2024-yil boshidan buyon O‘zbekiston bo‘ylab gaz bilan bog‘liq 74 ta baxtsiz hodisa qayd etilgan. Bu haqda 27-noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan brifingda "Hududgazta’minot" aksiyadorlik jamiyati boshqarma boshlig‘i Abdusattor Qayumov ma’lum qildi.
Mulozimga ko‘ra, “fuqarolarning is gazining xavf ekanini to‘la-to‘kis his etmasliklari, gazdan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga amal qilmasliklari natijasida” yuzaga kelgan mazkur noxush hodisalarda 82 nafar odam qurbon bo‘lgan, 80 dan ziyod kishi esa turli darajada tan jarohati olgan.
Qayumov “nostandart, qo‘lbola, xavfsizlik talablariga javob bermaydigan nosoz hamda dudbo‘ron shamollatish tizimlarini tekshirmasdan foydalanish” ham bu kabi fojialarga sabab bo‘layotganini qo‘shimcha qilib, iste’molchilardan gazdan foydalanish qoidalariga qat’iy rioya qilishni so‘radi.
O‘zbekistonda sovuq tushishi bilan mamlakat bo‘ylab is gazidan zaharlanish tufayli ko‘plab o‘limlar qayd etiladi. Bundan bir hafta muqaddam Ozodlik is gazidan zaharlanish tufayli Namangan viloyatining Pop tumani va Buxoro viloyatining Kogon shahrida 5 kishi nobud bo‘lgani haqida xabar qilgan edi.
Faollar is gazi tufayli o‘limlar soni ortishiga energiya taqchilligi ham sabab ekanini aytib kelishadi.