Линклар

Шошилинч хабар
27 июл 2024, Тошкент вақти: 06:38

Gruziya parlamentida deputatlar mushtlashib ketishdi


Gruziya parlamentining yuridik qo‘mitasi majlisida “Fuqarolar” partiyasi lideri Aleko Elisashvili parlamentdagi ko‘pchilik vakili, “Gruziya orzusi” hukmron partiyasi liderlaridan biri Mamuka Mdinaradze bilan mushtlashib ketdi.

Voqea “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi qonun muhokamasi paytida sodir bo‘lgan. Mdinaradze bahsli qonun loyihasi yuzasidan “Lelo” partiyasi vakili Anna Nasvlishvili bilan munozara qilayotgan paytda Elisashvili minbar ortida turgan deputatning yoniga borib, yuziga musht tushirgan. Shundan so‘ng har ikki deputat majlislar zalini tark etgan. OAV vakillarining ma’lum qilishlaricha, deputatlar o‘rtasidagi mushtlashuv bino yo‘lagida davom etgan.

Keyinroq Aleko Elisashvili parlament binosini tark etib, jurnalistlarga quyidagilarni aytgan: “Men doim “Gruziya orzusi” bilan insonchasiga muomala qilishga uringanman, ular esa bizni Rossiya tomonga sudrab ketishmoqda… Hozir uyda o‘tiradigan payt emas. ko‘chaga chiqish kerak. Biz ularni “Rossiya qonuni”ga qo‘shib uloqtirib tashlashimiz kerak. Bularning hammasi jonga tegdi va men bu Rossiya agenti – Mdinaradzening yuziga boplab tushirdim”.

Deputatning iddaosiga ko‘ra, mushtlashuvdan keyin uni parlament binosidan chiqarib yuborishgan. Oradan yarim soat o‘tgach, yuridik qo‘mita majlisi qayta boshlagan. Qo‘mita raisi Anri Oxanashvili muxolifatga yuzlangan.

“Men bu yerda bo‘lgan barcha muxolifatchilar va huquq faollarini bu odamning qabihona qilig‘iga baho berishga chaqiraman. Agar kimdir bu holatni izohlamoqchi bo‘lsa, sizga imkon beraman. Bu yerda chiqaradiganingiz har qanaqa provokatsiyaga juda qattiqqo‘llik bilan javob beriladi”, deya bildirgan Oxanashvili.

Sodir bo‘lgan voqeani sharhlar ekan, Mamuka Mdinaradze Aleko Elisashvili uning yoniga “o‘g‘rilarga o‘xshab, pisib kelib”, yuziga musht tushirgani, bu esa “erkakcha ish bo‘lmagani”ni aytgan.

Eslatib o‘tamiz, Gruziya parlamentida shu kunlarda “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining muhokamasi boshlangan. Mazkur qonun tanqidchilari uning Rossiyadagi “Xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi bahsli qonundan ko‘chirma ekanini iddao qilishmoqda.

Bu qonunning qabul qilinishidan norozi bo‘lganlar 15-aprel oqshomida parlament binosi yonida “Yevropaga – ha, Rossiyaga qonuniga yo‘q, deymiz” deb nomlangan aktsiyani o‘tkazishlarini bildirishgan.

XS
SM
MD
LG