Germaniya parlamenti koalitsion hukumat tarqab ketganidan keyin federal kansler Olaf Sholsga ishonchsizlik votumi bildirdi.
Sholsga 733 nafar parlament deputatidan faqat 207 nafari ishonch bildirgan, ular Shols mansub bo‘lgan Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi (GSDP) vakillaridir. 394 ta ovoz ishonchsizlik uchun berilgan, 116 nafar deputat esa ovoz berishdan tiyilgan. Parlament ishonchiga ega bo‘lish uchun Shols kamida 367 ta ovoz yig‘ishi lozim edi.
Bundestagning Shols kabinetiga ishonchsizlik bildirishi kutilgan hodisa edi. Siyosatchilar parlamentga muddatidan ilgari saylov sanasi (23-fevral) yuzasidan ham allaqachon kelishuvga erishishgan.
Ovoz berish oldidan Shols deputatlar oldida chiqish qildi. “Siyosat – o‘yin emas”, degan kansler Erkin demokratik partiyani koalitsiya tarqalishida aybladi. Mazkur koalitsiyaga GSDP bilan “Yashillar” partiyasi ham kirgan. Shols mamlakat mudofaasi uchun “keng ko‘lamli investitsiyalar” kiritishga chaqirgan va Germaniya “Yevropada Ukrainaning eng kuchli tarafdori” bo‘lib qolishini va’da qilgan. Ayni paytda kansler “nemis askarlarini bu urushga hech qachon yo‘llamas”ligini va mojaroni shishirmasligini aytgan.
Hukumatga ishonch bildirish bo‘yicha ovoz berish o‘tkazilishini Sholsning o‘zi talab qilgan. Bu talabni u byudjetni moliyalashtirish masalasi bo‘yicha ixtiloflar tufayli noyabr oyida moliya vaziri Kristian Lindnerni ishdan olgani ortidan ilgari surgandi. Lindner Erkin demokratik partiyaning lideri ham bo‘lib hisoblanadi. Shundan so‘ng koalitsiya tarqalib ketgan.
Endilikda Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer parlamentni tarqatib yuborishi lozim. Bu ishni amalga oshirish uchun uning ixtiyorida 21 kun bor, biroq mazkur qaror tez orada qabul qilinishi va muddatidan ilgari saylov 23-fevral kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.