratidagi hududdan urib tushirilgan, degan xulosaga keldi.

Ukraina sharqidagi to‘qnashuvlarda ishtirok etayotgan barcha tomonlar o‘zlarining mazkur aviahalokatga daxli yo‘qligini iddao qilib keladi. Rossiya Mudofaa vazirligi va mamlakatning rasmiy vakillari Qo‘shma tergov guruhi xulosasini oshkora rad etmoqda.

2017 - yil iyulda Niderlandiya Tashqi ishlar vazirligi MN-17 reysi halokatida aybdorlar, ular fosh etilgan taqdirda, Niderlandiyada sud qilinishini e’lon qilgandi.

2019 - yil oktabrda Rossiya MN-17 reysi halokatiga doir ish bo‘yicha uch ayblanuvchi ustidan mahkama jarayonini Rossiya hududida o‘tkazishni taklif qilgan edi. Ammo Niderandiya bu taklifni rad etgan.

Ayblanuvchilarning barchasi – Igor Girkin (Strelkov), Sergey Dubinskiy, Oleg Pulatov va Leonid Xarchenko – sudga kelishdan bosh tortdi. Pulatov sud bilan advokatlari orqali hamkorlik qilishini bildirdi. Uni ikki niderlandiyalik va bir nafar rossiyalik advokat tamsil qilmoqda.

Sudya Hendrik Stinheysga ko‘ra, sud “zanjirni to Rossiya harbiy qo‘mondonligiga qadar halqama-halqa tekshirib chiqishi”ni, mahkamaga kelishdan bo‘yin tovlagan Dubinskiy, Girkin, Pulatov hamda Xarchenkolar esa alohida – bitta sud jarayoni doirasida sud qilinishini ta’kidladi.

XS
SM
MD
LG