Germaniyada “Islom davlati” (ID) terror tashkilotiga a’zolik, uni moliyalashtirish bo‘yicha tarmoqqa daxldorlik hamda Tashqi savdo to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda gumonlangan Rossiya fuqarosi Zelimxan D. hibsga olingan. Bu haqda Ozodlik radiosiga Germaniya Federal prokuraturasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Gumonlanuvchini hibsga olish bo‘yicha GFR bosh prokurori talabnoma kiritgan.
Hibsga olishga oid buyruqda rossiyalik shaxs 2022-yil avgustida avvalroq uning sheriklari tomonidan tashkil etilgan jinoiy birlashmaga qo‘shilgani aytilgan. Ularning maqsadi Germaniya va Yevropaning boshqa davlatlarida “Islom davlati”ni moliyalashtirish uchun mablag‘ yig‘ish bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlar orqali yig‘ilgan pullar, iddaoga ko‘ra, guruh a’zolarining kuryerlari vositasida xorijga yo‘llangan. Mazkur mablag‘lardan jihodchilar va “Islom davlati”ning kurd lagerlarida saqlanayotgan ayol a’zolarini dastaklash uchun foydalanilgan.
Tergov taxminiga ko‘ra, Zelimxan D. asosan Berlin hududida xayriya mablag‘larini yig‘ish ishini uyushtirgan va o‘rtadagi kassani o‘z tasarrufida tutgan. Uning yordami bilan jami 60 ming yevrodan ziyod mablag‘ yig‘ishga muvaffaq bo‘lingan.